Light | 01:04 / 29.09.2017
39938
8 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning sirli oroli - Guam

Guam — Tinch okeanining g‘arbiy qismidagi orol. Hududiy jihatdan Osiyoda joylashgan bo‘lsa-da, u Amerika hisoblanadi. Eng qizig‘i, u yerga borish uchun viza ham kerak bo‘lmaydi. Guamga yil bo‘yi sayyohlar tashrif buyuradi: bu yerda o‘nlab sohillar, o‘rganilmagan junglilar va bojsiz savdo bor. "Meduza" nashri Guam sayyohlik byurosi bilan birga bu orol haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

 

"Amerika kuni" Guamda boshlanadi

Foto: Guamning Rossiyadagi turistik byurosi

Guam Marian xandaqi bo‘ylab cho‘zilgan Marian orollari arxipelagiga kiradi. Guam AQSh hududining bir qismi hisoblanadi, shunday bo‘lsa-da, uni Amerika qit'asidan 11 500 kilometr ajratib turadi. Taqqoslash uchun: Yaponiyagacha - atigi 2 500 kilometr. Guamda yangi taqvimiy kun Shimoliy Amerikadagiga nisbatan 15 soat oldin boshlanadi, "Amerika kuni boshlanadigan joy" iborasi shundan kelib chiqqan. Masofa uzoqligiga qaramay, mahalliy aholi (asosan chamorro xalqi va filippinlar) Amerika fuqaroligiga ega, ingliz tilida erkin so‘zlashadi, AQSh dollari bilan hisoblashadi va 4 iyulda Mustaqillik kunini nishonlaydi. 2000-yillar boshidan Guamda turizm faol rivojlandi — orol ayniqsa yaponlar, koreyslar va AQSh qit'asi aholisi orasida mashhur.

 

Guam tarixi uzoq

Foto: Gianni Dagli Orti / REX / Vida Press

Guam orolidagi ferma, 1818 yilgi gravyura. Fransiyalik dengiz sayohatchisi va kartograf Lui de Freysinening dunyo bo‘ylab sayohati materiallaridan 

Taxminan miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikning o‘rtalarida Guam chamorrolar tomonidan egallandi, yevropalik ko‘chmanchilar esa bu yerga XVI asrning boshlarida — Fernan Magellan ekspeditsiyasi bilan kelishgan. Keyingi yuz yilliklarda Guam ispanlar tomonidan Meksika va Filippin o‘rtasidagi savdo yo‘lidagi tranzit nuqtasi bo‘lgan. Bu orada orol aholisining nasroniylashuvi hamda mahalliy va mustabid madaniyatning aralashuvi ro‘y beradi: chamorro xalqi ispan savdo nuqtalarida xizmat qilgan ispanlar, meksikaliklar, filippinlar bilan oilalar qurgan. XIX asr oxirida, Ispaniya-Amerika urushidan keyin Guam AQSh tasarrufiga o‘tgan. Hukmdorlarning tez-tez o‘zgarishi mahalliy aholiga o‘z til va an'analarini bugunga qadar saqlab qolishga to‘siq bo‘la olmadi. Madaniyatlarning murakkab "guldastasi" esa shaharlar me'morchiligi va mahalliy oshxonada o‘z aksini topdi.

 

Guamda havo harorati +25 darajadan sovuq bo‘lmaydi

Foto: Guamning Rossiyadagi turistik byurosi

May oyidan noyabrga qadar Guamda yomg‘irlar mavsumi kuzatiladi - davomli bo‘lmasa-da, tropik sellar ham bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham, bu mavsumda ham havo iliq va yoqimli. Dekabrdan may oyigacha esa, harorat +26, +27 daraja bo‘ladi. Oroldagi namlik 66 foiz atrofida.

