O‘zbekiston | 21:10 / 03.11.2017
20644
20 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xalq tabobatining huquqiy holati qanday?

Inson hayoti uchun zarur sohalardan biri - sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Binobarin, istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda aholining malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va ijtimoiy himoyaga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash, shuningdek, tibbiy xizmatlarning sifatini yaxshilash uchun tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, sog‘lom avlodni tarbiyalash, sog‘liqni saqlash tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga mos tarzda isloh etish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

Bugungi kunda fuqarolarga sog‘liqni saqlashning davlat va nodavlat tashkilotlari tizimi tomonidan ko‘rsatiladigan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi kafolatlanganiga qaramasdan, aholining tabiblarga murojaatlari soni kundan-kunga ortib bormoqda. Shunga mos ravishda tabibchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar soni ham ko‘paymoqda.

Huquqiy muammo: tabiblar haqida qonunlarda biror qoida bormi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning eng asosiy huquqlari belgilab berilgan bo‘lib, uning 40-moddasida “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega“ ekanligi kafolatlangan. Malakali tibbiy xizmat esa 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida belgilanganidek, sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu normada “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashning davlat, xususiy va boshqa tizimlari yig‘indisidan iborat yagona sog‘liqni saqlash tizimi amal qiladi” deb belgilab qo‘yilgan.

Demak, aholiga ko‘rsatiladigan har qanday tibbiy xizmat birinchidan, malakali bo‘lishi kerak, ikkinchidan, yagona sog‘liqni saqlash tizimi nazorati doirasida amalga oshirilishi kerak. Bu amaldagi qonunchilikning talablaridir.

Shunday ekan, masalaga huquqiy jihatdan yondashadigan bo‘lsak, tabiiy ravishda ikkita savol tug‘iladi. Birinchisi, xalq tabobati bilan shug‘ullanayotgan tabiblarning xizmatlari malakalimi? Va ikkinchisi, xalq tabobati yagona sog‘liqni saqlash tizimida huquqiy e'tirof etilganmi?

Yuqorida keltirilgan savollar doirasida masalaga tahliliy-huquqiy  yondashish natijasida bir qator dolzarb va yechimini yillar davomida kutayotgan ijtimoiy-huquqiy muammolar borligi ma'lum bo‘ldiki, bu muammolarni faqat sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish va takomillashtirish orqali hal qilish mumkinligi quyida isbotlandi.

Birinchi savol doirasida yondashadigan bo‘lsak, bugungi kunda xalq tabobati sohasida faoliyat olib borayotgan tabiblarning xizmatlarini malakali deyishga huquqiy jihatdan haqqimiz yo‘q. Boisi, bu sohada faoliyat yuritayotgan tabiblar xizmatlari malakaliligini baholovchi yagona mezonning o‘zi mavjud emas. Soddaroq tilda aytganda, sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunchilikda tabiblarga xalq tabobati bilan shug‘ullanish va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning malakali bo‘lishi talablari umuman mavjud emas.

Ikkinchi savol doirasida yondashadigan bo‘lsak, mamlakatimizda amal qiladigan yagona sog‘liqni saqlash tizimida xalq tabobati huquqiy baholanmagan va bu tizimda xalq tabobati tan olinmaydi.

Umumiy qilib aytganda, sohani tartibga soladigan amaldagi qonunchilikda xalq tabobati, tabib, degan so‘zlarni qidirib topa olmaysiz. Go‘yoki bunday faoliyat (soha) mavjud emas va jamiyatda unga o‘rin yo‘q.

Biroq, xalq ichida xalq tabobati bilan bog‘liq munosabatlar “qaynab yotibdi”. Hech bir chek-chegarasiz o‘z holida, o‘zining tabiiy qonuniyatlari asosida yashab va rivojlanib kelmoqda.

