Jahon | 10:30 / 15.11.2017
14118
4 daqiqa o‘qiladi

Zimbabveda siyosiy tanglik. Mamlakatda harbiylar isyoni boshlandi

Zimbabve poytaxti Xarareda, prezident Robert Mugabe qarorgohi yaqinida otishma ovozlari eshitilmoqda. Bu haqda AFP guvohlarga asoslangan holda xabar tarqatgan.

«Uning uyi yaqinida 30-40 marta o‘q ovozi eshitildi»,— degan janob Mugabening qarorgohiga yaqin hududda yashovchi fuqarolardan biri.

Bundan avvalroq Xarareda bir necha portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar berilgandi.

14 noyabr kuni poytaxtga kirgan harbiylar Zimbabve davlat teleradiokompaniyasini egallashgandi.

Ayni vaqtda mamlakatda davlat to‘ntarilishi boshlangani aytilmoqda.

Foto: General-mayor S.B.Moyo 

Biroq biroz avvalroq harbiylar televideniye orqali chiqish qilib, prezident Mugabe xavfsiz joydaligi, bu harakatlar isyon emasligi, ularning maqsadi prezidentning atrofidagi kishilarga qarshi qaratilgani haqida aytishgandi.

37 yildan buyon Mugabe tomonidan boshqarib kelinayotgan Zimbabveda siyosiy inqiroz shu oy boshida boshlangandi. 6 noyabr kuni Mugabe vitse-prezident, o‘z vorisi sifatida qaraluvchi 75 yoshli Emmerson Mnangagvuni jodugarlar yordamida hokimiyatni qo‘lga olishga urinishda ayblab iste'foga chiqarib yuborgandi.  

Foto: Emmerson Mnangagva / The Herald

Mnangagva va uning tarafdorlari mamlakatdagi hukmron “Zimbabve Afrika milliy ittifoqi – Vatanparvarlik fronti” partiyasiga qarshi yashirin guruh yaratish yo‘li bilan prezidentni hokimiyatdan chetlatishni rejalashtirishgani ma'lum qilindi. Mnangagvu mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Ba'zi nashrlarga ko‘ra, Mugabe o‘z vorisini rafiqasi Greys Mugabening qutqusi bilan haydadi. Keyinroq Greys Mugabe uning o‘rinbosari etib tayinlanishi haqida xabar qilindi.

Foto: Greys Mugabe / Reuters

Oktyabr oyida Mnangagvu 52 yoshli Greysni o‘z joniga suiqasd qilishda ayblagandi. Greys Mugabeni Zanu-PF partiyasining yoshlar qanoti qo‘llab-quvvatlamoqda va u Robert Mugabening o‘rnini egallashi mumkin.

Bu voqealardan keyin Zimbabve Qurolli kuchlari bosh shtabi Konstantino Chivenga Emmerson Mnangagvuning yonini olib chiqdi va prezidentga ultimatum qo‘ydi.

«Agar bizning inqilobimizga tahdid paydo bo‘lsa, biz uni kuch bilan himoya qilamiz»,— degandi u.

Vitse-prezident va uning tarafdorlarini himoya qilib chiqqan armiya boshlig‘i prezidentga 4 talabini ilgari surdi, bu talablardan biri harbiylarni yomonotliq qiluvchi bayonotlarni qaytarib olish haqida edi. U shuningdek, partiyadagi tozalashlarni bas qilishni, navbatdagi s'yezdda qatnashish uchun partiyaning barcha a'zolariga teng imkoniyat taqdim qilishni talab qilgan.

Mugabe bu ultimatumga rasman munosabat bildirmadi. Mugabening tarafdorlari esa prezident uchun o‘limga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

14 noyabr kuni Xarare tomon harbiy kuchlar harakatlana boshlagach, hukumatdagi partiya general Chivengani mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishda aybladi.

Ayni vaqtga kelib Zimbabvega qo‘shni bo‘lgan JAR davlati hukumati bu mamlakatdagi vaziyatdan xavotir bildirgan. Lekin JAR qo‘shni davlat ichki ishlariga aralashmoqchi emas.

Mugabe 1980-1987 yillar mamlakat bosh vaziri lavozimini egallagan. U oxirgi 30 yildan beri mamlakatni muttasil boshqarib kelmoqda. Shu bilan birga u hozirda dunyodagi eng keksa davlat rahbari hisoblanadi.

Almashmas hukmdor: Prezident Mugabe Zimbabveni qay ko‘ylarga soldi?

Mavzuga oid