Sport | 17:40 / 04.12.2017
31095
10 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt klublari muxlis izlab viloyatga chiqsinmi?

Nomutanosiblik

O‘tgan yili meni sport jurnalisti sifatida «Navbahor» jamoasi va muxlislar uchrashuviga taklif qilishgandi. Birorta yopiq zalda bo‘lib o‘tsa kerak degan fikr bilan Namanganga bordim. Mezbonlar meni to‘g‘ri stadionga yetaklashganidan taajjublandim. Uchrashuvga ellik-oltmish chog‘li odam kelsa kerak deb adashibman. Markaziy stadionning to‘rtta sektori ishqibozlar bilan to‘la edi. 3 mingga yaqin odam to‘planibdi. Futbol ishqibozi stadionga futbol ko‘rgani kelar edi. Yo‘q unday emas... Muxlislarni o‘z jamoasining tashvishlari ham qiziqtirar ekan.

Viloyat hokimligi, turli tashkilotlar vakillari, jamoa bosh murabbiyi kirib kelganida ishqibozlar ularni qarsaklar bilan kutib olishdi. Ikki soat davomida mutasaddilar va jamoa murabbiyi sodiq ishqibozlarning savollariga javob berib turgani guvohi bo‘lganman.

Endi, o‘tgan hafta Andijonda bo‘lib o‘tgan voqeaga to‘xtalsam. Ashaddiy futbol muxlislari meni shahar chetidagi mini-stadionda bo‘lib o‘tadigan futbol uchrashuviga chaqirishdi. Ensam qotganicha: «Mayli shu yigitlarning sazasi o‘lmasin» deb kechki soat 19:00da bo‘lib o‘tadigan o‘yinga yo‘l oldim. Ishonmasligingiz mumkin, lekin tomoshabinlar uchun hech qanday sharoit yaratilmagan mini-stadion atrofi ishqibozga to‘lib ketibdi. Keyin surishtirsam, haftaning har payshanba kuni Andijon, Namangan va Farg‘onaning havaskor jamoalari shu yerda kuch sinashar ekan. Jamoalarning nomlari ham oddiy - «Balon bozor», «Yorto‘la», «Omad», «Gumbaz». Muxlislar: «Bugun falon jamoada «Aqiy» tushadi, narigisida esa «Jyemba» bor» deya o‘yindan bir soat oldin kelib, bahsni kutishdi. Qarangki, ishqibozlar oddiygina mahalla yigitlardan tuzilgan jamoalardagi futbolchilardan qahramonlar yasab ham olibdi. O‘sha kuni uchta o‘yin bo‘lishi kerak edi. Uchinchisi oxiriga yetmadi. Sababi, ichki ishlar xodimlari kelib, tamoshabinlar ketishini so‘radi. Ular haq edi. Chunki, 100 kishidan ko‘p odam yig‘ilgan tadbir – ommaviy tadbir hisoblanadi. Bunday tadbirni o‘tkazish uchun esa alohida ruxsat olish kerak.

Qiziq va javob topish mushkul bo‘lgan jihat. Oliy liga deya atalmush musobaqaning oldi o‘rinlarida turgan jamoalar o‘yiniga stadion to‘ldirgani majburlab muxlis kirgizilsa, oddiy ko‘cha futbolidan muxlislar chiqarib yuborilsa...

Poytaxt futbolining og‘riqli nuqtasi

Poytaxt klublarining birida matbuot kotibi bo‘lib ishlaydigan xodimiga: «Nega klubingiz o‘yinlarida muxlis yo‘q hisobi?» deb savol berib, zo‘r javob olganman. «Aka, Toshkentda teatr, sirk, muzey singari tamoshabop joylar juda ko‘p, shuning uchun». Habba...  Demak, «Manchester Yunayted» o‘ynaydigan Stretfordda, «Real» o‘ynaydigan Madridda ko‘ngilochar joylar tanqis. Ha aytganday, poytaxtimizdagi teatr va muzeylar ham juda to‘lib ketgani yo‘q.

Bu mavzuda juda ko‘p maqola va ko‘rsatuvlar tayyorlangan. Meni esa qaynoq fikrlar bilan «yangi orol» ochish niyatidan uzoqman. Kimdir stadiondagi «muxlislar defitsiti»ga kelishilgan o‘yinlar va hakamlar noxolisligi aybdor deydi. Bor gap. Yana boshqasi klubning ishqibozlar bilan ish olib borishi noto‘g‘ri ekanini aytadi. Yangi 12talik superligada poytaxt va Toshkent viloyatidan 5ta jamoa qatnashishini hisobga oladigan bo‘lsak, mezbonlar ishtirokidagi o‘yinlar alohida - «kimsasiz o‘yingohlar ligasi» bo‘lishi mumkin. Yana bir gap. Har qanday urf ya'ni moda poytaxtdan tarqaladi. Ayting, ayting futbolda bunday bo‘lmasin! Televizor orqali muntazam jonli efirda olib beriladigan o‘yinlar ham faqat mana shu besh jamoaga tegishli ekanini hisobga olsak, o‘sib kelayotgan yoshlarimiz uchun zo‘r - «futbol antitarg‘iboti» bo‘lyapti. Ular yoshlikdan bizning futbolga hech kim qiziqmasligini bilib ulg‘ayayotgani achinarli.

Qiziq, «Nomi ulug‘, stadioni quruq» jamoalar mutasaddilari chempionlik medallari sari urinishdan tashqari, muxlislarni stadionga jalb etishga ham e'tibor qaratsalar bo‘larmidi?..

Tanaffus paytida lotereya tashkil qilish endi almisoqdan qolgan ish. Avtomobil o‘ynaladigan lotereyaga o‘tkazilgach, ikkinchi bo‘limda hech kim qolmaydi. Talabalarni o‘yinga majburan olib kirib, muxlis qila olmaysan. O‘yinlar o‘tadigan vaqtni ishga xalaqit bermaydigan vaqtga to‘g‘rilash biroz haqiqatga yaqin omil, xolos.                                                             

G‘alati tavsiya

Futbol o‘zi g‘alati hodisa. U rostdan ham muxlislar uchun o‘ynaladi. Oldin ham shunday edi, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

«Lokomotiv» joriy mavsumdagi chempionligini nari borsa 500 nafar ishqiboz oldida nishonlagandir. O‘ylantiradigan holat. 2003 yildan beri kuchli beshtalikka kira olmagan «Navbahor»ni shu yutuq uchun qutlagani 9 ming ishqiboz keldi. «Nasaf»ning kumush medalga ega chiqishiku Qarshida chinakam bayramga aylanganiga guvohmiz.

Xorazm, Nukus, Andijon kabi shaharlarda futbolga qiziqish juda katta. Oddiy tavsiya - bu. «Lokomotiv» temir yo‘llar tizimiga qarashli. Xudoga shukr, deyarli barcha viloyatlarimizda temir yo‘l bor. «Loko» bir-ikki yil biror viloyatda mavsum o‘tkazsin. Deylik Nukusda. Ijobiy samara berishi toza gap.

«Bunyodkor» va «Paxtakor»ga alohida takliflar. «Paxtakor»ni - xalq jamoasi deyishadi. Milliy filmlarimizdan bo‘lgan «Tanka» kinofilmida qahramon xalq artisti yoniga kelib «Xalq artistimisan? Sening oldinga xalqing keldi», deydigan joyi bor. Xalq jamoasi dunyo futboli tajribasida bo‘lmagan ishni amalga oshirish imkoniyatiga ega. Andijonda bir-ikki mavsum o‘ynab bersin. Ishoning, oddiy liga o‘yinida stadion to‘lishiga men kafil. Qit'a kubogi o‘yinlarida esa doimiy anshlag bo‘ladi. «Bunyodkor» Nukus yoki Urganchda o‘ynab bersa qanday yaxshi. Axir «Tog‘ yoninga kelmasa, sen toqqa borasan», degan ibora bor. «O‘n ikkinchi o‘yinchi» qanday bo‘lishini shunda bilasiz.

O‘quvchi, siz so‘zlarimni o‘qib miyig‘ingizda kulmang.  Ha, haqiqatda g‘alati tavsiya. Lekin, bu loyiha ham klub uchun ham futbolimiz yana ishqibozlarga juda foyda berishi mumkin. Asosiysi, futbolimiz yutadi. Ahli Shosh futbol ishqibozlari mendan xafa bo‘lmasin-u.. Bu orada poytaxtliklar ham futbolni sog‘inib qoladi. 

Keyingi yil mavsumi boshlanishiga uch oydan ko‘proq vaqt bor. Harakat qilib viloyatlardagi stadionlarni talab darajasiga olib chiqish mumkin.

Bo‘ladigan gap..

Kaminaning yuqorida yozganlarini hohlasangiz jiddiy yoki xomxayol deb qabul qiling, xohishingiz. Esimni tanibmanki, futbol ichidaman. O‘tgan yili oddiy tumanda mahalliy yigitlardan futbol jamoasi tashkil qildik. Avvaliga, ikkinchi liga ya'ni viloyat birinchiligida ishtirok etgan ikkita o‘yinimizga 100-200 nafar muxlis keldi. So‘ng esa qo‘shni tumanlardagi o‘yinlarimizga ishqibozlar uchun uch-to‘rttadan avtobus tashkil qilish zaruriyati tug‘ildi.

«Paxtakor» va «Bunyodkor» poytaxtda o‘z futbol akademiyalari va tizimiga ega. Ular uchun biror viloyatga borib futbol o‘ynash qiyinchilik tug‘dirar. «Poytaxt jamoalari mutasaddilari astoydil urinsa bo‘lmaydimi?» deb o‘ylanib qolaman. Saviyali mutaxassislar bilan to‘rt-beshta tesha tegmagan loyiha orqali bir mavsumda besh-olti ming ishqibozni stadionga keladigan qilib olish nahotki og‘ir ish bo‘lsa?! Halol o‘yna, yut. Muxlislar ko‘ngliga yo‘l top.

Shunda jamoang - stadion haqiqiy futbol ishqibozlari bilan to‘lib, bir jismga aylanganicha quvvatlab tursa qanday bo‘lishini anglaydi. Futbolni bor jozibasi shunda axir.

Mamlakat kubogi final o‘yini ko‘plab bo‘sh o‘rindiqlar bilan o‘tdi. Murabbiylar o‘rindig‘idan chiqqan ovoz bo‘sh o‘rindiqlarga urilib aks-sado berayotgan qup-quruq stadiondagi o‘yin majburan olib kirilgan «ashaddiy fanatlar»ga yarim to‘la o‘yingohda o‘tdi.

Sarlavhada yozilib, keyin batafsil to‘xtalgan fikrim haqida O‘FF va PFL bir o‘ylanib ko‘rsa bo‘lar edi...

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid