Sport | 15:40 / 26.10.2017
26596
16 daqiqa o‘qiladi

Zidanni nima kutmoqda? Yulduz murabbiy bo‘lolmagan murabbiy-yulduzlar

«Real» bosh murabbiyi va Fransiya futboli afsonasi Zaynidin Zidan FIFA talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e'tirof etildi va birinchi bo‘lib ham futbolchi, ham murabbiy sifatida ushbu sovringa ega chiqdi.

Futbol murabbiyligi va futbolchilik bir biridan butunlay farqli bo‘lgan ikki soha deb aytilsa-da, murabbiylik bilan asosan sobiq futbolchilar shug‘ullanishi turli solishtirmalarga zamin yaratadi. Masalan, yulduz futbolchilarning keyinchalik, yaxshi murabbiy bo‘la olmasligi haqida gaplar bor. Hatto ko‘p top-murabbiylar zaxira o‘rindig‘ida o‘tiraverib, murabbiylik tajribasini to‘playdilar, degan hazilomuz gaplar ham yo‘q emas. Albatta, bu biroz mubolag‘a, aslida har qanday sohada istisnolar ham, ma'lum qoidalar ham amal qiladi. Masalan, yulduz futbolchilar kamligi uchun ham, ularning keyingi faoliyatlari hammaning ko‘z o‘ngida bo‘ladi, aslini olganda, yaxshi murabbiy bo‘la olmagan yomon futbolchilar ham tiqilib yotibdi, to‘g‘rimi?

Keling bu mavzuga chuqurroq yondashamiz va keyinchalik, murabbiylik bilan shug‘ullangan futbol yulduzlariga nazar tashlaymiz. Albatta, shunchaki futol yulduzlari emas, haqiqiy afsonalar haqida boryapti gap.

«KeChIRASIZ, ADAShIB TUShDINGIZ!»

Avvalo, eng osoni, katta davrlarni o‘z nomi bilan yoritgan, o‘z davri yulduzlari ichida ham yorqinroq charaqlab, futbol tarixida chuqur iz qoldirgan nomlarga to‘xtalamiz. Bu nomlarga qaraganimizda, boyagi iddao isbotlanayotgan bo‘ladi, rostan ham, ulardan yaxshi murabbiy chiqmas ekan. 

PeLe

Futbol qiroli faoliyatining so‘nggi yillarida terma jamoada, keyinroq, AQSh klubida salkam o‘ynovchi-murabbiydek harakat qilgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik kutgan ish sodir bo‘lmadi – Pele murabbiy sifatida futbolda qolishni istamadi. Hozirchaga o‘zining buyukligini ta'kidlab, bugungi kun yulduzlari bilan solishtirishni yaxshi ko‘radigan Pele balki o‘z tajribasini shu tariqa qizg‘angandir.

Asosan siyosat bilan shug‘ullangan futbol qiroli keyinroq, 2006-2008 yillarda u murabbiylik sohasiga ham qiziqib ko‘rdi va hatto «Santos»ning murabbiylar shtabidan joy ham oldi. Ammo bu ishga jiddiy bel bog‘lashni istamadi chog‘i. 

FeReNTs PUShKASh

50-yillarning eng buyuk to‘purari Vengriya terma jamoasidan tashqari, 15 klubda murabbiylik qilib ulgurgan, buning uchun uch qit'ani aylangan. Ammo faqat Gretsiya chempionligini aytmaganda, «pichoqqa ilinarli» sovrin qo‘lga kirita olmagan.

43 yoshida «Panatinaikos»ni Yevropa Chempionlar Kubogi finaligacha olib borganida, balki butun dunyo yangi top-murabbiy paydo bo‘layotgani haqida gapirgandir, bilmaymiz, ammo uning keyingi murabbiylik faoliyati juda kamtarona kechdi va uni faqat buyuk futbolchi sifatida yodga olamiz.

EYSeBIO

Agar 60-yillarda ijtimoiy tarmoqlar bo‘lganida Eysebio kuchlimi yoki Pelemi degan mavzudagi tortishuvlarga to‘lib ketardi. Futbolchi sifatida mana shunday cho‘qqiga chiqa olgan portugaliyalik futbol yulduzining murabbiylik sohasidagi urinishlari o‘xshamadi, aniqrog‘i, uning o‘zi ham bu yo‘nalishga u qadar jazm etmagani ham shubhasiz.

Eysebio bir necha «Benfika»ning turli yoshdagi bolalar jamoalariga murabbiylik qilib yurgan xolos. Bu sohadagi uning yutuqlari sirasiga 90-yillardagi futbol yulduzi Rui Koshtaning tarbiyalab berganini qo‘shish mumkin.

