Jahon | 21:00 / 10.10.2017
15582
3 daqiqa o‘qiladi

Bill va Hillari Klinton nima sabab arazlashib qolishdi?

Foto:AP Photo / Carolyn Kaster

Klintonlar juftligi AQSh prezidentligiga sobiq nomzod, Demokratik partiya vakili Hillari Klintonning kitobi sabab arazlashib qolishdi. Unda Klinton xonim o‘z mag‘lubiyatini izohlashga harakat qilgan. Page Six oila haqidagi qator kitoblar muallifi Klinton Edvard Klyaynga asoslanib, shu haqida ma'lum qildi. 

Noshirga qo‘lyozmani jo‘natishdan avval Hillari uni o‘qib chiqish uchun turmush o‘rtog‘iga bergan. Bill unga qizil qalam bilan qator tuzatishlar kiritgan. "Hillari uning tuzatishlarini hatto o‘qib ham chiqmagan, Bill bundan shu qadar g‘azablanganki, butun bir qo‘lyozmani chiqindi qutisiga tashlab yuborgan", - deydi oilaning yaqin do‘sti.

Bill ayoliga kitobda uning shaxsi g‘azabnok va holdan toygandek aks etganini, bu esa jahon yetakchisi lavozimini ko‘zlagan insonga xos bo‘lgan fazilatlar emasligini aytgan. Bundan tashqari, sobiq prezidentga kitobning nomi ham yoqmagan - "Nima bo‘ldi?". Uning fikricha, o‘quvchilar bu savolga juda oddiy javob berishlari mumkin: "Sen mag‘lub bo‘lding".

Bill turmush o‘rtog‘iga nashrni biroz kechiktirib, qo‘lyozmani qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan, biroq Hillari unga baqirib, kitob tugagani va aynan shunday ko‘rinishda chiqishini aytadi. Kitob nashr yuzini ko‘rganidan keyin sobiq prezidentning unga bo‘lgan nafrati yanada kuchaydi: "Nima bo‘ldi?"ni qo‘llab-quvvatlash turnesi davomida Hillari Klinton aybni rossiyalik xakerlar, FRB sobiq direktori Jyeyms Komi va unga ovoz bermagan ayollarga ag‘darishga ulguradi. 

Oktyabr oyi oxirida chiqadigan Klinton va Tramp haqidagi yangi kitobda Klyayn saylovlardan bir oy oldin Bill Hillariga yutkazayotganini, AQShning O‘rta G‘arb va Sharqiy qirg‘oq qismidagi shtatlardagi saylovchilarni o‘zi tomoniga jalb qilishi kerakligini aytib ogohlantirganini ta'kidlaydi. O‘shanda u erining ogohlantirishlariga e'tibor bermagan va uning adashayotganini aytgan, deyiladi maqolada. 

Billning tanqidi va Hillarining fikricha, "hamdardlik yetishmasligi" tufayli er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar ancha yomonlashgan. "Ular bir necha oydan beri gaplashishmaydi, do‘stlari va advokatlari orqali suhbatlashishadi", - deydi oilaning do‘sti.

Shunday bo‘lishiga qaramay, ham Hillari, ham Billning vakillari Klyaynning bayonotlarini rad etishgan, deyiladi Page Six'da.

Mavzuga oid