Sport | 21:11 / 22.11.2017
20662
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon sportidagi eng qimmatbaho nomlar reytingi taqdim qilindi

Foto: EPA-EFE/GEORGIOS KEFALAS

Shveytsariyalik tennischi Rojyer Federer ketma-ket ikkinchi marta Forbes jurnalining jahon sportidagi eng qimmatbaho nomlar reytingi yetakchisi bo‘ldi. 

Forbes mutaxassislari Federer brendini 37,2 mln. dollarga baholashdi: uning marketingdan oladigan daromadlari (maosh, bonuslar yoki mukofot pullari kirmaydi) eng ko‘p haq oluvchi 10 nafar tennischining bu boradagi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ko‘proqni tashkil qiladi.  

Mavsumni ikkinchi raqamli tennischi sifatida yakunlayotgan Federerning brendi qiymati bir yil avvalgidan 3,3 foiz ko‘proqqa baholangan. Ta'kidlanishicha, uning oxirgi marketing bitimi Barilla kompaniyasi bilan tuzilgan va 5 yilga mo‘ljallangan. Bu bitim tennischiga 40 mln. dollar foyda keltiradi.

Reytingning 2-o‘rnini Milliy basketbol uyushmasi o‘yinchisi Lebron Jyeyms egallamoqda. U Nike, Coca-Cola, Kia Motors va Intel kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. 

3-o‘rinni yengil atletikachi Useyn Bolt 27 mln. dollar bilan egalladi. Sportchi 2017 yilda faoliyatini yakunladi. Oxirgi yil ichida uning xomiylari ro‘yxati Mumm (shampan vinosi), XM (brokerlik kompaniyasi), Kinder, Advil (dori vositasi) va Sprint (AQSh telekommunikatsiya kompaniyasi) hisobiga kengaydi. 

Dunyoning eng katta haq oluvchi futbolchisi Krishtianu Ronaldu yetakchi uchlikka kira olmadi. 4-o‘rinni egallagan Ronalduning marketing daromadlari 21,5 mln. dollarni tashkil qilgan. 2016 yilda Nike kompaniyasi Ronaldu bilan umrbod kelishuv tuzilganini e'lon qilgan. Bu kelishuv 1 mlrd dollarga baholangan. 

Sportdagi eng qimmatbaho nomlar yetakchi o‘ntaligidan shuningdek golfchilar Fil Mikelson, Tayger Vuds va Rori Makilroy, kriketchi Virat Koxli, futbolchi Lionel Messi va basketbolchi Stefen Karri ham o‘rin olgan.

Mavzuga oid