Sport | 19:20 / 23.10.2017
43886
4 daqiqa o‘qiladi

Stadion suxandoni Igor Sergeyevni haqoratlashi «Buxoro»ga qimmatga tushdi

Foto: Championat.Asia

Oliy Liga 25-tur doirasidagi «Buxoro» hamda «Paxtakor» klublari o‘rtasidagi uchrashuvda yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar  sababli «Buxoro» klubi 55 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

O‘FF matbuot xabariga ko‘ra, ushbu uchrashuvda yuz bergan mojaroli vaziyatlar yuzasidan 23 oktabr kuni O‘zPFL yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda, «Buxoro» – «Paxtakor» uchrashuvida yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar, ya'ni futbol uchrashuvi vaqtidagi tartibning to‘liq ta'minlanmagani, «Buxoro» futbol klubi rasmiy xodimlarining belgilangan tartib-intizom va qoidalarga to‘liq rioya etmagani, shuningdek, uchrashuv rasmiylarining xavfsizligi yetarli darajada ta'minlanmagani kabi holatlar o‘rganib chiqildi. Majlisda videoyozuvlar, uchrashuv nazoratchisi hamda O‘zPFL vakilining bildirgisiga asosan, O‘zbekiston yarim havaskor va yarim professional futbol klublari o‘rtasidagi musobaqa reglamenti, Tartib-intizom Kodeksi 5-modda, 4-bo‘lim, 5.57 bandiga asosan «Buxoro» klubiga nisbatan jarima qo‘llash haqida qaror qilindi.

Unga ko‘ra, «Buxoro» klubi yarim havaskor va yarim professional futbol klublari o‘rtasidagi musobaqa Reglamenti 5-modda, 1-bo‘lim, 5.4 bandiga asosan 20 mln so‘m, 5-modda, 1-bo‘lim, 5.6 bandiga asosan 5 mln so‘m, 5-modda, 1-bo‘lim, 5.9 bandiga asosan 10 mln so‘m, 5-modda, 1-bo‘lim, 5.10 bandiga asosan 10 mln so‘m, 5-modda, 2-bo‘lim, 5.36 bandiga asosan 10 mln so‘m va yuqoridagi bandlarga asosan umumiy 55 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Shunga o‘xshash vaziyat yana takrorlanadigan bo‘lsa, klubga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rilishi bilan bir qatorda, «Buxoro» futbol klubi o‘z maydonidagi uchrashuvlarni muxlislarsiz yoki neytral stadionlarda o‘tkazishi haqida qattiq ogohlantirildi.

Video: «Buxoro» stadioni suxandoni Igor Sergeyevni haqorat qildi

21 oktabr kuni «Buxoro» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasida kechgan, mehmonlar jamoasining 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuv vaqtida Buxorodagi stadion suxandoni toshkentliklar jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev almashtirilgan vaziyatda uni ochiqchasiga haqorat qilgan, futbolchini «Igor Babayan» deya tanishtirgandi. Shundan so‘ng, uchrashuv komissari, PFL vakili Sherzod Rajabov suxandonni tartibga chaqirganida u qo‘polligini davom ettirgan.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Liga o‘yinlari doirasida shunga o‘xshash holat biroz avvalroq ham kuzatilgandi. O‘shanda «Paxtakor» Namanganda mahalliy «Navbahor» mehmoni bo‘lgan va 0:2 hisobida yutqazgandi. O‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida muxlislar ham matbuot anjumani zaliga kirib olishgan, ular mehmonlar ustozi Shota Arveladzening hamiyatiga tegadigan savollar berishgan va yakunda nizo kelib chiqqandi.

«Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mojaro kelib chiqqan

Shundan so‘ng, namanganliklar klubi rahbariyati ichki yig‘ilish o‘tkazib, klub matbuot kotibini ishdan bo‘shatib yuborish bilan chora ko‘rgandi.

PFL esa ushbu mojaro tufayli «Navbahor»ga nisbatan intizomiy choralar qo‘llagan va 10 million so‘m miqdorida jarimaga tortgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid