Jahon | 09:50 / 05.11.2017
105121
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida 11 shahzoda va 4 vazir hibsga olindi. Ular qatorida dunyoning eng boy kishilaridan biri bor

Foto: Fotolia / Swisshippo

Saudiya Arabistonida tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 11 shahzoda va 4 nafar amaldagi vazirni hibsga olish buyrug‘ini berdi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar bermoqda. Shu bilan birga OAVda Milliy gvardiya va harbiy-dengiz flotining nufuzli rahbarlari o‘z lavozimlaridan chetlatilganlari ma'lum qilingan.  

Barcha hibsga olinganlarga korrupsiya, qo‘shib yozish va pullarni yuvish ayblovi qo‘yilgan.

Aksilkorruptsion qo‘mita Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud farmoni bilan tashkil etildi, unga qirolning o‘g‘li Muhammad bin Salmon rahbar etib tayinlangan.

Saudiya Arabistoni qirolining aytishicha, hukumatning yuqori doiralarida noqonuniy boyish uchun “shaxsiy manfaatlarini jamiyatnikidan ustun qo‘yuvchi” odamlar topilgan. Qirolning ta'kidlashicha, shu bilan bog‘liq holda qirollikda “moliyaviy firibgarliklar va hokimiyatni suiste'mol qilishda ayblanuvchilarni hibsga olish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshiriladi”.

Rasman tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida shahzoda Al-Volid bin Talal bin Abdulaziz Ol Saud, 4 noyabrda iste'foga ketkazilgan iqtisodiyot vaziri Odil Fakih va Milliy gvardiya vazirligining sobiq rahbari Mitob bin Abdulloh bin Abdulaziz Ol Saud bor.

© AFP 2017 / Fayez Nureldine

Volid ibn Talal jahondagi eng boy kishilardan biri sanaladi. Uning boyligi 17 milliard dollarga baholanadi. The New York Times ma'lumotiga ko‘ra u Twitter, Citigroup va 21st Century Fox aksionerlaridan biri hisoblanadi. U Bill Geyts, Rupert Merdok va Maykl Blumberg bilan hamkorlikda ishlagan.

Qo‘mitaga korruptsion sxemalar va ularning ishtirokchilariga qarshi kurash doirasida tergovlar o‘tkazish, safarlarni taqiqlash, bank aktivlarini muzlatish va boshqa harakatlarni amalga oshirish huquqi berilgan.

Kuzatuvchilar qo‘mitaning ushbu harakatlarini Saudiya Arabistonining zamonaviy tarixida misli ko‘rilmagan harakatlar deb atashmoqda.

Mavzuga oid