DIYeGO MARADONA

Yulduz futbolchilardan yaxshi murabbiy chiqmaydi, degan fikrni quvvatlash uchun aynan Diyego Maradonani misol keltiradilar. Yuqorida sanab o‘tilgan afsonalar baribir, o‘zlarini kamtar tutgan bo‘lishsa-da, Maradona o‘sha davrning eng kuchli terma jamoalaridan biri va tarkibida dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi bilan jahon chempionatiga tashrif buyurgandi. Shuning uchun uning muvaffaqiyatsizligi ko‘proq esga olinadi.

JCh-2010 dagi Argentina terma jamoasi futbolchilari Maradonani o‘z murabbiylari sifatida qabul qila olishgan bo‘lsa-da, katta o‘yinga munosib taktik bilimlari yetmagandek tuyuldi va turnirni yirik mag‘lubiyat bilan tugatdi. Shuningdek, Rikelme bilan, va yana yordamchi murabbiylar, federatsiya xodimlari bilan janjalli hodisalar haqida ham ma'lumotlar tarqaldi.

Diyego Maradona shundan so‘ng arab davlatlariga borib murabiylik bilan shug‘ullana boshladi, lekin buni albatta, tom ma'nodagi yoki yuksak saviyadagi murabbiylik deyishga til bormaydi. 

«BO‘LDI, BOShQA ChIDOLMAYMAN»

Bu hammasi emas. Aslida har ikki sohada ham birdek yaxshi ishlay olgan nomlarni ham topish uchun ham uncha qiyin bo‘lmadi. Lekin bilasizmi, ularni ham bir jihat birlashtirib turar ekan. Murabbiylik faoliyatini ham xuddi futbolchilikdek yorqin boshlagan yulduzlar uzoq vaqt bu sohada qola olmas ekanlar. Futbolchi sifatida qiyinchiliklarni yengib, deyarli tanqid qilinmaydigan maqomga chiqib olgan shaxsiyatlar uchun, barchasini boshqatdan boshlash, turli bosimlarga dosh berish qiyinroq bo‘lishi mumkinligidanmikin, bilmadim. Dastlabki sinovlar, dastlabki qiyinchiliklar ularni sohani tark etishlari uchun kifoya bo‘lar ekan. Masalan:

MISheL PLATINI

80-yillardagi Yevropa futboli yulduzi JCh-90 aralash bahslaridagi muvaffaqiyatsiz startdan so‘ng, Fransiya terma jamoasini qo‘liga oldi. Jamoa mundialga chiqa olmagan bo‘lsa-da, bunda Platinining aybi yo‘q edi, chunki u kelgucha, fransuzlar ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchrab bo‘lishgandi.

Yevro-92 saralash o‘yinlarida esa, Fransiya Platini qo‘l ostida barcha o‘yinlarni g‘alaba bilan yakunladi va hatto World Soccer uni 1991 yilda dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb e'lon qildi. Ammo Shvetsiyadagi final bosqichida fransuzlarda chinakam futbol yulduzlari yetishmadi. Ular guruh bosqichida Daniya va Shvetsiyadan ortda qolib, erta uyga qaytdilar. Shundan so‘ng, Platini murabbiy sifatida boshqa hech qayerda ishlamadi.

FRANTs BAKKeNBAUER

Kayzer Frants har ikki sohada ham muvaffaqiyatli bo‘la olgan oz sonli insonlardan biri. Yevro-84 dan so‘ng, u Germaniya terma jamoasini qabul qilib oldi va to Italiya-90 dagi chempionlikkacha ulkan ishni amalga oshirdi. Keyin esa, klublar futbolida avval «Olimpik» bilan Fransiya, keyin esa, «Bavariya» bilan Germaniya chempioni bo‘ldi. Uning hisobida 1996 yilda «Bavariya» bilan qo‘lga kiritilgan UYeFA kubogi sovrini bor.

Ammo u bu yutuqlarga 51 yoshgacha erishdi, shundan so‘ng u bu faoliyat bilan shug‘ullanishni istamadi. Murabbiylik uchun eng maqbul bo‘lgan yoshlarda u asosan futbol funktsioneri, sport direktori lavozimlarida ishladi. 

YOHAN KROYF

Pele yoki Maradona kabi qirollar o‘z davri uchun eng yuqori cho‘qqilarni zabt etgan bo‘lishsa, Yohan Kroyfni ko‘pchilik kelajak futbolini namoyish qilgan deb eslashadi. Maydonda yangi amplua va taktik pozitsiyalarni yarata olgan Kroyfning keyinchalik, murabbiy bo‘lmasligini taxmin qilish qiyin edi.