Nahotki, shu paytga qadar qonunchilikda xalq tabobatiga munosabat bildirilmagan bo‘lsa, deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q bunday emas. Sohani tartibga solishga qaratilgan ayrim qonunlarda xalq tabobati va tabiblik faoliyati o‘z aksini topgan. Keyinchalik, ayrim sabablarga ko‘ra xalq tabobatiga oid normalar birin-ketin chiqarib tashlangan. Masalan, 2007 yilda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunning 1-moddasi 3-bandiga asosan 11-modda birinchi qismining o‘zbekcha matnidagi «tabobat» degan so‘z «tibbiyot» degan so‘z bilan almashtirilgan.

Nega bunday qilingan degan savolga keyinroq to‘xtalib o‘tamiz.

Masalan, 1996 yil 29 avgustda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, davlat sog‘liqni saqlash tizimi huquqiy jihatdan yanada takomillashtirildi. Ushbu Qonunning 2006 yil 10 oktabrgacha amalda bo‘lgan tahririda xususiy tibbiyot amaliyoti bilan shug‘ullanish huquqi deb nomlangan 42-moddasida “Oliy yoki o‘rta maxsus tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplom va tanlagan faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olgan shaxslar xususiy tibbiyot amaliyoti, shu jumladan tabiblik (xalq tabobati) bilan shug‘ullanish huquqiga ega” ekanligi belgilab qo‘yilgan edi. Keyinchalik ayrim sabablarga ko‘ra, qonundan ushbu norma butunlay chiqarib tashlandi[1].

Biroq, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning hozirda amalda bo‘lgan tahririning 44-moddasi “O‘zbekiston Respublikasi shifokorining qasamyodi” deb nomlanib, “Shifokor diplomini olayotgan shaxslar quyidagi mazmunda: ....Buqrot, Abu Ali ibn Sino singari ulug‘ tabiblarning shonli an'analarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman” degan normagina amalda xolos.

Nega xalq tabobatiga doir normalar sohaga oid qonunchilikdan chiqarib tashlangan degan savolga javob tariqasida, qonunchilik tashabbusiga ega bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari bu masalaga shunday izoh berganligini ko‘rishimiz mumkin. “Biz xalq tabobatiga oid masalalar juda katta kompleks masala ekani hamda bu sohada juda ko‘p qarama-qarshi savollar va muammolar ko‘payib ketgani bois eng oson yo‘lni tanlab qo‘ya qoldik, ya'ni qonunchilikdan xalq tabobatiga oid barcha normalarni chiqarib tashladik, ana shu bilan xalq tabobatining huquqiy maqomi o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘ldi”.

Xalq tabobatining tarixi va buguni

Qadim Sharqda bemorlarni asrlar osha tabiblar davolab kelishgan. Lekin oddiy tabiblar ham, buyuk hakimlar ham sun'iy usulda dori-darmon tayyorlashni xayollariga keltirishmagan. Kimyoviy preparatlar kasalliklarni davolashning yagona vositasi emasligini hech kim inkor eta olmaydi. Chunki, har bir mamlakatning o‘z xalqiga tegishli tabobati mavjud bo‘lib, ular ishlatgan malhamlarning 70-80 foizi shifobaxsh o‘simliklardan olingan, qolganlari hayvonlar va ularning mahsulotlardan, ozgina qismi esa tabiiy ma'danlardan tayyorlangan. Eng muhimi, insonlar sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfsiz bo‘lgan. Inson hayotining xavfsizligi esa har narsadan ustundir.

