Jamiyat | 16:00 / 05.12.2017
41473
4 daqiqa o‘qiladi

Uyidan quvilgan keksa ayol firibgarlik qurbonimidi?

Foto: KUN.UZ

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Xonobod shahrida yashovchi, boquvchisini yo‘qotgan Tamara Grigorevadan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, 76 yoshli keksa ayol o‘z uyidan quvilgan holda hamshaharining xonadonida ikki yildan beri yashab kelmoqda. Kun.uz muxbiri ana shu masalani o‘rganish maqsadida Andijon viloyatiga yo‘l oldi.

«​1998 yil to‘ng‘ich farzandim Andrey Makarov bedarak yo‘qolib qoldi. Yuqori lavozimlarda bir necha yillik mehnatdagi asab buzilishlar, oiladagi kutilmagan fojia tufayli nafaqaga chiqishga qaror qildim. Shu payt ruhiy holatim yomonlashib, Andijon viloyati psixonevrologiya dispanseriga murojaat qilishga majbur bo‘lganman. Shu davrdan boshlab, men dispanserning «D» nazoratida turaman»​, deb so‘z boshlaydi u.

Tamara Fedorovnaning aytishicha, sog‘lig‘i tiklanib, hayoti bir maromga tushgan paytda, uning ikkinchi o‘g‘li ham bevaqt olamdan ko‘z yumdi. 2006 yil Tamara opa qaytadan psixonevrologiya dispanseriga murojaat qiladi. Bunday qayg‘u onani batamom holdan toydirib, dard to‘la qalbini larzaga solgandi. Oxirgi marta dispanserda muolaja qabul qilgan Tamara opaga hamshahari Pazilova Nargizaning psixiatriya shifoxonasida ishlaydigan onasi hamrohlik qiladi.

Shundan so‘ng, ona va bola keksa ayolning ishonchiga kirib, u bilan birga yashay boshlaydi.

«Avvaliga, menga g‘amxo‘rlik qilishini, parvarishlab, sog‘lig‘im haqida qayg‘urishini aytganda, hamma so‘zlariga ishongandim. Shu ma'noda notariusga olib borib, vasiylik qilishi uchun hujjatga imzo chekishimni so‘radi. Keyinroq ma'lum bo‘ldiki, bu uy-joy oldi-sotdi shartnomasi bo‘lib, go‘yoki men xonadonimni Nargizaga sotganman. Haqiqatdan xabar topganimda, ular menga nisbatan muomalasini o‘zgartirdi», deydi u.

Kelib chiqqan nizo yuzasidan sud masalani o‘rganib, ushbu oldi-sotdi shartnomani haqiqiy, deb topgan. Ammo, Tamara Grigoreva vafotiga qadar shu uyda yashashi qarorda ko‘rsatib o‘tilgan. Mos ravishda, xonadon sobiq egasining doimiy propiska uy daftaridan chiqarib yuborilmagan.

«Men pensiya pulini olishim bilan barchasini Nargizaning qo‘liga tutqizardim. Shunga ham ko‘nib yashadim, lekin u menga nisbatan uy qamog‘ini tashkil etib, do‘pposlab urishi - uydan qochib chiqishimga sababchi bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im va kenja farzandimni ko‘mdim, katta o‘g‘lim bedarak yo‘qolib qoldi, men endi qayga boraman. Axir bir dona uyimni sotish mantiqsizlik-ku. Nargiza va onasidan bir tiyin ham olmaganman. Hokimlikka murojaat qilsam, meni qariyalar uyiga topshirib yuborishini aytadi», deya ko‘z yoshlari bilan hikoyasini tugatadi u.

Ayni paytda ikki yildan buyon Tamara opani uyida parvarishlab o‘tirgan Odina opa uning so‘zlarini tasdiqlab shunday deydi:

«IIB boshlig‘i, Xotin-qizlar qo‘mitasi, barchasining xabari bor. Bayram yo oddiy kunda kimdir kelib, holimizdan so‘ramaydi. Shu kampirni Nargiza uyga qamab qo‘ygan paytlari, eshigini ochishga hech kimning haddi sig‘madi. Ochiq-oydin firibgarlik yo‘li bilan egallangan uyda Tamara opaning kiyimlari, mebel va jihozlari ham qolib ketgan», deb ta'kidlaydi u.

Kun.uz muxbiri mahalliy hokimlik vakillari bilan uchrashishga bir necha marta urindi. Ammo turli sabab va bahonalarga ko‘ra, ular ish joyida emasligi aytildi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid