O‘zbekiston | 23:13 / 08.11.2017
23088
2 daqiqa o‘qiladi

KPMG O‘zbekistondagi rasmiy faoliyatini boshlaydi

Foto: Reuters

Dunyodagi eng yirik professional xizmatlar ko‘rsatuvchi tarmoqlardan biri hisoblangan KPMG kompaniyasi tez kunlarda O‘zbekistondagi faoliyatini boshlaydi. Bu haqida KUN.UZ muxbiri kompaniya vakili Aleksey Nazarovning xalqaro davra suhbatidagi so‘zlariga asoslanib, xabar berdi. 

Nazarov O‘zbekistonda investitsion muhitni yaxshilash uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan islohotlarga doir qator fikrlarini bayon etdi. Jumladan, keraksiz nazoratni qisqartirish, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish, foydalanish huquqini nazorat qilish, investitsiya infratuzilmasini o‘zgartirish, joylarda tadbirkorlikni qo‘llash, eksportni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy choralar, Eksim-bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sertifikatlash va ta'lim kabilarga e'tibor qaratdi. 

Ta'kidlash joizki, KPMG — professional xizmatlarni taqdim etuvchi dunyoning eng yirik tarmoqlaridan biri, shuningdek Deloitte, Ernst & Young va PwC bilan bir qatorda Katta to‘rtlikning auditor kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Tuzilmaning xalqaro shtab-kvartirasi Amstelvenda (Niderlandiya) joylashgan. 

Kompaniya auditorlik, soliq va konsultatsion xizmatlar ko‘rsatadi. Rossiya, Ozarboyjon, Armaniston,  Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina kabi mamlakatlarda KPMG'ning bo‘limlari faoliyat yuritadi. 

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev jahon tan olgan KPMG kompaniyasi bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga umid bildirdi. 

Mavzuga oid