Fan-texnika | 10:24 / 11.12.2017
9335
2 daqiqa o‘qiladi

McLaren afsonaviy poygachi Ayrton Senna sharafiga sportkar yaratdi

Foto: McLaren

Britaniyaning McLaren avtokonserni braziliyalik afsonaviy poygachi, fojiali ravishda halok bo‘lgan Ayrton Senna sharafiga nomlangan Senna sportkarini taqdim qildi.

Ta'kidlanishicha, Senna Angliyaning Uoking shahridagi zavodda yig‘iladi. Mashinadan 500 dona chiqarish rejalashtirilgan. Uning narxi 750 ming funt sterlingni tashkil qiladi.

Har bir sotilgan mashinadan Senna tomonidan asos solingan Senna Foundation xayriya tashkilotiga ma'lum mablag‘ o‘tkaziladi. Mashinalar avvaldan o‘z egalarini topib bo‘ldilar.

Foto:  McLaren

Mashina ancha noodatiy dizaynga ega. Muhandislar kuzovning aerodinamik qarshiligini turli usullar bilan kamaytirishga va shu bilan birga sovitish tizimini yaxshilashga harakat qilishgan. Bu superkar aerodinamik quvurda behisob soatlar davomida o‘tkazilgan sinovlar natijasi hisoblanadi. Mashinaning diffuzorlari va aksqanotlari, karbon-keramik tormozlari o‘ziga jalb qiladi, Pirelli P-Zero Trofeo R shinalari esa poyga bolidi kabi trassa bilan ilashish darajasini beradi.

Foto:  McLaren

Salon uglerod toladan ishlangan bo‘lib, orqa ko‘rinish kamerasi, axborot-ko‘ngilochar tizim bilan jihozlangan. Mashinaning yon oynalari ikki qismdan iborat bo‘lib, uning yuqori qismi siljimaydigan, pastki qismi ochiladigan qilib ishlangan. 

Mashinada 4 litrli, 800 ot kuchiga ega, 8 silindrli dvigatel o‘rnatilgan. Mashinaning og‘irligi 1198 kg ni tashkil qiladi. Mashinaning qolgan ko‘rsatkichlari oshkor qilinmagan, biroq ular ham hayratlantirishi aniq. 

Foto:  McLaren

Shuni aytish kerakki, mashinaning yaratilishida marhum poygachining jiyani, avtopoygachi Bruno Senna ham ishtirok etdi.  

Mashina Jyeneva avtosalonida taqdim qilingandan keyin, 2018 yil 3-choragidan boshlab ishlab chiqariladi. 

Foto:  McLaren

Ayrton Senna 3 karra “Formula-1” chempioni, 1994 yil San-Marino Gran-prisi vaqtida fojiali tarzda halok bo‘lgan.