O‘zbekiston | 13:00 / 27.10.2017
24171
3 daqiqa o‘qiladi

Human Rights Watch O‘zbekistondagi so‘nggi o‘zgarishlarni tahlil qildi

Human Rights Watch tashkiloti O‘zbekiston Respublikasida oxirgi 7 oy davomida yuz bergan o‘zgarishlarga tahliliy baho berdi. 25 oktabr kuni tashkilot saytida e'lon qilingan hisobotda aytilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bir qator ijobiy o‘zgarishlarga yetaklovchi islohotlar boshlab berilgan.

«Jahon bo‘ylab eng uzoq muddat qamoqxonada saqlangan jurnalist Muhammad Bekjonovning ozod etilishi - mamlakatdagi vaziyat qay tarafga o‘zgarayotganini bildiradi», deyiladi xabarda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarini tadqiq etuvchi HRW xodimi Stiv Sverdlovning fikricha, O‘zbekiston endilikda inson huquqlarini himoya qilish, boshlangan islohotlarni barqaror mustahkamlanib borishini ta'minlashi zarur. Sverdlov bundan tashqari, «ayni davrda mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi epoxa»​ boshlanganini ta'kidlagan.

Tashkilot o‘z hisobot matnida 2017-2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasi dasturida inson huquqlarini himoya qilish darajasi xalqaro me'yorlarga tenglashtirilishi haqida so‘z yuritilganini olqishladi. Shuningdek, mustaqil sud hokimiyati, iqtisodiyotni erkinlashtirish, qonun ijodkorligini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqish - erkin fuqarolik jamiyatini qurish sharti ekani yana bir bor eslab o‘tildi.

Oktyabr oyining o‘zida jurnalist Solijon Abdurahmonov, muxolifat faoli Muhammadali Qoraboyev, inson huquqlari faollari A'zam Farmonov, G‘anixon Mamatxonov ozod etilgani sohadagi o‘zgarishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Umumiy hisobda o‘tgan yildan buyon ana shunda mahkumlarning eng kamida 15 nafari ozodlikka chiqarildi.

Mamlakatda OAV erkinligi va mustaqilligi borasida so‘z yuritib, HRW «O‘zbekiston 24» telekanali ishga tushirilishi, jonli ko‘rsatuvlar tanqidiy ruhdagi efir materiallarini namoyish etishga to‘xtalib o‘tdi. Mahalliy OAV nashrlari, xususan Kun.uz e'lon qilayotgan materiallar tanqidiy bo‘lib borayotganini alohida ta'kidlangan.

Hukumat BBC o‘zbek xizmatining faoliyatini qaytadan boshlashga ruxsat bergan, shuningdek, xalqaro darajadagi nufuzli nashrlar bilan hamkorlikni rivojlantirimoqda. Misol uchun, yoz oylarida The Wall Street Journal muxbirining O‘zbekistonga kelishi, maqola tayyorlashi uchun imkoniyat berilgan. Oktyabr oyida esa OSCE Media forumi tashkil etildi.