Jamiyat | 09:52 / 18.10.2017
30369
3 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya tog‘larida joylashgan "bitkoinlar maxfiy bunkeri"dan fotojamlanma

Britaniyalik jurnalist Jun Yan Von Shveytsariya tog‘larida joylashgan maxfiy bunkerda bo‘ldi. Bu yerda "Xaro" kompaniyasi mijozlarning bitkoinlari kriptografik kalitlarini saqlaydi.

Bu noodatiy ombor tog‘ ichiga o‘yib qurilgan sobiq harbiy bunkerda joylashgan. Uning joylashgan o‘rni sir saqlanadi va unga kirish bondianadagi yovuz qahramonlar havas qilsa arzigudek xavfsizlik choralari bilan cheklangan.

"Xaro"ga argentinalik tadbirkor Venses Kasares tomonidan asos solingan, u Argentinadagi birinchi bitkoinchi va multimillioner hisoblanadi.

Jurnalistga omborda saqlanuvchi bitkoinlarning pul ko‘rinishidagi qiymati qanday miqdorni tashkil qilishi aytilmadi, biroq gap millionlab dollar haqida ketayotganiga ishora qilindi. Jurnalist kriptoxavfsizlikni ta'minlashda bank usullarini qo‘llash zarurligini biroz hazildek qabul qildi.

Sobiq harbiy bunker 1947 yilda qurilgan, sovuq urush vaqtida armiyaning maxfiy shtabi bo‘lib xizmat qilgan. Bunker ichida eski xaritalar va radioelektronika saqlanib qolgan.

Omborga kirish uchun jurnalist suratga tushib, barmoq izlarini topshirishiga hamda u ta'riflagandek, "inson ushlagich" qurilmasidan o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Bu qurilma o‘q o‘tmaydigan silindr bo‘lib, operator ichkaridan eshikni ochmaguncha, kirish tomondagi eshik qulfloq bo‘ladi. Jurnalist ombor ichida bir nechta po‘lat eshiklardan va qoya ichida o‘yib chiqilgan yuz metrlik yo‘lakdan o‘tgan. Yo‘lak oxirida unga ikkita qizil eshik ko‘rsatilgan. Ombor ishchilarining aytishicha, bu eshiklar yadro portlashiga ham dosh bera oladi. Jurnalistga bu eshiklarni joyidan siljitib ko‘rish taklif qilingan, biroq u buning uddasidan chiqa olmagan.

Ushbu omborni "Xaro" xavfsizlik xizmati boshlig‘i Karlos Riyentsi tanlagan. Uning vazifasi bunker ichidagi ma'lumotlarni "yaxshi moliyalashtiriluvchi terrorchilik guruhlari va xakerlar" hujumidan himoyalash hisoblanadi.

Ombor xonalari orasida "sovuq xona" deb ataluvchi xona bor. U yerga hattoki operatorlarga kirish taqiqlangan. Bu xona po‘lat plitalar bilan o‘ralgan. Ular xona ichida saqlanuvchi ma'lumotlarni yo‘q qila oladigan eelektromagnit ta'sirdan himoyalaydi. Bu xonaning apparaturasi hech qachon internetga ulanmaydi.

"Biz kuniga 24 soat, haftasiga 7 kun hujumga uchrash holatida turamiz. Bu poyga emas. Bu shaxmat o‘yini. Siz raqibning keyingi yurishini oldindan bilishingiz kerak. Siz hech qachon o‘zingizni bemalol his qilolmaysiz, doimo shay holatda bo‘lishingiz kerak", deb aytmoqda Riyentsi.

Foto: Quartz
Foto: Quartz
Foto: Quartz
Foto: Quartz

Mavzuga oid