Jahon | 19:00 / 08.11.2017
15156
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya armiyasi IShID nazoratidagi oxirgi shaharga yurish boshladi

Foto: SalamNews

Suriya armiyasi IShID qo‘lida qolgan oxirgi shahar — Abu-Kamolni qamal qilishga kirishdi. Bu haqda bugun, 8 noyabr kuni Reuters agentligi Suriya armiyasi bilan ittifoqchilikda harakatlanayotgan shialarning «Hizbulloh» guruhiga yaqin bo‘lgan Al-Manar telekanali ma'lumotiga asoslanib xabar tarqatdi.

Shaharni qamal qilish harakatlari boshlanayotgani haqida 28 oktabr kuni AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya vakili ham ma'lum qilgandi. Koalitsiya rasmiysi, polkovnik Rayan Dillonning so‘zlariga ko‘ra, Iroqda Mo‘sul va Suriyada Raqqa ozod qilingach, Abu-Kamol terrorchilarning so‘nggi tayanch nuqtasiga aylangandi. Shu bilan birga, IShID to‘la mag‘lub etilishi, jangarilar mag‘lubiyatni tan olib taslim bo‘lishi uchun qancha vaqt ketishini aytib bo‘lmaydi.

17 oktabr kuni Vashingtonda IShID poytaxti Raqqa ozod qilingach, AQShning Suriyadagi keyingi harakatlari bo‘yicha rejasi yo‘qligi ma'lum qilingandi. Qayd etilishicha, AQShning eng muhim vazifalaridan biri — Suriyaning sharqiy qismi Damashq yoki Eron nazoratiga qaytmasligini ta'minlash. Bundan tashqari, Vashingtondagilar Suriyada hukumat o‘zgarishi bo‘yicha yakdil fikrga ega emas.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid