Jahon | 18:15 / 03.11.2017
17943
6 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlardagi qaysi reklamalar Rossiya tashviqoti ekani aniqlandi

Foto: AP

Amerika Kongressida Rossiyaning AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashuvi yuzasidan ikkinchi eshituvlar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Facebook vakillari Rossiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgani ehtimol bo‘lgan reklama roliklarini namoyish qilishdi. Tadqiqotchilarning fikricha, Facebook va Instagram tarmoqlaridagi minglab akkauntlar Amerika saylovlariga doir reklamalarni xarid qilishgan hamda shu yo‘l bilan saylovga aralashgan. 

TJ sayti tadqiqotchilarning fikricha, amerikalik saylovchilarga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan reklamalar ro‘yxatini tuzib chiqdi. 

Qoratanlilar huquqi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ushbu ijtimoiy reklamada politsiyachilar bilan otishmada yoki qamoqda saqlanayotgan vaqtda halok bo‘lgan uch nafar qoratanlining surati aks etgan. Ularning o‘limi Black Lives Matter tashkilotining ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. 

Reklama 2015 yil iyulida «Feysbuk»ka joylangan bo‘lib, Jorjiya, Merilend, Missuri va Virjiniya shtatlarida istiqomat qiluvchi 18 yoshdan kattalarga mo‘ljallangan. Reklama 200 mingdan ortiq foydalanuvchi tasmasida paydo bo‘lgan, uni 12 mingga yaqin foydalanuvchi yoqlagan. Reklamaga 915 dollar sarflangan.

Politsiyachilarni o‘ldirish

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Reklama suratida halok bo‘lgan hamkasbiga hurmat bajo keltirayotgan politsiyachilarni ko‘rish mumkin. Unga berilgan izohda sharqiy Bostondagi otishma yodga olinadi. O‘shanda ikki politsiyachi va Black Lives Matter faoli halok bo‘lgan edi. Reklama so‘ngida Demokratik partiya nomzodi Hillari Klintonga «politsiyachilarga qarshi zo‘ravonliklar tarafdori» deb baho beriladi va Donald Tramp «politsiyachilarni terrorchilardan muhofaza qila oladigan yagona inson» ekani aytiladi.

Reklama «Feysbuk»da 2016 yil oktabrda paydo bo‘ldi. U 3362 kishining tasmasida ko‘ringan, unga 761 kishi e'tibor qaratgan. Reklama qiymati 8,56 dollar.

Trampga qarshi mitinglar

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Trampning prezidentlik saylovida g‘alabasidan keyin bir kun o‘tgach joylashtirilgan e'lon Nyu-York aholisini saylangan prezidentga qarshi mitingga chiqishga chorlaydi. Reklama 2016 yil 10 noyabrda «Feysbuk»ka joylangan bo‘lib, 18 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lganlarga yo‘naltirilgan. Reklama faqat Nyu-Yorkda yoki uning atrofida bo‘lganlarga namoyish qilingan. U 188 kishining tasmasida paydo bo‘lgan, 26 kishi tugmachani bosgan. Xarajati 2 dollardan sal kamroqni tashkil etgan. 

Hillari Klintonning korrupsiya faoliyati

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

E'londa Berni Sandersning Bill va Hillari Klintonlarning «Klinton fondi» notijorat tashkilotini tanqid qiluvchi bayonoti keltiriladi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, bu jamg‘arma xorijiy davlatlar, xususan avtoritar rahbarlardan mablag‘lar olgan bo‘lishi mumkin. Reklama posti yakunida «Shunday ekan, nima uchun shuncha odam uning uchun ovoz berishga bormoqda?», — deyiladi. 

Mazkur reklama 2016 yil iyunda ijtimoiy tarmoqda paydo bo‘lgan. U Berni Sandersni qo‘llab-quvvatlovchi 18-65 yoshdan katta bo‘lganlarga qaratilgan. Reklama 1938 foydalanuvchining yangiliklar tasmasida paydo bo‘lgan. 222 kishi tugmacha bosgan. Qiymati 8,56 dollarni tashkil etgan.

O‘qotar qurollar muammosi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Unda qurollangan katta kishi va yosh bola tasvirlangan. Uning pastki qismida — «Biz farzandlarimizni aynan shunday voyaga yetkazishimiz kerak. Bu zo‘ravonlikka chaqiriq emas, balki ishonch va o‘zini himoya qila olishining namoyishidir». Bu reklama Instagramda 2016 yil aprelda paydo bo‘lgan va Donald Tramp faoliyatiga qiziqish bildirgan 13-65 yosh va undan kattalarga mo‘ljallangan. Reklama 108 ming kishining tasmasida namoyish etilgan, unga 857 foydalanuvchi tugmacha bosgan. Xarajati 297 dollar.

Klinton va Tramp qarama-qarshiligi

Foto: Reuters

Bu reklama Hillari Klintonni «shayton»ga qiyoslaydi va Donald Tramp uchun ovoz berishga chaqiradi. «U avliyo emas, ammo hech bo‘lmaganda, mamlakati haqida qayg‘uradigan rostgo‘y odam», — deyiladi matnda. 

Bir dollardan sal qimmatroq reklama 2016 yil oktabrda 71 foydalanuvchining tasmasida e'lon qilingan. 

Texas shtatining AQSh tarkibidan chiqishi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

E'lon Texas shtati aholisini «o‘g‘ri» elitani qat'iy ravishda inkor etishga chaqiradi. 

«Keling, ularga Texas nimadan tashkil topganini eslatib qo‘yamiz, ularga ajralib chiqishga tayyorligimizni ko‘rsatib qo‘yamiz», — deb yozilgan reklama matnida.

2016 yil oktabrida e'lon qilingan reklama qiymati 55 dollar atrofida. U Heart of Texas (Texas yuragi) sahifasini yoqtirganlar tasmasida paydo bo‘lgan. Bu 16 ming foydalanuvchi demakdir. 

Amerikalik askarlarning xorijdagi urushlarda halok bo‘lishi 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Reklama suratida amerikalik askar tobuti ustida yig‘layotgan ayol surati aks ettirilgan. Uning «Nima farqi bor» sarlavhasi Hillari Klintonning 2012 yilda Beng‘ozidagi Amerika elchixonasiga hujum uyushtirilgani bo‘yicha o‘tkazilgan eshituvlarda aytgan so‘zidan olingan. 

«Hillari Klinton (bu yerda ham Killary deb qo‘llanilgan) hech qachon — ona vatan uchun sevimli kishisini yo‘qotish nima ekanini anglamaydi?», — deb ta'kidlangan suratda.

U 18-65 yosh va undan katta bo‘lgan va Vetnam, Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar faxriylarining faoliyatiga qiziqqan barchaga yo‘naltirilgan. Reklama 17654 kishining yangiliklar tasmasida paydo bo‘lgan, 53 dollarlik reklamaga 517 kishi e'tibor qaratgan.  

Mavzuga oid