Kroyf «Ayaks» va «Barselona» klublarini boshqarib, hammasi bo‘lib 15dan ortiq turli sovrinlarni yutib oldi, ayniqsa uning «Barselona»dagi «orzular jamoasi» haligacha eslanadi, uning yozib ketgan daftarlarini o‘qib, zamonaviy futbolda bir qancha muvaffaqiyatli jamoalar tashkil qilingan.

Lekin Kroyf ham xuddi Bekkenbauer singari, murabbiylik sohasida ko‘p qolmadi. 49 yoshida faoliyatini yakunlab, to 2016 yilda vafot etgungacha asosan axborot vositalarida ekspert sifatida ko‘rinib yurdi.

EH, TO‘QSONINChI YILLAR

Endi to‘qsoninchi yillar yulduzlariga murojaat qilamiz. Terma jamoalar o‘yinlari chekinib, klublar futboli uloqni ilib ketdi. Qandaydir boshqacha davr. Ommaviy axborot vositalarining yangi bosqichga qadam qo‘ygan davrida futbol ham butunlay boshqa dunyoga kirib qoldi. Shu tufaylidir balki, bu yillarda matbuotda haddan tashqari erkin bo‘lgan, og‘ir xarakterli futbolchilar toifasi ko‘paydi. O‘sha davr yuduzlaridan haqiqiy ma'nodagi top-murabbiy chiqishiga ishonish qiyin edi shundoq ham. Natija ham shunga yarasha. 

XRISTO STOIChKOV

O‘zining og‘ir xarakteri bilan ham mashhur bo‘lgan futbol yulduzi, Bolgariya futboli afsonasi, tabiiyki, bunday kichikroq mamlakatlarga xos tarzda, murabbiylik faoliyatini birato‘la terma jamoadan boshladi. 2004-07 lardagi faoliyat u qadar esda qolarli kechmadi. Hozirgi paytdan farqli ravishda, o‘shanda bolgarlar Berbatov, Petrov kabi yulduz futbolchilarga ega bo‘lishsa-da, saralashlardan o‘ta olishmadi. Stoichkov keyingi faoliyatini «Liteks», TsSKA kabi mahalliy klublarda davom ettirdi, bir muddat «Rostov»da prezident maslahatchisi bo‘lib ham ishladi. Undan qanday maslahatlar chiqishini taxmin qilishdan o‘zimizni tiyamiz. 

GeORGI XAJI

Xajini Stoichkovning ruminiyalik nusxasi deb bemalol aytish mumkin. U ham xuddi Stoichkov kabi, ishni Ruminiya terma jamoasining bosh murabbiyligi lavozimidan boshladi. Ruminlar JCh-2002 saralash o‘yinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchrashgach, iste'foga chiqarildi.

Shundan so‘ng, Turkiyadagi va Ruminiyadagi bir qancha urinishlar Xajiga futbolchilik davridagi obro‘sining yuzdan birini ham olib kelmadi.  

RUUD GULLIT

Sarlavhada Ruud Gullit ismi yozilgan bo‘lsada, shuningdek, Marko van Basten, Janfranko Zola kabi sobiq futbolchilarni ham shu toifada eslash mumkin.

1988 yilgi Yevropa chempioni futbolchilik faoliyatini yakunlagan «Chelsi»ni boshqarib, uch yilda Angliya kubogi bilan kifoyalandi xolos. To‘g‘ri, «xolos» deb oshirib yubordik, o‘sha «Chelsi»ni bugungisi bilan solishtirish noo‘rin. «Chelsi» undan keyin bir qator kattaroq va muhimroq kuboklarni qo‘lga kiritdi, ammo murabbiy Gullit uchun o‘sha sovrin haligacha yagonaligicha qolmoqda. 

ROBeRTO BADJO

Italiya futboli afsonasi 2010 yilda Italiya futbol federatsiyasining texnik direktori lavozimiga tayinlanib, unga mamlakat terma jamoalarini va yosh futbolchilarni nazorat qilish mas'uliyati topshirilgan. 2011-12 yillarda u murabbiylik kurslarida tahsil olib, eng yuqori miqyosda ham murabbiylik qilish imkonini beruvchi UEFA Pro litsenziyasiga ega bo‘ldi. Ammo bu hujjat hozircha «chang bosib yotibdi».

