Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Milliy bog‘ dushanbadan yopiladi, uning o‘rnida yangi bog‘ quriladi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i o‘rnida “zamonaviy hamda yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bog‘i” quriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 4 sentabr kungi qarorida aytiladi.
Loyiha qiymati 60 mln. dollar bo‘lib, uning investoriga Stargate Systems MChJ aylanadi.
Maydoni ko‘l bilan birga 20,79 gektarni tashkil qiluvchi bog‘, aholi, birinchi navbatda, yoshlarning “yuqori sifatli, jahon standartlari darajasidagi madaniy-ma'rifiy xizmatlarga” bo‘lgan ehtiyojini qondirishi lozim, deya ta'kidlanadi qarorda.
Loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, rekonstruksiya qilingan va zamonaviylashtirilgan yangi bog‘ har kuni 10 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, dushanba kunidan Milliy bog‘ yopiladi. 1 oktabrga qadar bog‘ hududidagi binolar buziladi, attraksionlar olib tashlanadi. 1 noyabrda esa bog‘ning shu hududi uzoq muddatli ijara uchun investorga beriladi. Ijara muddati loyiha yakunlangandan keyin 49 yilga teng bo‘ladi. Yangi bog‘ 2021 yilning 1 yanvar kunigacha foydalanishga topshirilishi kerak.
Yangi bog‘da amfiteatr, rangli favvora, attraksionlar va hordiq chiqarish uchun boshqa ko‘ngilochar obektlar quriladi.
Bog‘da ikkita “Amerika tepaliklari” attraksioni, ikkita bolalar avtodromi, interaktiv poyezd, labirint, syorfing bilan shug‘ullanish uchun sun'iy to‘lqinli suv inshooti, to‘rtta qo‘lga o‘rgatilgan delfin ishtirokidagi shou-dastur uchun delfinariy ochilishi kutilmoqda.
Xorijdan olib kiriluvchi qurilish materiallari, uskunalar, texnika, attraksionlar, audio va videoqurilmalar, delfinlar, qushlar, baliqlar va o‘simliklar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.
Mavzuga oid
14:52 / 22.05.2025
Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi tasdiqlandi
10:27 / 22.05.2025
Toshkentda YTHning oldini olish uchun 2 mlrd so‘m ajratiladi
08:07 / 12.05.2025
Vazirlar Mahkamasi binosi madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritiladi
13:54 / 01.05.2025