Jamiyat | 22:35 / 08.11.2017
10370
6 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lsozlar jurnalistlarning savollariga javob qaytarishdi

2017 yilning 8 noyabr kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun «Avtomobil yo‘llari: inson manfaatlari yo‘lidagi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar beradi qo‘mita matbuot xizmati

Mustaqillik yillarida respublikamizdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar natijasida umumiy foydalanishdagi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarining mavjud keng tarmog‘i iqtisodiyot va aholi talablariga asosan javob berib, respublika ichidagi va xalqaro avtomobillardagi tashish xizmatlarida xavfsiz transport aloqasini ta'minlashga, yo‘llarning jahon transport tizimiga yanada ko‘proq integratsiyalashuviga xizmat qilmoqda.

2017 yilda amalga oshirilgan islohotlar soha rivojida muhim omil bo‘ldi. Alohida ta'kidlash lozimki, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida — yo‘l infratuzilmasi qurilishi va rekonstruksiya qilinishini davom ettirish, eng avvalo, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, aholi punkti ko‘chalarini kapital va joriy ta'mirlash vazifalari belgilab berilgan.

Avtomobil yo‘llari qurilishi hamda ta'miri sifatiga yondashuv tubdan o‘zgardi. Shu maqsadda — zamonaviy transport qatnovini inobatga olgan tarzda, avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini o‘zida aks ettirgan, avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, ta'mirlash, bu ishlarni moliyalashtirish masalalarini o‘zida qamrab olgan kompleks tizim ishlab chiqildi.

Mamlakatimizning jo‘g‘rofiy joylashuvi — yo‘lovchi va yuklarning tranzit tashishini amalga oshirishda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, dengiz portlari tomon eng qisqa harakatlanuvi uchun ham qulay imkoniyat beradi. 2017 yilda tranzit transportlari uchun muhim qon tomir vazifasini o‘tovchi — zamonaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ularni kompleks ravishda qayta qurish va ta'mirlash yo‘lida aniq tizimli vazifalar amalga oshirildi.

Jumladan, yil oxiricha O‘zbek milliy avtomagistrali tarkibidagi 260 km avtomobil yo‘llari zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan tarzda rekonstruksiya qilinadi. Shu davrga qadar esa umumiy foydalanuvda bo‘lgan 155,2 km avtomobil yo‘llari kapital ta'mirlandi, xuddi shu tasnifdagi 2.350 km avtomobil yo‘llarining ustki qatlamlarida joriy ta'mir o‘tkazish yo‘li bilan ularning ravonligi va o‘tuvchanligi ta'minlandi.

Joriy yilda A380 «G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beynov» avtomobil yo‘lining 165 km qismi,  M39 «Almati–Bishkek–Toshkent–Termiz» avtomobil yo‘lining 30 km, M37 «Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi» avtomobil yo‘lining 15 km qismlari qaytadan ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari A380 «G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beynov» yo‘lida joylashgan Amu–Buxoro kanali ustidagi hamda M39 «Almati–Bishkek–Toshkent–Termiz» avtomobil yo‘lidagi Zarafshon daryosi ustidan o‘tgan yangi ko‘priklar ishga tushirildi.

Alohida qayd etish kerakki, mintaqaviy avtomobil yo‘llarining yo‘l qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish va ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yo‘l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini istiqbolli rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2017 yilning 1 noyabr holatida 3.000 kilometrga yaqin mintaqaviy avtomobil yo‘llari ta'mirlandi, bu esa o‘tgan — 2016 yilning shu davridagiga nisbatan 1.447,0 km ziyodni tashkil etadi.

Yo‘l xo‘jaliklarinining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yilda 215 turdagi zamonaviy yo‘l-qurilish texnikalari hamda 7 ta asfalt-beton zavodlari xarid qilindi.

Shuningdek, avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish va me'moriy-badiiy qurilmalari tizimlarini takomillashtirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadlarda 2018–2020 yillar davomida avtomobil yo‘llari bo‘ylarida 1,6 mln. dona, shahar ko‘chalarida esa 782 ming tup (buning 103 ming tupi poytaxtda) daraxt va butalar ekish ko‘zda tutilmoqda.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda yo‘llarda yangi va zamonaviy yo‘l belgilari, axborot beruvchi ko‘rsatkichlar hamda yuqori kuchlanishdagi (yorug‘lik qaytaruvchi) qoplamalar bilan qoplangan texnik vositalar o‘rnatish borasidagi tadbirlar ham amalga oshirilmoqda. Bu esa kelgusida avtomobil yo‘llaridagi harakat xavfsizligini ta'minlashga hissa qo‘shadi.

Yo‘l sohasidagi yana bir muhim qadam – yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha Davlat inspeksiyasining tashkil qilinganligi qurilish va ta'mir muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga hissa qo‘shadi.

Mavzuga oid