O‘zbekiston | 12:10 / 07.12.2017
152961
3 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: O‘zbekistonda 2018 yilga qanday nom berilishi mumkin?

Bugun, 7 dekabr kuni Toshkentdagi «O‘zbekiston» anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qiladi. Ma'lumki, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan respublikamizda 1997 yildan buyon Konstitutsiya kuni bayrami arafasida kirib keladigan yangi yilni nomlash an'anaga aylangan.

Bugun ham ushbu an'anaga muvofiq,  Shavkat Mirziyoyev 2018 yil nomini e'lon qilishi kutilmoqda.

Kun.uz sayti bir kun oldin bu borada so‘rovnoma o‘tkazdi.

Unda o‘quvchilarga 6ta variant taklif etilgandi. So‘rovnomada 6 mingga yaqin kishi ishtirok etdi. Sayt o‘quvchilarining ko‘pchilik qismi 2018 yil O‘zbekistonda «Tadbirkorlar va sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash yili» bo‘lishini istashadi (35 foiz/2 mingdan ortiq kishi). Shuningdek, «Islom madaniyatini yuksaltirish yili» (25 foiz) va «Ta'lim tizimini takomillashtirish yili» (18 foiz) takliflari ham ko‘pchilik tomonidan ma'qullangan. So‘rovnomada «Innovatsion rivojlanish va yuksalish yili» (11 foiz), «Turizmni rivojlantirish yili» (6 foiz) va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili-2» (5 foiz) takliflari bo‘yicha munosabat ham so‘ralgandi. 

1997-2017 yillar oralig‘ida quyidagicha nomlar berilgan:

1997 yil - Inson manfaatlari yili

1998 yil - Oila yili

1999 yil - Ayollar yili

2000 yil - Sog‘lom avlod yili

2001 yil - Onalar va bolalar yili

2002 yil - Qariyalarni qadrlash yili

2003 yil - Obod mahalla yili

2004 yil - Mehr va muruvvat yili

2005 yil - Sihat-salomatlik yili

2006 yil - Homiylar va shifokorlar yili

2007 yil - Ijtimoiy himoya yili

2008 yil - Yoshlar yili

2009 yil - Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili

2010 yil - Barkamol avlod yili

2011 yil - Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili

2012 yil - Mustahkam oila yili

2013 yil - Obod turmush yili

2014 yil - Sog‘lom bola yili

2015 yil - Keksalarni e'zozlash yili

2016 yil - Sog‘lom ona va sog‘lom bola yili

2017 yil - Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

Mavzuga oid