Jamiyat | 16:19 / 08.12.2017
126960
3 daqiqa o‘qiladi

Jahongir bizni tark etdi

Ruh va tana. Ajoyib uyg‘unlik. Bir-biriga jipslashgan, ammo qachondir bir-birini tark etadigan juftlik. Bu ayriliq fonida ona bolasidan, bola otasidan, aka ukasidan, xullas, og‘ir judoliklarga uchragan insoniyat manzarasi qoladi...

Ko‘p bo‘lmadi, joriy yilning 27 noyabr kuni KUN.UZ sayti orqali 2003 yilda tug‘ilgan, ammo og‘ir dard bilan kurashayotgan Jahongir haqida “Hali u bir yigit bo‘lsin, qadamidan chaqmoq chaqnagan...”: saxovatpesha insonlar ko‘magiga muhtoj bolajon haqida” degan maqola e'lon qilingan edi. Gap nima haqida ketayotganini tushundingiz, bir bemor bolaning davolanishiga oz bo‘lsada o‘z hissamizni qo‘shishga undovchi xayriya maqolasi edi u. Ammo...

Jahongir kuni kecha olamdan o‘tdi... Inson har doimgidek Yaratganning oldida ojiz qoldi. U o‘zi istagan paytda, o‘zi istagan ishni bajardi. Taqdiri ilohiy...

Davolanish davri davomida Jahongir ijtimoiy tarmoq orqali shunday deb yozadi: “Mana, bugungi kunimni ham bir amallab o‘tkazdim. Ko‘chaga chiqib kayfiyatim ko‘tarildi. Meni bir narsa qiynayapti: qayyer yaxshi ekan? Hindistonga borishga imkonimiz yo‘q. Bu yerda davolanish esa (Rossiyada – tahr) bir qarasa yaxshi, bir qarasa yomonga o‘xshayapti. Ollohim, o‘zing to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsat: Hindiston yaxshimikan yoki bu yer?..”.

Uning mana bu so‘zlariga e'tibor bering: “...Orzularimdan biri prezident bo‘lish va xalqqa ko‘maklashish. Bemorlarning salomatligi tiklanishi uchun barcha yordamni berish va yurtimni yanada rivojlantirish...”

Jahongirning yozganlarini o‘qir ekansiz, ko‘zingizdan beixtiyor yosh quyiladi. Har ikki gapining birida ota-onasini o‘ylayotgan, ular uchun g‘am chekayotgan bola Allohga nola qiladi, ularning mushkilini oson qilishini so‘raydi.

Jahongirning otasi bizga bildirishiga ko‘ra, yaqin vaqtlar ichida ushbu xayriya aksiyasida yig‘ilgan barcha pullarni bemorlarga tarqatib berishimizda ko‘maklashadi.

KUN.UZ tahririyati nomidan ushbu xayriya aksiyasiga qatnashib, o‘z yordamini ayamagan barchadan minnatdormiz. Barchasi, albatta, yaxshilikka. Biror jon yo‘q-ki, Alloh huzuriga yo‘l olmagan. Jahongirning ota-onasiga sabru jamil, Jahongirga xolis yordam qo‘lini cho‘zganlarga katta minnatdorlik bildirib qolamiz.

Mavzuga oid