Hozirgi kunda Xitoy, Yaponiya, Vetnam, Koreya, Laos, Malayziya kabi o‘nlab mamlakatlarda xalq tabobatiga davlat maqomi berilgan. Masalan, Xitoyda tibbiy xizmatning 40 foizidan ortig‘i tabiblar tomonidan ko‘rsatiladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (VOZ) o‘tgan asrning oxirgi yillarida xalq tabobatini chuqur o‘rganish va bu sohadagi tadqiqotlarni yanada kengaytirish bo‘yicha bir nechta qaror qabul qilgan. Binobarin, xalq tabobati 5 ming yildan buyon aholi salomatligini yaxshilashga xizmat qilib kelmoqda. Bas, shunday ekan, uning samarali usullaridan xalqimiz salomatligi yo‘lida foydalanishni huquqiy jihatdan ta'minlash, o‘zbek xalq tabobatiga huquqiy maqom berish dolzarb masala ekanligini unutmasligimiz kerak. Agar inson uzoq umr ko‘rishni xohlasa, xalq tabobatining mutlaqo bezarar bo‘lgan tabiiy dori vositalaridan foydalanishi kerak. Qolaversa, O‘zbekistonda xalq tabobatining siyosiy-huquqiy va iqtisodiy jihatdan ta'minlanishi yangicha tibbiy madaniyatning ommalashuviga yordam beradi.

O‘zbekistonda Xalq tabobatining maqomini belgilashda avvalo mamlakatimiz xalqlari tarixi va madaniyatining ajralmas qismi sifatida baholanib, tibbiyot fanining har ikkala yo‘nalishining uyg‘unlashuvi va tizimli ishlashini ta'minlash bosh omil sifatida qaralishi lozim bo‘ladi.

Dunyo tibbiyotiga ulkan hissa qo‘shgan shifokor, olim va faylasuf Abu Ali ibn Sinoning bashariyatga qoldirgan boy merosini chuqur o‘rganish, buyuk vatandoshimiz tavallud topgan tuproqda uning ta'limotlarini, ota bobolarimiz qoldirgan boy ilmiy-amaliy merosni qayta tiklab, va zamonaviy bilimlar bilan boyitib xalqimiz sog‘ligini mustahkamlash yo‘lida qo‘llashning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish kechiktirib bo‘lmas masaladir.

Xalq tabobati nima uchun kerak?

To‘g‘ri, biz ko‘pincha zamonaviy tibbiyot yutuqlariga suyanamiz va ularga qattiq ishonamiz. Bu tabiiy hol. Chunki o‘ta murakkab operatsiyalar, ko‘zlarni davolash, mitti chaqaloqlarni yurak xastaligidan qutqaruvchi jarrohlik amaliyotlari, dunyo ahlini lol qoldirayotgan siam egizaklari operatsiyalari rosmana mo‘'jiza sanaladi. Ammo hayotda shunday voqealar ham ro‘y beradiki, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Masalan, kuchli ta'sirga ega dori-darmonlar uzoq vaqt qabul qilinsa, organizmni holdan toydiradi. Ba'zilari bir xastalikka shifo bo‘lgani holda organizmning boshqa a'zosiga putur yetkazadi Kundalik hayotda bunday holatlar ko‘p kuzatiladi.

“An'anaviy xalq tabobatini o‘zida mujassamlashtirgan, integratsiyalashgan meditsina – kelajak meditsinasidir” – deydi Prof. Umberto Solimene[2].

Bugungi kunda dunyo xalqlari aholisining 50 dan 80% gacha xalq tabobati xizmatidan foydalanib kelmoqda. Yevropa aholi qarishi muammosiga duch kelmoqda. Bu esa surunkali kasalliklar o‘sib borishiga tasir qilmoqda. Bunday vaziyatda davolash xarajatlarini kamaytirish va samaradorlikni oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan xalq tabobatigina davlatga ko‘maklashishi mumkin bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy meditsina va xalq tabobatini uyg‘unlashgan tizimini yaratish lozim. Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti sobiq bosh direktori Margaret Chen ta'biri bilan aytganda: “Sog‘liqni saqlash tizimida xalq tabobati va zamonaviy meditsina o‘zaro to‘qnashuvi shart emas, balki samarali va uyg‘unlashgan holda hamkorlik qilishi, har bir tizim o‘zining eng yaxshi elementlaridan oqilona foydalangan holda, bir-birining kamchiliklarini to‘ldirishi lozim”. Toki, fuqarolar o‘z salomatliklarini asrashda biri ikkinchisini to‘ldiradigan har ikkala tizimdan unumli foydalansin.

