Jahon | 10:16 / 02.12.2017
6394
2 daqiqa o‘qiladi

Hondurasda tartibsizliklar, komendantlik soati joriy etildi

Foto: AP

Honduras vazirlar kengashi fuqarolar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlarini to‘xtatib qo‘ydi. Bu prezidentlik saylovlaridan so‘ng ushbu mamlakatni qamrab olgan ommaviy tartibsizliklar fonida yuz berdi, deb xabar qilmoqda Reuters.

Ta'kidlanishicha, hukumat qo‘shinlari va politsiyaga tartibsizliklar, talonchiliklar va protestlarni bosib turish uchun kengaytirilgan vakolatlar berildi.

Bundan tashqari, vazirlar kengashi kotibi Ebal Diasning ma'lum qilishicha, mamlakat hududida komendantlik soati joriy etildi, u o‘n kun davomida amal qiladi.

Hondurasda tartibsizliklar prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalari e'lon qilinganidan so‘ng boshlandi. Namoyishchilar ovozlarni qayta hisob-kitob qilishni talab etishgan, sababi prezidentlik kursisi uchun poygada muxolif nomzod Salvador Nasrullo yuqori farq bilan oldinga o‘tib ketgandi, biroq keyinchalik mamlakatning amaldagi prezidenti Xuan Orlando Ernandes uni ortda qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hondurasda amaldagi prezident o‘zini saylovlarning g‘olibi deb e'lon qilib qo‘ya qolgani xabar berilgandi. U tegishli natijalar e'lon qilinishini kutib ham o‘tirmagan. Meksikaning Financiero portali xabariga ko‘ra, Ernandes ovozlarning 44 foizini olgan, uning asosiy raqibi, muxolif alyansdan nomzod – Salvador Nasrullo esa taxminan 35 foiz. 

Mavzuga oid