Jahon | 19:54 / 10.12.2017
20542
4 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik uchun Nobel mukofoti o‘z egasiga topshirildi

Foto: AFP 2017 / Odd Andersen

Osloda 2017 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofoti Yadroviy qurolni taqiqlash bo‘yicha xalqaro kampaniyaga (ICAN) topshirildi. Mukofotni topshirish marosimi Oslo shahar ratushasida bo‘lib o‘tdi. 

ICAN nomidan mukofotni uning ijrochi direktori Beatris Fin va 1945 yilda Xirosimaning atom bombardimoni vaqtida omon qolgan Setsuko Terlou qabul qildilar.    

ICAN ushbu nufuzli mukofotga yadroviy qurolni taqiqlash yo‘lida ko‘rsatgan jonbozligi uchun munosib topildi.

Tashkilot 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 100 dan ko‘proq davlatning 486 ta jamoatchilik tashkilotini birlashtiradi. 

ICAN ijrochi direktori Beatris Fin marosim ishtirokchilari oldidagi nutqida yadroviy qurolni qo‘llash xavfi bugungi kunda juda yuqoriligini qayd qilib o‘tdi.

“Bugungi kunda yadroviy qurolni qo‘llash xavfi sovuq urush oxiridagidan ham yuqoriroq. Biroq sovuq urushdan farqli ravishda, biz bugun yadroviy qurolga ega bo‘lgan ko‘plab boshqa davlatlar, terrorchilar va kiberhujumlarga to‘qnash kelmoqdamiz”, deb aytdi Fin.

“AQSh qo‘rquvdan ko‘ra erkinlikni, Rossiya barbod qilishdan ko‘ra qurolsizlantirishni, Britaniya tahqirlashdan ko‘ra qonun ustuvorligini, Fransiya terrordan ko‘ra inson huquqlarini, Xitoy mavhumlikdan ko‘ra onglilikni, Hindiston ma'nosizlikdan ko‘ra ma'noni, Pokiston qiyomat qoyimdan ko‘ra mantiqni, Shimoliy Koreya xonavayronlikdan ko‘ra donolikni afzal ko‘ring”, deb qo‘shimcha qilgan Fin.

Marosimdan oldin Fin olinadigan mukofot puli tashkilot faoliyatiga sarflanishini ma'lum qilgandi. Joriy yilda mukofot puli har bir yo‘nalishda 9 mln shved kronini (1 mln dollarni) tashkil qiladi. Tashkilot BMTning yadroviy qurolni taqiqlash konvensiyasi istisnosiz barcha davlatlar tomondan imzolanishiga erishmoqchi.   

Marosimda, shuningdek, Xirosimaning atom bombardimonini boshidan o‘tkazgan Setsuko Terlou ham nutq so‘zladi. 

“Men 13 yoshli qizcha bo‘lganimda, yonayotgan vayronalar ostida qolgach, undan chiqish uchun kurashganman. Men nurga qarab harakatlanganman. Va tirik qolganman. Bugun bizning nurimiz – yadroviy qurolni taqiqlash kelishuvidir. Men bu zaldagi va meni eshitayotgan butun dunyodagi odamlarga Xirosima vayronalarida eshitgan so‘zlarimni qaytaraman: “Yengilma! Davom et! Nurni ko‘rayapsanmi? Unga qarab intil”, deb aytdi Terlou.

Tinchlik uchun Nobel mukofoti Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra Osloda, qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha mukofotlar Stokgolmda topshiriladi. Nobel mukofoti sovrindorlari har yili 10 dekabr – Nobelning vafot etgan kuni mukofotlanishlari belgilab qo‘yilgan. Marosim Osloda boshlanib, Stokgolmda davom etadi. Bu yerda adabiyot, fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo va iqtisodiyot bo‘yicha mukofotlar o‘z egalariga topshiriladi.

Mavzuga oid