Fan-texnika | 18:45 / 30.10.2017
11753
2 daqiqa o‘qiladi

Tokio avtoko‘rgazmasida haqiqiy transformer avtomobil namoyish etildi

Foto: hi-news.ru

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tayotgan avtomobil ko‘rgazmasida ko‘plab yangi transport vositalari namoyish etildi. Biroq ulardan biri tashqi ko‘rinishi bilan boshqalarini “soyasida qoldirdi”. Toyoda Gosei firmasi tomonidan ishlab chiqilgan kontsept kelgusida o‘z korpusining dinamik o‘zgarishidan kelib chiqqan holda xavfsizlik standartining yangi me'yorlarini ilgari surishi mumkin. Gap shundaki, uning kuzovi turli vaziyatlarga qarab shaklini o‘zgartira oladi. 

Foto: hi-news.ru

Masalan, kichkinagina garajga mashinani qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, bir tugmachani bosish kifoya. Mashina o‘z hajmini kichraytiradi. Katta ko‘chaga chiqqanda, aksincha, boshqa mashina bilan bexosdan to‘qnashib ketganda jiddiy talofat ko‘rmaslik yoxud ehtiyotsiz piyodani jarohatlardan imkon qadar asrash uchun avtomobil o‘lchamlarini yiriklashtirish mumkin.

Avtomobilning tashqi qoplamasi elastik materialdan yasalgan bo‘lib, u shaklini o‘zgartira oladi. Kontseptning ichki qismiga ham deyarli shu material bilan ishlov berilgan. Bu, o‘z navbatida, yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan chog‘da haydovchi va yo‘lovchini o‘rab olish yoki dovonda qulay uxlab olish imkonini beradi. 

Albatta, bu mashina seriyali ishlab chiqariladimi, yo‘qmi, aytish mushkul. Chunki Toyoda Gosei avtomobil ishlab chiqarish bilan umuman shug‘ullanmaydi. Kompaniya yangi polimer materiallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, yorqin misollarda taqdim etishga o‘rganib qolishgan. 

Umuman olganda, kompaniya vakillari 2030 yillarga kelib, shunday mashinalarni ishlab chiqishda hech qanday to‘siq ko‘rmayotganlarini bildirishdi, deb yozadi hi-news.ru

Mavzuga oid