 

OSIYoLIK FUTBOL YuLDUZLARI

Osiyo yulduzlari nafaqat terma jamoa yoki klublar bilan xalqaro maydonda g‘alaba qozonish, balki, bu lavozimga yaqin kelishlarining o‘zi ham juda kamyob hodisa. Chunki yetakchi terma jamoalar asosan chet ellik tajribali mutaxassislarga murojaat qilishni ma'qul ko‘rishadi. Faqatgina Ali Dayining murabbiylik faoliyatini ozmi-ko‘pmi bilamiz –u bir marta Eron chempioni bo‘lgan, bir yil mamlakat terma jamoasini boshqargan, tamom.

Yana bir sababni koreyalik futbol yulduzi Pak Ji Sunning shu mavzudagi yaqinda bildirgan fikrlari ochiqlab beradi: «Ba'zida murabbiylarning ishlashiga qarab turib, men hech qachon bu vazifani uddalay olmasam kerak deb o‘yladim. Murabbiylik uchun nafaqat bilimlar, balki yetakchilik qobiliyati va futbolchilarni boshqara olish san'ati ham juda zarurdir».

Ya'ni Osiyo yulduzlari futbol faoliyatini yakunlab, o‘zlari yulduz sanalgan mamlakatlariga qaytishni istashmadi va ko‘pincha Yevropada qolishdi. Tabiiyki, Yevropada oddiy futbolchi sanalgan bu yulduzlarning top-klublarni boshqarishlari ilojsiz.  

 

O‘ZBeK FUTBOLI YuLDUZLARI

GeNNADIY KRASNITsKIY

20-asrdagi o‘zbek futbolining eng yaxshi futbolchisi 1970 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagach, avvaliga «Traktor»da, keyin esa, yordamchi murabbiy sifatida «Paxtakor»da faoliyat olib bordi. Hatto 1976 yilda Bashashkin iste'foga chiqarilgach, mavsum oxirigacha bosh murabbiy vazifasini ham vaqtincha bajardi, ammo o‘sha yili ham «Paxtakor» oliy ligaga qaytish vazifasini uddalay olmadi.

Uning «Yangiyer» va «Zvezda» («So‘g‘diyona») jamoalaridagi faoliyati ham esda qolarli bo‘lmagan.

BIRODAR ABDURAIMOV

Yana bir futbolimiz afsonasini 80-yillar oxirida, bir necha yildan beri oliy ligaga qayta olmayotgan «Paxtakor»ni boshqarishga taklif qilishgandi. Ammo Abduraimov bu vazifani uddalay olmadi.

Mustaqillikdan so‘ng, Birodar aka bir necha jamoalarda faoliyat olib borgan bo‘lsa-da, u insonning asosiy va yagona yutug‘i sifatida Xirosimani eslash mumkin. Ko‘pchilikning aytishicha, Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan o‘sha terma jamoada Abduraimovning roli bosh murabbiy Rustam Akramovdan kam bo‘lmagan ekan.

MIRJALOL QOSIMOV

Qosimov deyarli o‘n yildan beri bu sohada ishlab kelayotgan bo‘lsa-da, uning murabbiy sifatidagi eng yorqin yillari oldinda kutib turgandek tuyulaveradi. «Bunyodkor» bilan ikki marta Osiyo chempionlar ligasi chorak finali, terma jamoa bilan Osiyo kubogi chorak finali va jahon chempionati saralashida pley-off bosqichigacha yetib borgan Qosimov biroz tanaffusdan so‘ng «Bunyodkor»da yana ish boshladi va aytish mumkinki, qisqa fursatda jamoa natijalarini barqaror ko‘rinishga olib kelib qo‘ydi. Uning murabbiylik faoliyati ham futbolchiligi kabi yorqin bo‘lishi uchun hali imkoniyat bor va biz futbol afsonamizga omad tilab qolamiz.

BONUS:

Endi, odam chaqirish uchungina Zidanni qo‘shdingizmi, deydiganlar uchun, sarlavha haqqini ado etib qo‘yamiz. Yuqoridagi tajribalardan kelib chiqib, aytish mumkinki, Zaynidin Zidan juda muvaffaqiyatli murabbiy bo‘ladi. Bo‘lib bo‘ldi ham. Ya'ni Zidan birinchi toifa emasligini isbotlab bo‘ldi. Ammo uning bu sohadagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmasligini taxmin qilish mumkin. «Real» murabbiyini hozircha yuqoridagi bo‘limlar ichida «boshqa chidolmayman» toifasiga qo‘shishimiz mumkin. Menimcha, bir yoki ikki muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng, Zidanni futbolning boshqa lavozimlarida ko‘ra boshlasak kerak.

 

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid