Light | 10:52 / 09.12.2017
31480
3 daqiqa o‘qiladi

Mashinani dvigatel bilan to‘xtatishda yoqilg‘i tejash usullari

Foto: Autofocus.ca

Ba'zan ayrim haydovchilar yoqilg‘ini tejash ilinjida ma'lum bir tezlikka erishganidan so‘ng mashina transmissiyasini neytral holatga tushirishiga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. Biroq bu bilan yoqilg‘i tejalishiga umid qilmasa ham bo‘ladi. 

Ammo ko‘plab avtohavaskorlar imkon topdi deguncha, bu usuldan foydalanishga urinadi. Ular shu yo‘l bilan yoqilg‘ini tejayman, deb o‘ylashadi. Ayniqsa, tepalikdan pastga tushishda harakatlanish inersiyasidan qanday foydalanmaslik mumkin, axir? Lekin bu birinchidan xavfli amaliyot bo‘lsa, ikkinchidan yoqilg‘ini tejashni yo‘qqa chiqaradigan ishdir. Lifehacker.ru saytida e'lon qilingan maqola shu haqda. 

Bir qarashda muammo nimada ekanini tushunish qiyin. Mantiqan baholaganda barchasi ishlashi kerak: neytral uzatmada dvigatel ortiqcha zo‘riqmasdan ishlaydi va shunga ko‘ra yonilg‘i sarfi kamayadi. Uzatma boshqa bo‘lganida yoqilg‘i silindrga sepiladi va bekorga sarflanadi. Aslida barchasi aksincha bo‘ladi. 

Siz gaz pedalini qo‘yib yuborganda yoqilg‘ini silindrga sepish shundoq ham to‘xtaydi. Hatto eski karbyuratorli avtomobillarda ham shunday bo‘ladi. Neytral uzatmada esa, motor past aylanmada ishlashda davom etadi, bunda bir soatda motor hajmidan kelib chiqqan holda 2 litrgacha yoki undan ko‘proq benzin sarflanishi mumkin. 

Neytral uzatmada mashina dvigateli o‘chib qolmasligi uchun motor aylanishi daqiqasiga 1 000 aylanmada ushlab turiladi. Dvigatel bilan tormozlashda bu g‘ildiraklar hisobiga amalga oshadi va yoqilg‘i sarflanmaydi. 

Shunday qilib, yoqilg‘i tejash ilinjida, biz yoqilg‘ini sarflayotganimiz oydinlashadi. Bundan tashqari o‘zimizni xavf ostiga qo‘yganimiz ortiqcha. Tepalikdan pastga neytral uzatmada tushayotganda g‘ildiraklarning yo‘l bilan ishqalanishini yomonlashadi, shunga ko‘ra, mashinani boshqarish ham qiyinlashadi. Bundan tashqari, tormozdan ko‘proq foydalanishga to‘g‘ri keladi, bu esa, tormoz kolodkalari qizishiga hamda tormoz tizimining ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. 

Umuman olganda, avtomaktablarda tepalikdan pastga harakatlanayotganda dvigatel bilan tormozlash qoidasi o‘rgatiladi, neytral uzatmaga olish taqiqlanishidan ogoh etishadi. Shunday ekan, bu maslahatlarga amal qilgan maqsadga muvofiq. Bu qoidani buzib, siz foyda ko‘rmaysiz, aksincha yanada qiyin vaziyatga tushib qolishingiz mumkin. 

Safaringiz doimo bexatar bo‘lsin!

Mavzuga oid