Diplomli yoki soxta tabib? Ular kimlar?

Xalq tabobati bevosita insonlarning sog‘lig‘i va hayotiga daxldor masala bo‘lsada, milliy sog‘liqni saqlash tizimida huquqiy jihatdan e'tirof etilmagan.

Biroq, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 44-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi shifokorining qasamyodi” berilgan bo‘lib, “Shifokor diplomini olayotgan shaxslar quyidagi mazmunda: Buqrot, Abu Ali ibn Sino singari ulug‘ tabiblarning shonli an'analarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman” degan so‘zlarni uchratish mumkin.

Xalq tabobati bilan bog‘liq munosabatlar bugungi kunda huquqiy tartibga solinishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birgalikda, inson salomatligini muhofaza qilish va tiklash bilan bog‘liq har qanday faoliyat yuqori malakali tibbiyot mutaxassislar tomonidan olib borilishi lozimligini hech kim inkor etmaydi. Xalq tabobati faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan “tabib”lar tabiiyki, tibbiyot sohasidagi mutaxassislar emas. Ularning aksariyati tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplomga ega emas. Hattoki, bir uxlab turib “tabibga aylanib qolgan”lari ham yo‘q emas. Ayrim, xalq tabobati faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarning tibbiy ma'lumotga egaligini tasdiqlovchi diplomlari bor. Bunday shaxslar ilgari tibbiyot sohasida xizmat ko‘rsatgan shaxslar bo‘lib, nafaqaga chiqqanlaridan so‘ng “tabibchilik” qilishga bel bog‘lagan shaxslardir. Sababi, nazorat qilinmaydigan va daromadi soliqqa tortilmaydigan serdaromad faoliyat turi ular uchun “tabibchilik” faoliyatidir. Albatta ular “Diplomli tabiblar”dir. Biroq, amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplomga ega ekani fuqarolarga “tabiblik faoliyati” bilan shug‘ullanishga huquq bermaydi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qonun hujjatlarida tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplomga ega bo‘lgan shaxslarga xalq tabobati faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etilmagan. Tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplomga ega bo‘lgan shaxslarga bu faoliyat bilan shug‘ullanish biroz qulayroqdir. Har holda umuman tibbiy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslarga nisbatan ular tomonidan xalq tabobati bilan shug‘ullanish haqiqatga yaqinroqdir. Axir tibbiy ma'lumot olganlarida bu an'anani davom ettirishga qasamyod qabul qilganlar. Bunday “diplomli tabiblar”ning soni bugungi kunda mamlakatimizda juda ham ko‘p uchraydi. Tibbiy ma'lumot to‘g‘risida diplomga ega bo‘lmagan “Tabiblar” esa avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan xalq tabobati ananalari asosida xalq tabobati usullari va dori vositalari, dorivor giyohlar yordamida davolash ishlarini olib borayotgan shaxslardir. Ularni xalq orasida “Ota meros” tabib deb atashadi.

Albatta, hozirgi paytda "soxta tabib" degan gaplar tez-tez uchrab turadi. Tabibning soxta yoki haqiqiyligini, agar peshonasiga yozib qo‘ymagan bo‘lsa, bilish mushkul ishdir. Boisi, hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida xalq tabobati sohasining huquqiy maqomi aniqlanmagan. “Xalq tabobati amaliyoti” bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi, yoxud bu faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlovchi biror-bir norma mavjud emas. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, tabibning haqiqiyligi va soxtaligini aniqlovchi mezonning o‘zi mavjud emas. Lekin, xalq orasida azaldan bemorlarni xalq tabobati ananalari, usullari va shifobaxsh giyohlar bilan davolovchi “tabiblari” mavjud bo‘lib, aholi ularga o‘z sog‘liklarini tiklash borasida murojaat qilganlar va qilib kelmoqdalar, ammo mamlakatimizda bu munosabatlar garchi insonlarning hayoti va sog‘ligiga bevosita daxldor bo‘lsada, qonun doirasida tartibga solinmagan. Respublika miqyosida xalq tabobati vakillarining faoliyatini baholashning yagona mezoni yo‘q.

