Sport | 19:00 / 16.11.2017
9926
9 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari. Franchesko Totti: Uy – men uchun butun dunyo

Yigirma yetti yil oldin Rimdagi uyimiz eshigini kimdir qoqdi. Onam – Fiorella eshikni ochdi. Eshik ortida mening futboldagi kelajagim haqida gaplashgani bir guruh futbol agentlari turishardi.

Ular Rimdan emasdilar. Bu darrov sezilgan, ular qizil va qora rangli libosni kiyib olgandilar. Ular meni har qanday narxga bo‘lsa ham o‘z jamoalariga - Milanga olib ketgani kelishgan edi.

Onam qo‘llarini yuqoriga ko‘tardilar. Nima deb o‘ylaysiz, u mehmonlarga nima deb javob bergan bo‘lishi mumkin?

Bilasizmi, agar siz rimlik bolakay bo‘lsangiz, kelajagingiz asosan ikki xil kechadi: siz yo qizil yoki havorangni tanlaysiz. Yo «Roma» yoki «Latsio». Ammo bizning oilamizda faqat birgina tanlov mavjud edi. 

Afsuski, men buvamni deyarli ko‘rmaganman, juda yoshligimda u inson vafot etgandi. Ammo u menga juda katta meros qoldirgandi – «Roma»ga bo‘lgan sevgini. Bobom Janluka klubning ashaddiy fanati bo‘lgan,u bu muhabbatini avvalo otamga singdirgan, otam esa, akam va menga. «Roma» biz uchun oddiy futbol klubi emas, qandaydir muqaddas tushuncha edi, oilamizning bir bo‘lagi, yuragimizning bir parchasi...  

Ochig‘i, biz o‘sha paytlarda, televizorda «Roma» o‘yinlarini ko‘p ko‘rmasdik. 80-yillarda hatto Rimdagi o‘yinlarni televizorda ko‘rish muammo bo‘lgan. Aniq eslayman, yetti yoshimda bir kuni dadam futbol uchun chipta ko‘tarib keldi. Nihoyat men stadiondan turib, «bo‘rilar»ning o‘yinini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lgandim.

Bu tuyg‘uni yana bir bor his qilish uchun ko‘zimni yumishim kifoya. Ranglar, qo‘shiqlar, atrofimdagi o‘zimga, bobomga, dadamga o‘xshab ketadigan muxlislar... Men o‘sha ko‘rganlarimni so‘z bilan ifoda qilib bera olmayman.

Bellissimo.

Faqat shu so‘z keladi xayolimga.

Rimning biz yashaydigan San-Jovanni tomonida hech kim meni futbolsiz ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Yo egnimda yo qo‘limda yoki oyog‘imda futbolni eslatadigan nimadir bo‘lardi. Katta ko‘cha bo‘ladimi, chorrahami, yo‘laklarmi, farqi yo‘q, biz faqat futbol o‘ynardik. Menda bu shunchaki, futbolga bo‘lgan muhabbat emas edi. Kattaroq, kelajagimni, hayotimni futbolga bog‘lash orzusi ham bo‘lgan. Bolalar jamoalarida o‘ynardim, uyimiz devorlarida «Roma»ning o‘sha paytdagi sardori Jannining gazetadan qirqib olingan rasmlari to‘lib ketgan edi. U «Roma»ning timsoli bo‘lgan, u ham biz kabi haqiqiy rimlik bola edi.

Keyin esa, men o‘n uch yoshga kirganimda, yuqorida tilga olganimdek, eshigimiz taqilladi. Ular meni «Milan»ga taklif qilishdi. Italiyaning, dunyoning o‘sha paytdagi eng buyuk klubida faoliyatimni davom ettirishim mumkin edi. Men nima deb javob bera olardim?

Albatta, bu tanlov menga bog‘liq bo‘lmagan.

Uyimizda onam xo‘jayin edi. Hozir ham shunaqa. Nima desam ekan, u hamma italiyalik onalar kabi bizga juda bog‘langan edi. Bizning uydan uzoqda bo‘lishimizni aslo istamas, xavotir olardi.

«Yo‘q, yo‘q», – deb qat'iy javob berdi onam milanliklarga.

Tamom. Mening ilk transferim onam tomonidan rad qilingandi.

Otam meni va akamni dam olish kunlari futbolga olib borardi. Boshqa paytlarda bizga faqat onam mas'ul bo‘lgan. Albatta, «Milan»ga rad javobini berish o‘sha paytlar uchun juda qiyin edi. Shartnoma oilamiz uchun juda katta pul degani edi. Ammo onam o‘sha kuni menga juda katta saboq berdi. Bu darsning mazmuni shunday: uy – hayotdagi eng muhim tushuncha!

