Jamiyat | 22:20 / 20.09.2017
22770
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning sobiq eng og‘ir vaznli ayoli yana tabassum qilmoqda

Foto: Supplied photo

Imon Ahmad Abdul Atiy to‘rt oycha ilgari yuk tashuvchi samolyotda Abu-Dabiga kelganidan buyon ancha vaqt o‘tdi. 

Qachonlardir 500 kilogrammdan ortiq vaznga ega bo‘lgan ayol hozir davolanish jarayonining ikkinchi bosqichida. Uni poytaxtdagi Burjyel shifoxonasida tibbiyotning turli yo‘nalishlarida faoliyat olib boruvchi 20 nafar mutaxassisdan iborat jamoa davolamoqda. GulfNews nashri shu haqidagi yangiligi bilan bo‘lishdi. 

Shifoxonaning bosh shifokori doktor Yassin Ash-Shahatning so‘zlariga ko‘ra, davolashning mazkur bosqichi to‘rt oygacha davom etishi mumkin. Unda vaznni kamaytirish va teri shaklini to‘g‘irlashga yo‘naltirilgan jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. 

Imon bir vaqtlar dunyoning eng og‘ir vaznli ayoli hisoblangan. Ayolni operatsiya qilish uchun Mumbaydagi shifoxonaga olib borishganida uning vazni 504 kilogramm bo‘lgan. 

Joriy yilning may oyida Imonni davolashning keyingi bosqichi uchun Abu-Dabiga ko‘chirishgan. 

"Imon davolanishni boshlaganidan buyon uning salomatligi ancha yaxshilandi, - deydi doktor Shamsher Vayyal. - Uni baxtli ko‘rganimizdan xursandmiz. Davolash muolajalari unga yaxshi ta'sir ko‘rsatmoqda", - qo‘shimcha qildi u. 

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, eng katta muammolardan biri Imonni imkon qadar normal hayot tarziga qaytarish bo‘lgan. 

"U kuchli depressiyadan aziyat chekkkan. Boz ustiga, falaj uni gapirish imkonidan mahrum qilgandi", - qo‘shimcha qiladi Ash-Shahat. 

Unda isitma, peshob yo‘llari infeksiyasi, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi va og‘ir degidratatsiya qayd etilgan, shu bilan birga uni oshqozon naychasi orqali ovqatlantirishga to‘g‘ri kelgan. Vaqti-vaqti bilan hushdan ketish holatlari esa ayolning psixik va psixologik holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan.

"Bundan tashqari, biz unda og‘ir aortal stenoz (yurak klapanlarining qisqarishi) borligini aniqladik, Imon Hindiston va Misrda davolanganida bu kasallik aniqlanmagandi", - deydi Ash-Shahat. 

Ayolning holatidan kelib chiqib, tibbiyot xodimlari jamoasi uch bosqichli davolash muolajalarini o‘tkazishga qaror qilishdi. 

Birinchi bosqichda asosiy e'tibor ayolning peshob yo‘llari infeksiyasi, ovqatlanish xususiyatlarini qayta tiklash va og‘izdan ovqatlanishga o‘tish, shuningdek psixologik reabilitatsiyaga qaratildi. Bundan tashqari intensiv fizioterapiya amaliyoti o‘tkazildi. 

Amaldagi ikkinchi bosqich ortiqcha yog‘larni olib tashlashga doir jarrohlik operatsiyalarini o‘z ichiga olgan. Bu Imonga elektron aravachada mustaqil harakatlanish imkonini beradi.

So‘nggi, uchinchi bosqich uzoq rejali bo‘lib, unga ayolning ahvoli barqarorlashgandan keyin kirishiladi. Unda Imonda aortal klapan operatsiyasi o‘tkaziladi va tos-son hamda tizza bo‘g‘inlarining holati yaxshilanadi. 

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Imon qo‘l va oyoqlarini harakatlantirib, ovqatlanish, suv ichish va o‘tirish kabi oddiy harakatlarni o‘zi uddalamoqda. Peshob yo‘llari va buyrak funksiyalari faoliyati qayta tiklangan. Ayol o‘zini yaxshi his qilmoqda. 

9 sentabr kuni Imon o‘zining 37 yoshligini maxsus sana sharafiga yetib kelgan onasi, opasi va jiyani bilan qarshi olgan. Uning xonasi chiroyli bezatilib, shifoxona xodimlari ham bayramga qo‘shilishgan.

"Bizning asosiy maqsadimiz - semizlikka qarshi kurashish, Imon bu kurashning timsoliga aylanadi. U sog‘ayib ketsa, umid qilamizki, semizlikka qarshi kurash elchisiga aylanadi va odamlarni yanada sog‘lom va baxtli bo‘lishga undaydi", - deydi bosh shifokor. 

Mavzuga oid