Sport | 11:06 / 14.09.2017
38657
4 daqiqa o‘qiladi

Firma ishchisidan prezidentlikkacha. O‘FFning yangi prezidenti haqida

Foto: Kun.uz

12 sentabr kuni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida o‘tkazilgan hisobot saylov konferensiyasida tashkilotga yangi rahbar saylandi. Unga ko‘ra, Umid Ahmadjonov O‘FFning yangi prezidentiga aylandi. Federatsiya matbuot xizmati yangi prezidentining tarjimai holini taqdim etdi.

Ahmadjanov Umid Mahamadjonovich 1977 yil 16 may kuni Toshkent shahrida tavallud topgan.

Millati o‘zbek. Ma'lumoti oliy. O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini imtiyozli asosda tugatgan. Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi deputati.

Mehnat faoliyatini 1995 yilda «Zenit» firmasida ishchi sifatida boshlagan. 1995-2001 yillarda «Ilmu Ziyod» xususiy korxonasida ishchi, keyinroq 26-sonli qurilish boshqarmasida ishchi hamda operator vazifalarida, shuningdek, Olimpiya Aktsionerlik Jamiyatida avtosanoat bo‘limi rahbari sifatida faoliyat olib borgan.

Ushbu yillardagi mehnat faoliyati davomidagi ishbilarmonligi hamda tashabbuskorligi, tashkiliy ishlar hamda boshqaruv sohasidagi bilim va tajribalari evaziga 2002 yilda O‘zbekiston nogironlar sport federatsiyasi Bosh kotibi lavozimiga tayinlandi. 2007 yilga kelib, dastlab O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiyatsiyasi Bosh kotibi hamda raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Ushbu tashkilotdagi faoliyati bilan birgalikda U. Ahmadjanov 2007 yildan e'tiboran O‘zbekiston Dzyudo Federatsiyasi raisi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Olimpiya Qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimlarida ham samarali faoliyat yuritdi. Umid Ahmadjanov ushbu tashkilotlardagi faoliyati davomida mamlakatda sport sohasining rivojlanishiga, shu jumladan, paralimpiya sportining rivojlanishida, mamlakat paralimpiyachilarining jahon arenalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ulkan hissa qo‘shdi.

Aynan uning Paralimpiya Assotsiyatsiyasidagi faoliyati natijasida O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasi 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan yozgi Paralimpiada o‘yinlarida tarixiy natijalarini qayd etdi. Ushbu Paralimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar jami 31 ta, shulardan 6ta oltin, 8 ta kumush hamda 17 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sporti tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.

U. Ahmadjanov olimpiya sport turlarining rivojlanishida, mamlakatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlarida samarali mehnat qildi. Uning sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari boshqaruvi tizimidagi bir necha yillik mehnati va faoliyati davomida sportchilarga zarur sharoitlarni yaratish ishlariga katta e'tibor berildi. U sport, ayniqsa, olimpiya hamda paralimpiya sport turlarining infratuzilmasini yaxshilashda bevosita ishtirok etdi.

Umid Ahmadjanovning sport federatsiyalari va assotsiatsiyalaridagi ko‘p yillik faoliyati va mehnati hukumat va jamoatchilik e'tiborini qozondi. Umid Mahamatjanovich Ahmatjanov 2017 yilning 12 sentabrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining yangi prezidenti etib saylandi.

Umid Ahmadjanov oilali, uch o‘g‘il va bir qizi bor.

Umid Ahmadjanov mamlakatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdagi, shuningdek, sport sohasini rivojlantirish va uni dunyoga tanitishdagi samarali mehnati, mamlakat sporti rivojiga ulkan hissa qo‘shgani uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid