O‘zbekiston | 11:00 / 30.10.2017
218173
3 daqiqa o‘qiladi

Ikki viloyat hokimi va prokurori ishdan olindi

Toshkent viloyati hokimi Shukrullo Boboyev va Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqov prezident tomonidan ishdan olindi. «Kun.uz» manbalarining ma'lum qilishicha, bugun, 30 oktabr tongida bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda ushbu hokimlar lavozimdan ozod etilgani haqida ma'lum qilingan.

Hokimlarning ishdan olinishiga 2017 yilgi paxta mavsumida ushbu viloyatlarda hosil qo‘shib yozishga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgan. 

Shukrullo Boboyev

Xuddi shu sabab bilan Toshkent viloyati prokurori Jamshid Fayziyev hamda Jizzax viloyati prokurori Azimjon Ergashev lavozimdan ozod etilgan.

«Kun.uz» manbasining ma'lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatida paxta hosili qo‘shib yozilishi 12 foiz bo‘lgan. Ma'lumot uchun, Respublika viloyatlarida 2017 yil hosilidan paxta xomashyosi tayyorlash to‘g‘risidagi ma'lumotnomaga ko‘ra, 28 oktabr kuni Toshkent viloyatida paxta rejasi 82,98 foizni tashkil etayotgandi. Bu vaqtda Jizzax viloyatida ko‘rsatkich 83,44 foiz edi. Bu viloyatda qancha paxta qo‘shib yozilgani noma'lum.

Ishdan bo‘shatilgan hokimlar va prokurorlarning harakatlari yuzasidan surishtiruv ishlari boshlangan.

Shuningdek, mavsumda paxta topshirish rejasini birinchilardan bo‘lib bajargan Xorazm viloyati hokimi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariga ham shu masalada e'tirozlar bildirilgan.

Endilikda, Toshkent viloyatiga G‘ulomjon Inomovich Ibragimov hokim vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi. U o‘tgan yilning dekabridan buyon bosh vazir o‘rinbosari edi (Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari).

Foto: G‘ulomjon Ibragimov

Ergash Alibekovich Soliyev Jizzax viloyatining yangi rahbari bo‘ldi. Jizzax politexnika institutining sobiq rektori oxirgi yillarda Arnasoy tumani hokimi bo‘lib ishlayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, uzoq yillar davomida  Vazirlar Mahkamasi qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi masalalari axborot-tahlil departamenti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan Ulug‘bek Uzoqov 2016 yilning dekabrida Jizzax viloyatiga hokim etib tayinlangandi.

Azimjon Ergashev esa viloyat prokurori sifatida 2017 yilning martidan ish boshlagandi.

Shukrullo Boboyev ham 2016 yilning dekabr oyida Toshkent viloyatiga hokim etib tayinlangan, lekin u o‘tgan vaqt davomida bir necha marta prezident tomonidan tanqid qilingandi.

Mavzuga oid