Jahon | 20:00 / 27.11.2017
14233
2 daqiqa o‘qiladi

Afrikalik muhojirlarga akulalar hujum qildi. O‘nlab kishilar halok bo‘ldi

O‘rta Yer dengizida afrikalik muhojirlarga akulalar hujum qilishi oqibatida 31 kishi halok bo‘ldi va 40 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda The Daily Mail Liviya harbiy-dengiz kuchlaridagi manbasiga asoslanib xabar tarqatgan.

Ushbu hodisa 25 noyabr kuni Liviya qirg‘oqlaridan uzoq bo‘lmagan hududda sodir bo‘lgan. Somali, Gana, Nigeriya va Efiopiyadan bo‘lgan 200 nafardan ortiq muhojir O‘rta Yer dengizini ikki qayiqda kechib o‘tib, Italiyaga yetib olmoqchi edi. Lekin qayiqlardan biri cho‘ka boshlagan, shu vaqtda hududda akulalar paydo bo‘lgan.

Voqea joyiga Liviya sohil qo‘riqchilari xizmati yetib kelgan. Ular suvda «o‘nlab» jasadlarni topishgan, hududda 4-5 akula suzib yurgandi. Jasadlarda akulalarning tishlari izlari ko‘rinib turgan.

Qutqaruvchilar 5 soat davomida bedarak ketganlarni izlashi befoyda bo‘ldi. Ikkinchi qayiqdagi 140 kishi Tripolidagi harbiy bazaga qaytarilgan.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, 2017 yilning yanvaridan iyuliga qadar O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga turli mamlakatlardan 103 ming migrant suzib o‘tgan. 2,3 ming kishi dengizda halok bo‘lgan.

Mavzuga oid