Jahon | 14:46 / 11.12.2017
37313
4 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonning umrbod qamalgan tashqi ishlar vaziri taqdiri nima bo‘ldi? 

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrov Vena shahrida 8 dekabr kuni Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ishtirokchi davlatlari tashqi ishlar vazirlari Kengashining yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida Turkmaniston TIV sobiq rahbari Boris Shixmuradovning taqdiri haqidagi savolga javob qaytardi. Bu inson haqida 15 yildan beri aniq ma'lumot yo‘q.

Turkmen Yurt TV vakili vazirdan Rossiya kuni kecha izsiz g‘oyib bo‘lgan Galina Kucherenko va Turkmaniston TIV sobiq rahbari Boris Shixmuradovning taqdirida ishtiroki etishi ehtimoli haqida savol bergan.

Sergey Lavrovning ta'kidlashicha, Rossiya Turkmanistonning «avvalgi hukumatidan» Shixmuradovning taqdiri bilan qiziqqan, biroq, u bu murojaatga qanday javob qaytarilganiga aniqlik kiritmadi. 

«Shixmuradov nafaqat Rossiya, balki Turkmaniston fuqarosi ham edi. Ikki fuqaroligi bo‘lgan odam qonun yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan qandaydir ziddiyatga borsa, umumiy qabul qilingan muqobilsiz huquqni muhofaza qiluvchi amaliyotda shu narsa ko‘zda tutilganki, uning ishi ayni damda bo‘lib turgan davlat qonunlari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Biroq, biz Turkmanistonning avvalgi hukumatidan uning taqdiri haqida qiziqqanmiz, buni rossiyalik fuqarolar bilan qandaydir inqirozli vaziyat yuzaga kelsa, darhol qilamiz», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

«Kecha yo‘qolgan ayol haqida hech narsani bilmayman. Biroq biz o‘zimizga ma'lum bo‘lgan va Rossiyaning istalgan fuqarosi aralashib qolgan holatlarni hech qachon e'tibordan chetda qoldirmaymiz, bu jahonning qayerida sodir bo‘lishidan qat'i nazar yuz beradi – Turkmanistonmi, AQShmi, Yevropa, Osiyo yoki Afrika mamlakatlarimi», - deya aytib o‘tdi Lavrov.

«Barcha yerda turli holatlar yuz beradi. Hozir bizda, afsuski, ochiqlik va butun dunyo bo‘ylab sayohat qilish imkoniyati bilan birga, fuqarolarning ogohlik darajasi pasaymoqda. Agarda men to‘g‘ri tushunayotgan bo‘lsam, bu ayol hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha nodavlat ish bilan shug‘ullanadi? Men barcha hamkasblarimdan kerakli ma'lumot berishlarini so‘rayman. Biz elchiga turkmanistonlik hamkasblarimizdan uni taqdiri haqida ma'lumot olish bo‘yicha topshiriq beramiz, agarda ular buni bilsa...», - deya xulosa qilgan u.

Boris Shixmuradov Turkmaniston tashqi ishlar vaziri lavozimini 1995-2000 yillarda egallagan. Iste'foga chiqqanidan so‘ng u muxolifat safiga o‘tib ketdi. 2002 yilda uni prezidentga suiqasd qilishda ayblab hibsga olishgan. U umrbod ozodlikdan mahrum etilgan, keyingi taqdiri esa noma'lumligicha qolmoqda.

Hayvonlarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Galina Kucherenko esa joriy yilning 7 dekabr kuni izsiz g‘oyib bo‘ldi. Noma'lum shaxslar guruhi unga tegishli kvartira eshigini buzib kirishgan. Uning ayni damda qayerda ekani noma'lum.

Mavzuga oid