O‘zbekiston | 20:25 / 22.09.2017
48664
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston tashqi siyosati haqida fikr bildirishdi

22 sentabr kuni Toshkent shahridagi «​Miran International»​ mehmonxonasida xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida tashkil etilgan «O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasi doirasidagi tashqi siyosiy faoliyati» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotchi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari bilan bir qatorda AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Belgiya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Pokiston va Hindistondan tashrif buyurgan, jami 26 nafar ekspert ham ishtirok etdi.

Avvalambor, ushbu davra suhbati O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMTdagi ilk nutqi yangraganidan so‘ng tashkil etilishida alohida ramziy ma'no bo‘lib, endilikda O‘zbekistonning xalqaro maydonda ijobiy imijini ishlab chiqish, olib borilayotgan islohotlar bilan jahon hamjamiyatini xolisona tanishtirish kabi tashabbuslarning ko‘payishini taxmin qilish mumkin.

Toshkentga tashrif buyurgan Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar Palatasi vakili lord Muhammad Iltaf Shayxning aytishicha, mamlakatda o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng amalga oshirilgan ishlarga qarab baho berilsa, xalq mustaqil O‘zbekistonning siyosiy vorisini tanlashda adashmagan.

«​Keng jamoatchilik fikriga tayangan holda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi esa to‘g‘ri yo‘lda rivojlanishing xaritasi bo‘lib xizmat qiladi. Strategiyada qayd etilgan bandlar bo‘yicha tahlil qilsak, undagi tashabbuslar O‘zbekistonda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, huquqiy tizimni takomillashtirish, savdo va tadbirkorlik faoliyatini olib borishni yaxshilash, qishloq xo‘jaligi, xususiy mulk, ijtimoiy munosabatlar, ta'lim va tashqi siyosiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqishda amaliy tayanch bo‘la oladi»​, deb fikrini boshladi janob lord Muhammad Shayx.

U o‘z nutqi davomida O‘zbekiston tashqi siyosatida alohida iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga e'tibor qaratish lozimligini ta'kidlab, erkin konvertatsiya amaliyoti respublikaning barcha banklarida joriy etilganini e'tirof etdi. Shuningdek, tadbirkorlar huquqini himoya qilishda yaxshi mexanizm - biznes-ombudsman institutining tashkil etilishi xorijiy sarmoyadorlarda ham O‘zbekistonda ish olib borishga ishonchni orttirishga xizmat qilishini aytib o‘tdi. Muhammad Iltaf Shayx davra suhbati mobaynida o‘z so‘zlarining amaliy ifodasi o‘laroq, joriy yilning 18 noyabr kuni Londonda tashkil etilishi rejalashtirilgan O‘zbek-Britaniya Savdo va Sanoat kengashining navbatdagi konferensiyasida ikki tomondan ko‘plab tadbirkorlar hamda vazirlik mutasaddi vakillari ishtirok etishini bildirdi.

Davrada hozir bo‘lgan ekspertlar O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatda ustun bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi suvdan foydalanish va Afg‘onistonda barqaror tartibni o‘rnatish kabi masalalarni ijobiy hal etishda qo‘shni mamlakatlar hamkorlik qilishi kerak, degan fikrni ilgari surdi.

Britaniyalik mehmon bildirgan fikrga ko‘ra, har bir davlat o‘z demokratiyasini uzoq yillar davomida yaratadi. «O‘zbekiston bu masalani ta'lim jarayonlarini isloh qilib borishi bilan qurishiga ishonaman», deydi u.

Mavzuga oid