Sport | 13:00 / 12.11.2017
6617
3 daqiqa o‘qiladi

Belfastdan Bazelga ustunlik bilan. Rossiya yo‘llanmasi uchun so‘nggi qadam

Yevropada kunning yana bir uchrashuvi Bazelda bo‘lib o‘tadi. Shveytsariya Rossiya yo‘llanmasini rasmiylashtirish (yoki 99.9 foizlik imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yuborish) yo‘lida Shimoliy Irlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. 

Shveytsariya – Shimoliy Irlandiya
Boshlanish vaqti: 12 noyabr, 22:00
Stadion: «Sent-Yakob Park» (Bazel, Shveytsariya)
Bosh hakam: Feliks Brix (Germaniya)

Pley-offning birinchi uchrashuvida Shimoliy Irlandiya Shveytsariyani o‘z uyida qabul qilishiga qaramasdan, mag‘lubiyatga (0:1) uchradi. Qaysidir ma'noda bu natija ham javob uchrashuviga bo‘lgan qiziqishni kamaytirgan bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra bu uchrashuvda ham intrigadan ko‘ra rasmiyatchilik ko‘proq. Chunki Shveytsariya Rossiyaga borish uchun juda yaqin turibdi.

Birinchi uchrashuvda Shveytsariya terma jamoasi penaltidan kiritilgan gol evaziga g‘alaba qozongan bo‘lsada, umuman bu uchrashuvda g‘alaba qozonishga munosibroq edi. Jamoaning JChga chiqishni ko‘proq xohlayotgani ham ko‘rinib turgandi. Shimoliy Irlandiya terma jamoasi esa o‘z uyida o‘ynashiga qaramasdan, afsuski JChga da'vogarlik qilayotgan terma jamoa o‘yinini ko‘rsata olmadi. Ayniqsa jamoaning o‘yindagi statistikasi juda xunuk ko‘rinish oldi. Bu haqda quyida berilgan faktlarda eslab o‘tilgan.

Uchrashuv oldi qiziqarli faktlar

Saralash bosqichining guruh bahslarida Shveytsariya o‘z uyida o‘tkazgan barcha beshta uchrashuvda ham g‘alaba qozongan.

Ikki jamoa o‘rtasidagi birinchi uchrashuvda Shimoliy Irlandiya terma jamoasi futbolchilar gol urish uyoqda tursin, darvoza tomon birorta aniq zarba bera olmagan.

Shveytsariya terma jamoasi o‘z uyida so‘nggi marta rasmiy uchrashuvlarda 2014 yilning sentabrida mag‘lubiyatga uchragan.

Shimoliy Irlandiya terma jamoasi saralash bosqichining guruh o‘yinlarida San-Marino va Ozarboyjon mehmoni bo‘lgan o‘yinlardagina raqib darvozasiga gol ura olgan, xolos

Taxminiy tarkiblar:
Shveytsariya: Zommer, Lixtshtayner, Shyor, Akandji, Rodriges, Chaka, Zakariyo, Shaqiri, Tsuber, Jyemaili, Seferovich.  
Shimoliy Irlandiya: Makgovern, K.MakLaflin, Makauli, J.Evans, Brant, Norvud, Devis, Sevill, Madjyennis, Uord, Lafferti.

Nima kutish mumkin?

Birinchi uchrashuvdagi ishonchli o‘yin, o‘z uyidagi so‘ngi vaqtlarda ko‘rsatib kelinayotgan chiroyli futbol va muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari ostida Shveytsariya bu uchrashuvning yaqqol favorit sifatida ko‘rinmoqda. O‘z uyida biror karomat ko‘rsata olmagan Shimoliy Irlandiya terma jamoasidan esa, shu kungacha kuzatilmagan ekstra ordinar mo‘'jiza kutishimiz mumkin. Bunga esa ishonish juda qiyin.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid