Jahon | 09:20 / 05.11.2017
10943
3 daqiqa o‘qiladi

«Hech qaysi diktator bizning imkoniyatlarimizni past baholamasligi kerak» - Tramp

© AFP 2017 / Mandel Ngan

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'lum qildiki, «hech kim, hech qaysi diktator yoki hech qaysi tuzum amerikaliklarning qat'iyligiga past baho bermasligi kerak», chunki amerikaliklar «dunyodagi eng dovyurak jangchilar»dir.

Tramp yakshanba kuni Yaponiya poytaxti Tokio shahri yaqinidagi «Yokota» bazasiga keldi, uning ilk chiqishi Oq uy saytida translyatsiya qilindi.

Amerikalik harbiylar oldida chiqish qilishidan oldin prezidentga general-leytenant Jyerri Martines uchuvchilar kurtkasini kiygizdi va AQSh prezidenti bu libosda juda salobatli ko‘rinayotganini e'tirof etdi. Amerikalik harbiylar prezidentni olqishlashdi.

Prezident nutqi boshida bazada xizmat qilayotgan harbiylarga minnatdorchilik bildirdi, u shuningdek, yaponiyaliklarga ham hurmat bajo keltirdi.

«Biz havoda xo‘jayinlik qilamiz, biz suvda xo‘jayinlik qilamiz, biz quruqlikda ham, kosmosda ham xo‘jayinmiz. Bizda eng yaxshi qurollar. Bizda eng yaxshi odamlar... Sizning sadoqatingiz va omilkorligingiz bizni tarixdagi eng dovyurak xalqqa aylantiradi», degan Tramp.

AQSh prezidenti mamlakat «hech qachon taslim bo‘lmasligi, birovga bo‘yin egmasligi, o‘z himoyasi, o‘z ozodligi uchun ikkilanmasligi» haqida gapirgan. 

«Hech bir diktator, hech qaysi tuzum yoki millat AQShning qat'iyatini past baholamasligi kerak. Bizni o‘tmishda yaxshi baholashmagandi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Tramp Yaponiyaga Osiyo bo‘ylab boshlagan 13 kunlik turnesi doirasida tashrif buyurdi. U yakshanba kunining ikkinchi yarmida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan ishchi uchrashuv o‘tkazadi, keyin ikki siyosatchi golf o‘ynashadi. Saytama prefekturasidagi Kavagoeda bo‘lib o‘tadigan o‘yinda ularga mashhur yaponiyalik golfchi Xideki Matsuyama qo‘shiladi. Dushanba kuni Tramp Yaponiya imperatori huzurida bo‘ladi,  shu kuni yapon-amerika sammiti o‘tkaziladi, keyin Tramp va Abe o‘tmishda shimoliy koreyalik agentlar tomonidan o‘g‘irlangan yapon oilalari bilan uchrashadi.

Yaponiyadan keyin Tramp 6-7 noyabr kunlari Janubiy Koreyada bo‘ladi, 8 noyabr kuni u Xitoyga boradi, 10 noyabrda esa Vetnamga yo‘l oladi, bu yerda Osiyo-Tins okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti o‘tkaziladi, Trampning Osiyoga turnesi 12-14 noyabr kunlari Filippinga safar bilan yakunlanadi.

Mavzuga oid