Takliflar: nima qilmoq kerak?

Har qanday huquqiy davlatda eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlar qonunlar orqali tartibga solinadi. Bu qoida O‘zbekiston Respublikasining “Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasida quyidagi tarzda mustahkamlangan. “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o‘tkazish orqali qabul qilinadi”.  Ana shunday eng muhim va barqaror masalalardan biri fuqarolarning salomatligini asrash bilan bog‘liq munosabatlardir. Xalq tabobati usullari va dori vositalaridan mamlakatimiz aholisi iste'molchi sifatida foydalanayotgan ekan, shu bilan birga xalq tabobati sohasi fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga bevosita daxldor ekan, albatta, bu soha qonun doirasida tartibga solinishi kerak.

Zero, JSSTga a'zo 194 mamlakatning 129tasida xalq tabobati rasmiy maqomga ega. Ya'ni qonun doirasida tartibga solingan. Ular ichida Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Hindiston kabi mamlakatlarning qonunchiligi boy tajribaga ega va takomillashgandir. O‘zbekistonda xalq tabobatiga rasmiy maqom berilgan bo‘lmasada, amaliyotda uning samarali usullari va dori vositalari keng qo‘llab kelinmoqda. Bu esa taraqqiy etgan mamlakatlarda yo‘l qo‘yilmaydigan holatdir.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda, hamda sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish orqali rivojlantirish nuqtai nazaridan “Xalq tabobati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ishlab chiqish va qabul qilish hamda amaliyotga joriy etish orqali bu sohani tartibga solish kechiktirib bo‘lmas dolzarb masaladir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘zining a'zo mamlakatlari bilan birgalikda har bir mamlakatning vaziyatiga mos keladigan yagona siyosatni ishlab chiqmoqda.Ushbu harakatlar mevasi o‘laroq bugunga kelib, 130 ga yaqin mamlakatda xalq tabobati rasmiy maqomga ega bo‘ldi. Shunday ekan, xalq tabobati jahon miqyosida ommalashib borayotgan bir paytda, bir tomondan, uning zaruriyatining muvozanatini topish, boshqa tomondan, ham aholining ham tibbiyot xodimlarining xalq tabobatidan samarali foydalanishi uchun imkoniyat yaratib berish lozim.

[1] O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 10 oktabrdagi O‘RQ-59-sonli “Tadbirkorlik sub'yektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq 42-modda o‘z kuchini yo‘qotgan. O‘R QHT, 2006 y., 41-son, 405-modda.

[2] Prof. Umberto Solimene, direktor sentra po sotrudnichestvu v oblasti traditsionnoy meditsiny VOZ, direktor issledovatelskogo sentra po meditsinskoy bioklimatologii, biotexnologii i naturalnoy meditsiny Milanskogo universiteta (Italiya). http://uzbembassy.org.il/news

[3] Strategiya Vsemirnoy Organizatsii Zdravooxraneniya (VOZ) v oblasti narodnoy meditsiny 2014-2023 gg. Izdaniye: VOZ. 16 str. - 2013 god.

[4] Yuridicheskiy status narodnoy meditsiny i komplementarnoy / alternativnoy meditsiny: obzor polojyeniya v mire. Jyeneva, VOZ, 2001g.

[5] Strategiya Vsemirnoy Organizatsii Zdravooxraneniya (VOZ) v oblasti narodnoy meditsiny 2014-2023 gg. Izdaniye: VOZ. 16 str. - 2013 god.

Xonnazarov Ro‘zimuhammad Abdiqahorovich,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi doktoranti, yuridik fanlari nomzodi.

Mavzuga oid