Prezidentning yangi farmoniga sharh berildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr 2017 yil “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini imzoladi. Xo‘sh mazkur hujjatni qabul qilishga nima turtki bo‘ldi, nima uchun qabul qilindi, ushbu farmon ijrosi yuzasidan qanday ishlar amalga oshiriladi? O‘zA agentligida e'lon qilingan farmonga sharhda yuqoridagi savollarga batafsil javob berilgan.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini izchillik bilan takomillashtirish aholi hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda mamlakatda davlat organlarining mazkur sohadagi faoliyati sifatini oshirish, tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishda maqbul shart-sharoitlar va qulayliklar yaratishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, 2017 yil 1 fevraldan Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarining tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha muhim qadam bo‘lib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi. Natijada ushbu markazlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 33 tagacha oshdi.
2017 yil 1 apreldan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilganligi “Doing Business 2018” global reytingidagi “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24-o‘rindan 11-o‘ringa yaxshilashga xizmat qildi.
Shu bilan birga, xalq bilan ochiq muloqot natijalari hamda huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining aholi va tadbirkorlik sub'yektlari ehtiyojlarini to‘liq qanoatlantiradigan sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishida ayrim tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Avvalambor, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimidan faqat tadbirkorlik sub'yektlari foydalanishi mumkin. Bunda fuqarolar hanuzgacha turli davlat organlari va tashkilotlarida hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha murakkab tartib-taomillardan o‘zlari o‘tishga majbur bo‘lmoqdalar.
Qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalari mavjud emasligi, shuningdek, ular idoralararo integratsiya qilinishining past darajada ekanligi vaziyatni murakkablashtirib, barcha davlat xizmatlari majmuasidan qulay va o‘z vaqtida foydalanishni ta'minlash imkonini bermayapti.
Bundan tashqari, ko‘pchilik davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tartib-taomillari fuqarolar uchun murakkab va foydalanish uchun qiyin bo‘lib qolmoqda, ularning narxini shakllantirish mexanizmlari esa shaffof emas. Natijada alohida hollarda tor idoraviy manfaatlarning yuzaga kelishiga olib kelgan.
Ayrim hollarda fuqarolar davlat organlariga murojaat qilishda asoslantirilmagan moliyaviy xarajatlarga duch kelmoqdalar, eng avvalo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajadaligi, qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolingan andozalari navbatlar yuzaga kelishiga olib kelmoqda.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishni, shu jumladan real vaqt rejimida masofadan monitoring qilish va jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali nazorat qilish va sifatini baholashning ta'sirchan tizimi mavjud emasligi ushbu xizmatlar sohasida qonuniylikni ta'minlashning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Ko‘rsatib o‘tilgan muammolar aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini ta'minlash, ularni ko‘rsatish bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, aholining davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirish imkonini bermaydi.
Aynan shu munosabat bilan Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkonini tubdan oshirish bo‘yicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyani so‘zsiz amalga oshiruvchi asosiy g‘oyalarni belgilab berdi.
Xususan, mazkur sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishga mas'uliyat yuklangan alohida davlat organi – Davlat xizmatlari agentligi hududiy bo‘linmalari bilan tashkil etildi. Bu amalga oshirilayotgan islohotlarning uyg‘unligi va izchilligini ta'minlaydi, davlat xizmatlarini sifatli bajarish uchun vakolatli organlar va tashkilotlarning javobgarligini oshiradi. Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida boshqaruvni amalga oshirishning aniq tashkiliy-institutsional asoslarini shakllantirish ta'minlanmoqda.
Endilikda “yagona darcha” tamoyili nafaqat tadbirkorlik sub'yektlariga, balki bevosita fuqarolarga ham xizmat ko‘rsatishda amal qiladi. Davlat xizmatchilari bilan bevosita muloqot qilmasdan hamkorlikni ta'minlash aholi uchun davlat xizmatlarini korrupsiya xavfisiz tezkorlik bilan ko‘rsatish imkonini beradi, fuqarolarning kundalik hayotini jiddiy ravishda yengillashtiradi, byurokratiya va sansalorlik holatlarini bartaraf etadi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishda yaqinda tashkil etilgan o‘ziga xos institut – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining faol ishtiroki o‘xshashi bo‘lmagan eng muhim yangiliklardan biri hisoblanadi. Davlat hokimiyatining aholi bilan samarali muloqotini tashkil etish, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning sifat jihatidan yangi tizimini yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynagan mazkur institutlar faoliyatining ijobiy yakunini hisobga olgan holda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasi ularning bevosita muvofiqlashtiruvida bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
O‘z navbatida Xalq qabulxonalari va Davlat xizmatlari markazlari tuman (shahar) miqyosida yagona yaxlit faoliyat olib borib, davlat xizmatlari ko‘rsatishning samarali tizimini shakllantirish imkonini beradi.
Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini samarali tashkil etishdan tashqari, axborot almashinuvi bo‘yicha idoralararo, eng avvalo, elektron hamkorlikning ta'sirchan mexanizmlarini joriy etish mazkur sohada muvaffaqiyatga erishish uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Farmonda Davlat xizmatlari yagona reyestrini tashkil etish, davlat xizmatlarining har bir turi bo‘yicha yagona ma'muriy reglamentlar ishlab chiqish, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarida axborot tizimlari, resurslari, ma'lumotlar bazalari hamda dasturiy mahsulotlarni, shuningdek, apparat-dasturiy majmualarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Bu davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan muhim tamoyilni joriy etish imkonini beradi.
Internet va mobil texnologiyalarning faol joriy etilishi xizmatdan foydalanuvchilar davlat organlariga zarur hollarda borishlari, odatiy hollarda esa xizmatlar masofadan elektron tartibda ko‘rsatilishi bilan bog‘liq g‘oyalarning istiqbolda amalga oshirilishini ta'minlaydi.
Shuningdek, Farmon bilan Davlat xizmatlari markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, davlat xizmatlarining sonini, ayniqsa, fuqarolar uchun bosqichma-bosqich jiddiy ravishda oshirishni hisobga olgan holda xizmatdan foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatiladigan bino va inshootlarni to‘liq yangilashga zarurat mavjud.
Shu munosabat bilan mas'ul idoralarga Davlat xizmatlari markazlarining yangi qiyofasini ishlab chiqish topshirilgan, mahalliy hokimiyat organlari esa Farmon talablarini hisobga olgan holda binolarni bosqichma-bosqich yangilashni ta'minlaydi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan sog‘liqni saqlash, litsenziyalash, soliq, bojxona va boshqa sohalarda jadal sifat jihatidan yaxshilashning muhim mexanizmlari, shuningdek, davlat xizmatlari bo‘yicha mobil ilovalarni ishlab chiqish, xizmatlarni olis joylarga chiqqan holda ko‘rsatish, aholi bilan tezkor aloqalar, rasmiy veb-saytlardagi internet-botlar, ijtimoiy tarmoqlar yordamida qayta aloqaning samarali tizimini tashkil etishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Shuningdek, 2018-2020 yillarda joriy etilishiga qarab Davlat xizmatlari markazlarida “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatiladigan 58 ta davlat xizmatining ro‘yxati tasdiqlandi.
Ularning qatorida uy-joylarning suv ta'minoti, kanalizatsiya, issiqlik ta'minoti va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirishga ruxsatnoma, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish (propiska), ro‘yxatdan chiqarish va hisobga qo‘yish, turli arxiv ma'lumotnomalari, patentlar, guvohnomalar va rasmiy hujjatlar dublikatlarini olish kabi aholining talabi yuqori bo‘lgan xizmatlar mavjud.
Farmon bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishning mutlaqo yangi tashkiliy asoslari joriy etilmoqda, davlat va aholi o‘zaro hamkorligining zamonaviy konsepsiyasiga poydevor qo‘yilmoqda.
Aholi bilan o‘zaro bog‘laydigan yagona joy sifatida Davlat xizmatlari markazlari va Xalq qabulxonalari davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish, fuqarolarning vaqt va moliyaviy xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, ularning davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
14:02 / 16.11.2024
Prezident 9 nafar senatorni tayinladi
12:32 / 22.10.2024
Profta’lim muassasalari texnikumlarga birlashyapti – tizimda qanday o‘zgarishlar bor?
15:14 / 25.07.2024
Toshkent, Buxoro va Namanganda zargarlik markazlari tashkil etiladi
11:12 / 25.05.2024