 

Guam — sohillar va tabiiy qo‘riqxonalar oroli

Foto: Guamning Rossiyadagi turistik byurosi

Guam — bu nisbatan kichik hudud. Shunday bo‘lishiga qaramay, unda bir-biriga qarama-qarshi landshaftlar joylashgan: oq qumli sohillar, tog‘lar, sokin buxtalar va keng qirg‘oqlar. Sayyohlar orasida ayniqsa junglilar, qoyatoshli va sharsharali qo‘riqxonalar bo‘ylab sayohatlar mashhur. Guamda xayking uchun yo‘llar tarmog‘i bor: mahalliy aholidan iborat yo‘lboshlovchilar sayyohlarni hudud bilan tanishtirib, uning madaniy merosi, chamorro xalqining an'anaviy qishloqlari, latte toshlari va Ikkinchi jahon urushi voqea joylari haqida so‘zlab berishadi.

 

Guamda Ikkinchi jahon urushi yodgorliklari ko‘p

Fort Nuestra Senora-de la Soledad
Foto: Shutterstock

Ikkinchi jahon urushi yillarida Guam yaponlar tomonidan ishg‘ol qilingan, biroq 1944 yilda orol AQSh Dengiz kuchlari tomonidan tortib olingan. O‘shandan buyon u yerda obidalar, Milliy tarixiy park, qurol komplekslari, xizmat itlari qabristoni va urushning bizga ma'lum bo‘lmagan epizodlari haqida "so‘zlovchi" boshqa diqqatga sazovor joylar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, orolda Amerika harbiy bazasi joylashgan.

 

Guam — dayving maskani

Foto: Guamning Rossiyadagi turistik byurosi

Guam mintaqadagi eng dayvingbop joylardan biri hisoblanadi - bu yerda har qanday tayyorgarlik darajasi bilan suvga sho‘ng‘ish mumkin. Suv ostida nafaqat baliq va riflar, balki suv ostiga g‘arq bo‘lgan kemalarni ham ko‘rish mumkin. Bu yerda Apra bandargohi yonida 30 metr chuqurlikda Birinchi jahon urushiga tegishli nemis kreyseri va Ikkinchi jahon urushiga tegishli yapon kemasi bor. Yaqin orada esa dengiz faunasiga boy mashhur Moviy Oyna — tabiiy 100 metrli kon mavjud. Shuningdek Guamda parashyutdan sakrash va golf ham keng tarqalgan.

 

Guam — turli madaniyatlar oroli

Foto: Guamning Rossiyadagi turistik byurosi

Guam poytaxti Xagatnaning yonida an'anaviy qishloq joylashgan bo‘lib, bu yerda sayyohlar chamorro xalqi madaniyati, oshxonasi va turmush tarzi bilan tanishishadi. Mahalliy bozorda dengiz delikateslaridan tatib ko‘rish mumkin. Guamning markaziy qismida Ikkinchi jahon urushi izlari saqlanib qolgan: yapon qurol-yarog‘  komplekslari, Milliy tarixiy park va manzarali platformalar.

 

Guamda jungli, g‘orlar va sharsharalar bor

Foto: 
Design Pics Inc / Alamy / Vida Press

Buning uchun orolning janubiy qismiga borish kerak. U nisbatan sokin, biroq Guamga sohillar uchun keluvchi sayyohlar orasida mashhur. Bu yerda haqiqiy tropik junglilarda kezib, sharsharalar va g‘orlarni tomosha qilish, shuningdek bir vaqtlar Magellan ekspeditsiyasi qo‘nim topgan Umatak qishlog‘ini tadqiq qilish mumkin. Bundan tashqari, Guamning janubiy qismida Talofofo-bey qirg‘og‘i joylashgan bo‘lib, bu yerga har yili shamollar mavsumida yuzlab syorfingchilar tashrif buyurishadi.

 

Guam — bojsiz savdo zonasi

Foto: Guamning Rossiyadagi turistik byurosi

Bu yerda mahsulotlar uchun boj olinmaydi, ularning narxi ham ancha arzon. Orolda shopping markazi Tumon shahri hisoblanadi: u yerda yirik savdo ko‘chalari, autletlar va savdo markazlari bor. Dam olish kunlari sayyohlar Dededo qishlog‘iga mahalliy bozorni ko‘zdan kechirish uchun borishadi, chorshanba kunlari esa Chamorro qishlog‘ida Tungi bozor ishlaydi, u yerda esdalik sovg‘alari xarid qilish va mahalliy oshxona taomlaridan tatib ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid