Sport | 15:50 / 09.11.2017
34928
9 daqiqa o‘qiladi

Karles Puyol o‘zbek futboli, Messi, Ronaldu, Gvardiola va boshqalar haqida

Karles Puyol o‘zbek futboli, terma jamoa murabbiyligi, Gvardiola va boshqalar haqida

Kataloniyaning «Barselona» klubi va Ispaniya terma jamoasi sobiq himoyachisi, Jahon va Yevropa chempioni Karles Puyol O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkillashtirilgan matbuot anjumanida ham ishtirok etdi. Puyol jurnalistlar, tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlar va muxlislarning ham savollariga javob qaytardi.

— Hammaga salom. Bu yerda bo‘lishimga sababchi bo‘lgan O‘zbekiston futbol Federatsiyasiga rahmat aytmoqchiman. 2008 yil ham O‘zbekistonga kelgandim. Yana bir bor bu yerda ekanligimdan xursandman.

— Xosep Gvardiola «Barselona» bosh murabbiyi bo‘lgan vaqtlarda juda ham talabchan bo‘lgan deyishadi. Masalan uning davrida futbolchilar kechasi ham telefonini o‘chirib qo‘yishi mumkin bo‘lmagan ekan. Pep istasa yarim tunda ham telefon qilib, taktikalarni muhokama qilgan degan gaplar yuradi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Siz bilan shunday qiziqarli voqea sodir bo‘lganmi? 
— Gvardiola ajoyib murabbiy. U bilan ajoyib mavsumlarni birga o‘tkazganmiz. Ayniqsa bir yilda oltita sovrinni qo‘lga kiritgan vaqtimiz barchasi ajoyib edi. Pep Yohan Kroyfdan qolgan o‘yin falsafasini yanada rivojlantirib, yangi bosqichga olib chiqa olgan mutaxassis. Uning tunlari ham futbolchilarga qo‘ng‘iroq qilishi haqidagi gapga keladigan bo‘lsak, yo‘q albatta. Bu gap shunchaki hazil tariqasida tarqalgandi. Odatda men soat kechki soat 23:00da uxlagani yotardim. Agar u qo‘ng‘iroq qilgan taqdirda ham javob bermagan bo‘lardim.

— Murabbiy sifatida ham ish boshlash niyatingiz bormi? Bir kun kelib murabbiy bo‘lsangiz va O‘zbekiston terma jamoasidan taklif tushsa, rozilik berishingiz mumkinmi? 
— Hozircha murabbiylik uchun juda yoshman deb o‘ylayman. Endi 40 yoshga kiryapman. Murabbiylik litsenziyasini hozircha olganim yo‘q. Shu bois murabbiy sifatida ish boshlash haqida ko‘p ham o‘ylab ko‘rmadim. Ammo kelgusida murabbiy sifatida ish boshlasam, balki O‘zbekiston terma jamoasini ham boshqarishim mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi.

— Faoliyatingizning boshidagi muvaffaqiyatlarda Lui van Gaalning muhim o‘rin tutishi haqida aytgandingiz. Boshqa bir intervyuingizda esa Gvardiolani eng kuchli murabbiy deb atagandingiz. Siz uchun ularning qaysi biri qadrliroq?
— Ochig‘i, kimnidir ajratib ko‘rsatish qiyin. Chunki Lui van Gaal men yetuk futbolchi bo‘lib yetishishimga katta hissa qo‘shgan. Aynan u meni asosiy tarkibda tushirib, ishonch bildirishni boshlagandi. Gvardiola bilan esa yutish mumkin mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni qo‘lga kiritganman. Shu bois har ikkisi ham men uchun alohida o‘ringa ega. 

— Ayni vaqtda futbol agenti sifatida ham ishlayapsiz. O‘zbekistondan futbolchilarni Yevropaga tavsiya qila olishingiz mumkinmi? Umuman o‘zbek futbolida kimnidir kuzatib borishga ulgurdingizmi?
— Bilasizmi, biror-bir futbolchini tanlab, uni kuzatib kashf qilish ancha murakkab ish. Ammo bu juda yaxshi faoliyat deya olaman. Masalan, «La-Masiya»da («Barselona» akademiyasi — Tribuna.Uz) yosh futbolchilarni avvalo futbolchi emas, balki yetuk inson bo‘lib yetishishi uchun harakat qilinadi. Ular futbolda muvaffaqiyatga erishmagan taqdirda ham kelgusida biror kimga foydasi tegadigan bo‘lishi kerak. Umuman «Real» yoki «Barselona»da o‘ynash uchun talablar juda qattiq bo‘ladi. Bu jamoalarda to‘p surish uchun doim juda ko‘p mehnat qilishi kerak. Birinchi navbatda shularga amal qilish lozim. Bu esa uzoq yo‘lning boshlanishi bo‘ladi.

— O‘zbekistonga tashrif buyurib bu yerdagi diqqatga sazovor joylarni kuzatishga ulgurdingizmi? Bu yerda sizni nimalar hayron qoldirdi? O‘zbek oshidan tatib ko‘rdingizmi?
— O‘zbekistonga ikkinchi bor kelishim. O‘tgan safar ham, bu safar ham juda qisqa vaqtga keldim. Shu bois mamlakatingizdagi barcha diqqatga sazovor joylarni aylanishga ulgurmadim. Lekin bir narsani aytishim mumkin, dunyoning hech qaysi davlatida O‘zbekistondagi kabi shirin mevalarni yemagandim. Ularning mazasiga gap yo‘q. O‘zbek oshini esa hali yeb ko‘rmadim.

— Himoyachi sifatida har bir o‘yinda hujumchilarga qarshi o‘ynashingizga to‘g‘ri kelgan. Siz qarshi to‘p surgan raqiblardan qaysi hujumchi sizga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan?
— Juda ko‘plab kuchli hujumchilarga qarshi o‘ynaganman. Masalan, Leo Messi mashg‘ulotlar vaqtida menga juda ko‘p qiyinchilik tug‘dirardi. Raqib jamoalardan esa eng xavfli hujumchi Dide Drogba edi. U jismonan baquvvat va tezkor hujumchi edi. Unga qarshi o‘ynash doim og‘ir bo‘lgan. Shuning uchun Drogbani eng xavfli hujumchi deya olaman.

— Eng ko‘p muhokama qilinadigan savolni sizga ham bermoqchiman: Messi yoki Ronaldu? Sizningcha kim kuchli? Ular futbolni tugatgach, kim o‘rinbosar bo‘la oladi, deb hisoblaysiz?
— Hozir biz dunyoning eng kuchli ikki futbolchisi haqida gapirmoqdamiz. Messining har kungi mashg‘ulotlarini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lganman. Uni futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi deb hisoblayman. Ronaldu ham kuchli, yildan-yilga pasayish o‘rniga, o‘yinini kuchaytirib bormoqda. Yaqin kelajakda kim ularning o‘rnini bosishi mumkin degan savolga Neymar deb javob beraman. Ammo o‘ylashimcha, yaqin besh yillarda Messi va Ronaldu o‘rnini boshqalarga berib qo‘yishiga ishonmayman. 

— Sizningcha eng kuchli himoyachi kim? 
— Jyerar Pike. Futbol yildan-yilga o‘zgarib borayotgan bo‘lishiga qaramasdan, uning uslubi barcha o‘zgarishlarga mos tushib kelmoqda. U istalgan uslubdagi jamoaga mos kelishi mumkin bo‘lgan U hujumda ham yaxshi o‘ynay oladi. 

— O‘zbekistonda «Real» va «Barselona» muxlislari fan-klubi tuzilgan bo‘lib, ular «El-klasiko»ni ham birga o‘tirgan holda, bir-biriga hurmat saqlagan holda ko‘rishga o‘rganishmoqda. Umuman bu ikki jamoa muxlislari o‘rtasidagi munosabatga qanday qaraysiz? 
— Dunyoning eng kuchli ikki klubi o‘rtasidagi o‘yinlarda muxlislarning o‘zini tutishi ham albatta juda muhim. Ular juda emotsional bo‘ladi, ammo bu faqat o‘yin davomida qolishi kerak. O‘yin tugagach, barchasi unutilishi lozim. Men har doim «Barselona»ga muxlislik qilganman. O‘yinlarda ham tomoshabin sifatida ham. Ammo o‘yin tugagach, barchasini unutib, raqib jamoadagi do‘stlarim bilan ham o‘yinni muhokama qilib ketaverganman. Futbolda Fair Play birinchi o‘rinda bo‘lishi lozim.

— Toshkentga ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad nimalardan iborat? FIFA bilan bugungi kundagi aloqalaringiz qanday va bu tashrif ularning ham aloqasi bormi? 
— Faoliyatimni tugatgach FIFA tomonidan FIFA legend loyihasida ish taklif qilishdi va bunga rozilik bildirdim. Aynan shu loyiha asosida O‘zbekistonga keldim. Bu yerda ommaviy futbolni rivojlantirish, yosh futbolchilarga master klass o‘tishni rejalashtirganmiz. Umuman FIFA bilan maqsadimiz butun dunyoda futbolning ommaviyligini oshirishdan iborat.

Mavzuga oid