O‘zbekiston | 14:58 / 04.11.2017
19969
4 daqiqa o‘qiladi

MDHga a'zo davlatlar elektr energetika Kengashining 51-yig‘ilishi boshlandi

Foto: Kun.uz

4 noyabr kuni Toshkent shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi elektr energetika Kengashining 51-majlisi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bosh vazir o‘rinbosari Alisher Sultonov boshchiligidagi davlat hokimiyati organlari va milliy energetika kompaniya rahbarlari ishtirok etmoqda. Shuningdek, tadbirda Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan tegishli rahbarlar hamda ishtirok etmoqda.

Majlisni Rossiya Federatsiyasi energetika vaziri, MDH elektr energetika Kengashining prezidenti A.Novak kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonov tabrik so‘zi bilan chiqish qildi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonov / Foto: Kun.uz

«Avvalambor bizning yurtda barcha yig‘ilish ishtirokchilarini ko‘rib turganimdan xursandman. Ta'kidlash joizki, ushbu majlis Toshkent shahrida 25 yilda ilk marotaba tashkil etilmoqda», - dedi u. 

Alisher Sultonov O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan yoqilg‘i va muqobil energetika, tarmoqda texnologik yechimlarni joriy etish borasida hamkorlikka ochiq ekanini bildirib o‘tdi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Saudiya Arabistoni qirolligining energetika, sanoat va mineral resurslar vaziri Holid al-Falih ham ishtirokchilarga tabrik so‘zini yo‘llab, quyidagi fikrni bildirdi:

Saudiya Arabistoni qirolligining energetika, sanoat va mineral resurslar vaziri Holid al-Falih / Foto: Kun.uz

«Tashkilotchi davlat, O‘zbekistonga barcha imkoniyatlarni yaratib bergani uchun minnatdorligimni bildiraman. Biz energetika siyosatini muvofiqlashtirib borishda Rossiya va «5+» doirasida ishtirok etayotgan 24ta davlat rahbarlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. O‘ylaymanki, bugungi yig‘ilish ham bizning pirovard maqsadlarimizga bilvosita ijobiy ta'sir o‘tkazadi. Kengashining 51 majlisini kuzatib borar ekanman, mintaqa mamlakatlari energetika bo‘yicha yakdil ish olib borayotganini ko‘raman. Shu o‘rinda Saudiya Arabistoni energetika sohasida mintaqalararo vositachi bo‘lishga, iqtisodiyotni tutashtirib turuvchi vazifasini bajarayotganini ta'kidlab o‘taman», - deydi saudiyalik vazir.

Majlis kun tartibiga muvofiq, MDHga a'zo davlatlarning energetika tizimini 2017-2018 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta'minlash to‘g‘risida ma'ruzalar tinglandi. Bundan tashqari, tadbiri davomida elektr energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari, jumladan, «MDH doirasida elektr energetika sohasidagi xalqaro shartnomalar, hamda MDH Elektr energetika Kengashining me'yoriy va texnik hujjatlari to‘g‘risida»gi, «Ishchi guruhning energosamaradorlik va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha hujjatlari to‘g‘risida» ko‘rib chiqilmoqda.

Tadbir so‘ngida Kengashning Ijroiya qo‘mitasi raisi Y.Mishuk MDH Elektr energetika Kengashining o‘tgan yil bo‘yicha hisobotini o‘qib eshittirishi kutilmoqda.

Mavzuga oid