Sport | 22:50 / 02.10.2017
15539
3 daqiqa o‘qiladi

6 sentabr Kurash kuni etib belgilandi

Foto: usport.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni Prezident rasmiy saytida keltirilgan.

Qarorda kurash milliy sport turini aholi, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida yanada rivojlantirish hamda ommalashtirish, o‘sib kelayotgan avlodda milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jahon sport maydonida yuqori natijalarga erishishni ta'minlash maqsadida 6 sentabr — Kurash milliy sport turi kuni sifatida belgilangan.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda kurashni yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi va tasdiqlashi belgilandi. Dasturda quyidagilar nazarda tutilishi lozim:

Nukus shahri va viloyat markazlarida kurash markazlari, har bir tuman va shaharda zamonaviy sport klublari va seksiyalarini tashkil etish;

kurash bo‘yicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlarni doimiy asosda tashkil etish va o‘tkazish;

kurash bo‘yicha respublika, xalqaro musobaqa va turnirlar ishtirokchilarining avtomatlashtirilgan ma'lumotlar bazasini joriy etish;

kurash yo‘nalishi bo‘yicha oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalariga qabul kvotalarini oshirish;

mazkur sport turi bilan shug‘ullanish uchun jahon standartlariga javob beradigan «yaktak» sport kiyimlari va «kurash gilam»larini ishlab chikarishni tashkil etish;

kurashni, shu jumladan, reklama kampaniyalarini o‘tkazish va ijtimoiy roliklarni namoyish etish orkali ommalashtirish bo‘yicha media-reja ishlab chiqish.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi kurashni «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va «Universiada» sport o‘yinlari dasturiga o‘rnatilgan tartibda kiritilishini ta'minlashi belgilandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston kurash federatsiyasining O‘zbekiston kurash federatsiyasi huzurida «Kurash milliy sport turi markazi» nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish va Toshkent shahar, Korxojaota ko‘chasi, 25-uy manzili bo‘yicha joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Mavzuga oid