Jamiyat | 11:30 / 16.10.2017
15487
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston noshirlari Turkmaniston mustaqilligining 26 yilligiga sovg‘a tayyorlashdi

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillari asosida rivojlanmoqda hamda o‘zbek-turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalari yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari barqaror rivoj topayotgani, bunda madaniy sohadagi rishtalar muhim o‘rin tutmoqda, jumladan 2017 yilda “Do‘stlik va birodarlik yo‘llarimiz kengaysin!” Turkmaniston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tishi, 2017 yil 18 mayda Toshkent shahrida ulug‘ turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli nomidagi ko‘cha va me'moriy yodgorlik o‘rnatilishi O‘zbekiston va Turkmanistonning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratilayotganligining yaqqol isboti bo‘ldi.

Xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik borasida olib borilayotgan amaliy tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan turkman xalqining ulug‘ shoiri, adabiy tili asoschisi, barcha xalqlar tomonidan she'rlari va dostonlari sevib o‘qiladigan, otashnafas shoir Maxtumquli-Firog‘iyning asarlari turkmanchadan o‘zbekchaga tarjima qilinib nashr qilindi.

Turkmanistonning o‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va O‘zbekistonda yashayotgan turkman xalqi vakillari ishtirokida yuksak ma'naviyat xazinasi, jahon adabiyoti durdonasi bo‘lgan shoir Maxtumquli-Firog‘iyning “Saylanma” kitobining taqdimoti 2017 yil 17 oktabrda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid