Sport | 10:00 / 24.09.2017
9990
2 daqiqa o‘qiladi

WBO chempioni Jozef Parker Xyui Fyurini mag‘lub etdi

Foto: Nick Potts/PA

Yangi zelandiyalik Jozef Parker Manchester shahrida mag‘lub bo‘lmagan og‘ir vaznlilar jangida britaniyalik Xyui Fyurini mag‘lub etdi. Jangga WBO’ning muntazam chempioni unvoni qo‘yilgandi. Jang 12 raund davom etgach, hakamlar g‘alabani amaldagi chempion Parkerga berishdi. Jang 114:114, 118:110, 118:110 hisobida yakunlandi, deb xabar bermoqda boxing-mma.com.

Foto: Alex Livesey/Getty 

Parker butun raundlar davomida ring markazini egallab, tajovuzkorona harakat qildi, ko‘proq zarbalar berdi va aniqroq bo‘ldi. Fyuri esa raqibiga ora-orada bir-ikkita zarbalar berib, qochishdan bo‘lak narsa qila olmadi. Tayson Fyurining ukasi chempionlik kamarini yutish uchun arzirli hech narsa qilmay, faoliyatidagi birinchi mag‘lubiyatni totdi.

Foto: Twitter

25 yoshli Parker 24-g‘alabaga erishdi, 23 yoshli Fyuri esa 20 ta g‘alabadan keyin birinchi mag‘lubiyatga uchradi.

Ta'kidlash joizki, jangdan oldin vazn o‘lchash vaqtida Fyuri janjal chiqargan.

Foto: Nick Potts/PA

Boks muxlislarini yaqin oylarda o‘ta og‘ir vazn toifasida yana ikkita katta jang kutmoqda. Ulardan birida WBA, IBF chempionlik unvonlari g‘olibi britaniyalik Entoni Joshua oktabrda bolgariyalik Kubrat Pulev bilan, ikkinchisida WBC chempioni, amerikalik Deontey Uaylder noyabrda kubalik Luis Ortis bilan jang qiladi.

Foto: Andrew Couldridge/Reuters

Mavzuga oid