Jamiyat | 12:29 / 23.10.2017
53536
5 daqiqa o‘qiladi

Vazir o‘rinbosari: «Bog‘cha bolalarni saqlab turish shoxobchasi emas​»

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida 3-7 yoshda bo‘lgan 2,3 million bolaning 31 foizigina maktabgacha ta'lim muassasalari tomonidan qamrab olingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shu sohaga e'tibor qaratib, Maktabgacha ta'lim vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Yangi vazirlik rahbariyati tez fursatda xalq bilan muloqotga kirishishni boshladi.

«Oldimizga qo‘yilgan vazifalar yuksak, albatta, biz buni amalga oshirishimiz lozim. Birinchidan, bog‘chadagi tarbiyalanuvchi bolalar har tomonlama sog‘lom o‘sishi uchun talab etiladigan sharoitni yaratishimiz lozim. Bu bolaning jismonan sog‘lom bo‘lishi bilan birga dunyo qarashini kengaytirish, tanqidiy fikrlashini o‘stirishga oid masala, degani. Ikkinchidan, umummilliy dastur sifatida barcha maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalarni MTMga qamrab olishimiz shart. Buning uchun davlat sherikchiligidagi bog‘chalar qurilishi, uzoq va aholi ko‘p yashaydigan tumanlarda yangi davlat bog‘chalari yoki xususiy MTMlarni qurishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, alohida imtiyozlar bilan xorijiy sarmoyadorlarni MTM sohasini rivojlantirishga chorlab qolamiz. Buning uchun tegishli davlat tashkilotlari bilan muvofiq faoliyat olib borgan holda, bo‘sh va foydalanishda bo‘lmagan binolarni tadbirkorlarga taqdim etishimiz mumkin», deydi vazir Agrepina Shin.

Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Gulchehra Yo‘ldoshevaning aytishicha, turli shakldagi MTMlarning tashkil etilishi sifat va raqobatni oshirish bilan bir qatorda, ota-onalarga tanlov imkoniyatini taqdim etadi. «Ya'nikim, musiqa yoki sport, undan tashqari xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan turli xususiy, davlat sherikchiligidagi xususiy MTMlar tashkil etiladi. Shu bilan birga davlat maktabgacha ta'lim muassasalarining ham sifatini oshirishga harakat qilamiz», deb fikr bildirdi u.

«Biz tez orada 5-6 yoshli bolani MTMga jalb etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturini qabul qilmoqdamiz. Bundan buyon, to‘liq kun davomida, ya'ni 9 soat atrofida ishlab turgan MTMda qisqa muddatli tariflar paydo bo‘ladi. Bu nima degani? Avvalambor, bola uchun qiziqarli va maroqli ta'lim sharoitini yarata olish bilan birga, uning 4 soat vaqtini mazmunli o‘tishini ta'minlaymiz. Maqsad bitta - maktab yoshiga yaqinlashib qolgan bolalarni katta ta'limga tayyorlash. Endi bog‘cha bolalarni saqlab turish shoxobchasi emas, balki unga ta'lim berish maskani ekanini unutmaylik. Ayrim yosh ota-onalar haligacha talaba yoki tushgacha o‘z ishi bilan band bo‘ladi. Qolaversa, ba'zi ota-onalar farzandining uyda parvarishlanishiga odatlanib qolgan, bizning maqsad esa ularning ham talabini qondirib, bolaning ijtimoiy hayotda faol bo‘lishiga erishishdir. Shuningdek, qisqa muddatli tarifdan foydalanuvchi ota-onalar cho‘ntakbop to‘lov evaziga MTM xizmatidan foydalanishi mumkin», deydi vazir o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov.

Kun.uz muxbirining «MTMda shu kungacha mavjud bo‘lib kelgan pul yig‘imlariga, xodimlarning hasharlarga jalb etilishiga qanday munosabat bildirasiz», degan savoliga vazir o‘rinbosari Gulchehra Yo‘ldosheva javob berdi:

«Albatta, yangi vazirlik tashkil qilingan paytdagi birinchi vazifamiz - haqiqiy ahvolni tahlil qilish hamda kelgusi rejalarni tuzib olishdan iborat. Pul yig‘im masalalari yuzasidan ota-onalarning ham biz bilan hamkorlik qilishini, o‘z huquq va majburiyatlarini anglagan holda ish tutishini so‘raymiz. MTMda tarbiyachi va enagalarning hashar hamda obodonlashtirish ishlariga jalb etish masalasiga kelsak, o‘ylaymanki, bunday muammolar endi kamayadi», dedi u.

Vazirlik rahbariyati kelgusida 3 yoshdan kichik bolalar qisqa muddatli tarifdagi MTM xizmatidan foydalanishi mumkinligini, shuningdek, yosh chegarasi o‘zgarishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, ayni paytda MTMga tarbiyalanuvchilar 3-6 yoshda qabul qilinadi.

Mavzuga oid