Light | 16:15 / 22.11.2017
20152
8 daqiqa o‘qiladi

30 yoshda boylikdan qanday oqilona foydalanish mumkin?

Foto: businessinsider

Inson 30 yoshga kirgach, turmushi oson bo‘lib qolmaydi. Mehnat pillapoyalari, biznes, oila tashvishi, turarjoy xarid qilish, oila a'zolarining ortishi — bu va boshqa omillar kuch va vaqtni olib qo‘yadi. Moliyaviy rejalashtirish bo‘yicha malakali mutaxassis va Beyond Your Hammock firmasi asoschisi Erik Roberg pullarni qanday tasarruf etish bo‘yicha fikrlarini bildirdi. 

Har kuni yuqoridagi muammolarga duch kelgan mijozlarga ko‘mak berar ekanman, pul bilan muammo bo‘lmagan taqdirda ham odamlarning tashvishi yetarli ekaniga amin bo‘ldim. Biroq yotib yeganga tog‘ ham chidamagandek, boylikni ham to‘g‘ri boshqarish uchun bir necha oddiy qoidalarga rioya qilish foydadan xoli bo‘lmaydi. 

1. Imkoniyatingiz yetganidan pastroq sharoitda istiqomat qiling

Foto: AP / Alan Diaz

Ehtimol, siz bu kabi maslahatlarni ko‘p bora eshitgandirsiz. Biroq bu yetarli mablag‘ to‘plash uchun kifoya qilmaydi. Agar oyiga 2000 dollar ishlab topsangiz va 1999 dollar sarflasangiz, texnik jihatdan siz xarajatlaringiz daromadingizdan kam bo‘lishini ta'minlayapsiz va qarz botqog‘iga botmaysiz. Shunga qaramay, bunday hayot tarzi sizni millioner qilmaydi. Boy bo‘lish uchun birmuncha kamtarona hayot tarzini tanlash lozim. Daromadingiz va xarajatingiz o‘rtasidagi farq qancha katta bo‘lsa, siz moliyaviy mustaqil bo‘lish yo‘lidagi maqsadlaringizga shuncha tez erishasiz. 

2. So‘m yoki dollar haqida emas, balki necha foiz daromadingizni jamg‘arib qo‘yayotganingizga e'tibor bering

Foto: Flickr

Aytaylik, sizning bir oylik daromadingiz yuqorida aytganimizdek 2000 dollar. Bunda siz 800 dollarni tejab, sarmoyaga yotqizayapsiz. Bu daromadingizning sezilarli qismi va yaxshi miqdordir. Endi tasavvur qiling, siz oyiga 3000 dollar topa boshladingiz, biroq hamon 800 dollar jamg‘arayapsiz. Tabriklayman, siz o‘zingizni boshqara olmadingiz va daromad ortishi bilan buromadni ham oshirdingiz. Uzoq istiqbolda nafaqat mutlaq mablag‘ miqdori, balki daromaddan keladigan daromad miqdori ham muhim o‘rin tutadi. Agar siz shunga rioya qila olsangiz, daromad oshgani sayin jamg‘arma miqdori ham osha boshlaydi.
 
3. O‘z moliyaviy holatingizni nazorat qilishni unutmang

Foto: Flickr

Shaxsiy moliya ishlarida eng keng tarqalgan xato bu - bo‘layotgan holatga nisbatan faol harakat qilish emas, balki e'tibor berishdir. Aksar kishilar umr bo‘yi oqim bo‘yicha suzadi va nimadir o‘zgara boshlaganda harakat qila boshlaydi. Albatta, hammasi joyida bo‘lgan vaqtda kelajak haqida qayg‘urish oson emas. Siz o‘zingiz istagan, ko‘nglingiz tusagan narsani xarid qila olasiz. Bunday qarashning kamchiligi shundaki, qachondir sizga pul juda ham kerak bo‘lib qolganida, masalan, ko‘chmas mulk xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, sayohat qilish, ishdan ketish yoki nafaqaga chiqishda bank hisob raqamingizda pul bo‘lmaydi. Biz pulni oldi-orqamizga qaramay sovursak, u turmaydi. Joriy moliyaviy holatingizni tahlil qilishga vaqt ajrating. 