Bir necha hafta o‘tib, mening bolalar jamoasidagi bir necha o‘yinlarimni kuzatgan «Roma» taklif bilan chiqdi. Endi men sevimli qizil-sariq libosni kiyadigan bo‘ldim.

Onam buni bilardi. U butun faoliyatim davomida, butun voqealarda oldimda turdi. U mening har o‘yinda maydonga tushishim uchun shu qadar ko‘p narsadan voz kechgan ediki, tasavvur ham qila olmaysiz. Ayniqsa, ilk yillarda oilamizda hayot u qadar oson bo‘lmaganida.

Meni mashg‘ulotlarga yetaklab boradigan ham, o‘yinlar paytida maydon chetida tomosha qilib turgan ham, ba'zan yomg‘ir, ba'zan qorda uch soat, to‘rt soatlab meni kutib o‘tirgan ham onam edi. U bu qiyinchiliklarni his qilmasmidi, deb o‘ylab qolaman ba'zida. Unga faqat bir narsa kerak edi – men orzu qila olishim. Orzularim bir kun amalga oshishi mumkinligiga ishonishim u uchun muhim bo‘lgan, mana shu ishonchning menda paydo bo‘lishi uchun borini bera olgan. 

«Olimpiko»dagi debyutim haqida o‘sha o‘yindan to‘qson daqiqa oldin ham bilmasdim. Klub avtobusida o‘tirar ekanman, bu haqida eshitganimda, g‘alati ahvolga tushib qolgandim. Ertalab uyqudan turganimda ko‘rganim – dunyo butunlay o‘zgarib ketgandek edi. Bilasizmi, «Roma» muxlislari boshqalardan ajralib turadilar. Bu libosni kiydingmi, sen endi bunga munosib ekaningni isbotlashing kerak, xato qilishga haqqing yo‘q.

Maydonga tushib borayotganimda nihoyat o‘z uyim uchun o‘ynayotganimdan g‘ururlana boshladim. Bobom uchun. Oilam uchun.

Keyingi 25 yilda bu munosabat hech qachon o‘zgarmadi.

Albatta, xatolar bo‘lgan. O‘n ikki yil oldin Rimni tark etib, «Real» tarkibiga qo‘shilmoqchi ham bo‘lganman. Dunyoning eng kuchli va muvaffaqiyatli klubi seni o‘z safiga chaqirar ekan, nimanidir o‘zgartirishga, o‘zingni boshqa joyda sinab ko‘rishga ehtiyoj tug‘iladi, buni inkor etmayman. Hatto «Roma» prezidenti bilan ham bu haqida gaplashishgacha bordim. Lekin oilam bilan o‘tgan suhbat mening hayot haqidagi tushunchalarimni eslatdi.

Uy – hamma narsa.

Qirq yil Rim mening uyim bo‘ldi. Futbolchilik faoliyatimdagi 25 yil davomida ham Rim mening uyim edi. Skudettodagi g‘oliblik nashidasimi, Chempionlar Ligasidagi har bir o‘yinmi, o‘zimni Rimning bir bo‘lagi sifatida his qildim, «Roma» ranglarini imkon qadar yuqoriga ko‘tarishga urindim. Bu faxrlansa arziydigan tuyg‘u, menimcha.

Siz meni ma'lum bir yo‘nalishga solib qo‘yilgan bir odam, deb ham o‘ylashingiz ham mumkin. Men Ilariga uylangunimcha, ota-onam yashagan uydan tashqariga ham chiqmaganman. Bilasizmi, bu tarzda uzoq vaqt yashagan odamning sog‘inchi yanada kuchliroq bo‘ladi. Soatlab o‘tkazilgan mashg‘ulotlar, soatlab yechinish xonasidagi suhbatlar, har kuni jamoadoshlarim bilan birga kofe ichib o‘tirish... Har kuni...  bu juda uzoq davom etgan va deyarli har bir kunim bir xil o‘tardi. Shuning uchun ham mening sog‘inchim boshqalarnikiga o‘xshamaydi.

Balkim bir kun klub direktori sifatida bu yerga qaytarman, menimcha o‘shanda ham bu xotiralar o‘sha yerda meni ta'qib qiladi.

Mendan so‘raydilar: nega butun umringni Rimda o‘tkazib yubording?

Rim – mening oilam, mening do‘stlarim, men yaxshi ko‘rgan odamlar. Rim – bu dengiz, tog‘lar va albatta, Rim – bu rimliklar.

Rimning rangi qizil va sariqdan iborat.

Rim men uchun dunyoning o‘zginasi.

Bu klub, bu shahar mening hayotimga aylangan.

Hammasi oddiy.

Franchesko Totti/ThePlayersTribune

Mavzuga oid