4. Pulni ko‘p emas, joyiga sarflang

Foto: Shutterstock

Ko‘pchilik insonlarning fikricha, ularning daromadi qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p sarflashi mumkin. Va bir qarashda ular haq. Gap shundaki, ortiqcha sarf-xarajat sizni baxtli qila oladimi? Har bir kishining baxt o‘lchovi, shubhasiz, turlicha. Shunga ko‘ra, siz xarajatlarni atrofdagilar nima deydi, degan fikrda amalga oshirsangiz, ishonchingiz komil bo‘lsin, sizning boshingiz moddiy muammolardan chiqmaydi. Aytaylik, tanishingiz tropik orolga sayohat uyushtirib, mazza qilib dam olib keldi. Balki siz ham shunday qilsam, yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylarsiz. Balki shunday ham bo‘lar. Ammo biz pulni sarflayotganimizda bilib bilmay atrofdagilarda taassurot uyg‘otishni xohlaymiz. Shunday ekan, avval siz uchun nima zarurligi haqida o‘ylab ko‘ring. Ehtimol bu oiladir yoki nimagadir o‘qishdir. Xarajatlarni qanchalik o‘ylab amalga oshirsangiz, pulingizning har bir tiyiniga ko‘proq foyda ko‘rasiz. 

5. Moliyaviy rejalashtirish mutaxassisiga qachon uchrashish kerakligini ham unutmang

Foto: Shutterstock

Tasavvur qiling, siz-u menga o‘xshash oddiy inson, haftasiga 4-5 kun sport zaliga borishga qaror qildi. U yerga bordik ham deylik. Xo‘sh, undan keyin-chi? Ehtimol biz qanday shug‘ullanishni bilmaganimiz sababli o‘zimizni ortiqcha qiynamasmiz? Buning oqibatida samaraga va maqsadga erishib bo‘lmaydi. Shunday ekan, dastavval foyda beradigan mashqlarni qanchalik og‘ir bo‘lmasin bajarishni o‘rganishimiz kerak. Bundan tashqari, to‘g‘ri ovqatlanish, o‘z vaqtida dam olishni ham yoddan chiqarmaslik lozim. Moliya masalalarida ham shunday fikrlarni aytish mumkin. Kun sayin hammasini to‘g‘ri bajarish murakkablashib boraveradi. Shu bilan birga, oddiy odam nimani qanday bajarish kerakligini har doim ham yaxshi bilavermaydi. Murabbiy sizning sa'y-harakatlaringizni tom ma'noda samarali bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Moliyaviy maqsadlarga erishish va muammolarga barham berishda ham moliyaviy rejalashtirish mutaxassisining yordami katta bo‘ladi. Ular har bir kishiga mos reja ishlab chiqadi. 

6. Yodda tuting, moliyaviy muvaffaqiyat yo‘li juda ham sodda, uni murakkablashtirish kerak emas

Foto: Flickr

Va nihoyat, mening so‘nggi va muhim maslahatim. Murakkablashtirmang. Ko‘plab kompaniyalar va mutaxassislar shaxsiy moliyasini juda murakkab narsadek baholaydi. Shuning barobarida qandaydir o‘z mahsulotini shunchaki sotayotgandek hisoblashadi. Moliyaviy yutuqqa uncha katta bo‘lmagan va juda sodda ishlarni bajarish natijasida erishiladi. Albatta, bir kechaning ichida ulkan boylikka erishib bo‘lmaydi. Bu uzoq muddatli jarayon bo‘lib, biz har doim ham bajara olmaydigan sabr va intizomni talab qiladi. Shunga qaramay, yodda tuting, bir nechta oddiy qoidalarga rioya etish boy bo‘lishga asos bo‘lishi mumkin. Dastavval foydali odatlarni shakllantiring. Tezda pul topish takliflarini rad eting. Boylik kun va oylar emas, aksincha yillar samarasidir. Sizga maslahat kerak bo‘lsa, duch kelgan aksiya sotishni xohlayotgan odamdan emas, balki mustaqil ravishda sarmoya to‘play olgan kishidan so‘rang. Bo‘ldi. Asosiysi, to‘g‘ri harakatlarni kuniga takrorlashdir. Agar siz yo‘lingizdan chalg‘imasangiz, maqsadingizga albatta erishasiz.

Mavzuga oid