Light | 16:22 / 21.12.2017
32576
6 daqiqa o‘qiladi

Keksalardan 4 hayotiy saboq

Foto: Getty Images

Great Thanksgiving Listen loyihasi doirasida odamlar o‘z tarixi va shunchaki hayotiy hikmatlari bilan bo‘lishishdi. TED ulardan eng saralarini to‘plab, havola qildi.

1. Og‘ir damlarni yomon ob-havodek qabul qiling: ular ham o‘tib ketadi

Agneta Vule Nyu-Yorkdagi fransuz muhojirlari oilasida tug‘ilgan. U maktabni tugallamay, turmushga chiqdi va kechki ta'lim maktabida o‘rta ma'lumotga ega bo‘ldi, bu vaqtga kelib ayol ikki farzandni tarbiyalayotgan edi. Keyinroq u san'atni o‘rgandi. O‘qituvchilardan biri uning tirishqoqligidan shunchalik ta'sirlanganki, maxsus stipendiyaga uning nomzodini ilgari surgan.

"20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘n yillik notinch kechadi, biroq yodingizda bo‘lsin - barchasi albatta iziga tushadi, - deydi Agneta. - Bu davrda inson juda ko‘p narsani xohlaydi, ko‘p narsaga umid qiladi, muvaffaqiyatga erishish istagi kuchli bo‘ladi va bularning bari qanday tus olishidan tashvish chekadi. Har qanday qiyin vaziyatda qolsangiz ham, hech qachon tushkunlikka tushmang. Ulg‘ayish ob-havo kabi. Har safar bo‘ronga duch kelganingizdan keyin  havo o‘zgaradi va yana quyosh chiqadi".

Foto: Getty Images

2. Odamlar bilan muloqotdan ilhom oling

Bill Jyents jurnalist bo‘lib ishlagan, dunyo bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan, ajoyib jasorat ko‘rsatgan oddiy odamlar haqida maqolalar yozgan. U Hindistonda filning ustidan yo‘lbars yashirinib yotgan maysazor ustiga yiqilishiga oz qolgan, Xorvatiyadagi Bosniya urushi vaqtida esa snayperdan emaklab qochib qutilgan.

Jurnalistdan unga hammadan ko‘p ta'sir o‘tkazgan bir insonning nomini aytish so‘ralganda u Eddi ismli 10 yoshli bolani aytgan. Saraton tufayli bolaning oyog‘ini amputatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.

"U hech qachon yengilmagan, - deydi Bill. - Bir kuni uning uyiga qo‘ng‘iroq qildim, biroq uzoq vaqt unga hech kim javob bermadi. Nihoyat javob keldi. Men "Eddi, men endi go‘shakni qo‘ymoqchi edim, qayerda eding?" dedim. U esa "Bill, men boshqa xonada edim. Yonimda qo‘ltiqtayoqlarim yo‘q edi, shuning uchun telefonga emaklab keldim" deb javob berdi. Men bu suhbat haqida ko‘p o‘ylayman. Ba'zan ishlarimni yarim yo‘lda tashlab qo‘yaman, biroq Eddi haqidagi o‘y-fikrlar yengilmasligimga yordam beradi".

3. O‘z ishingizni moliyaviy ta'minot va odamlar sabab yaxshi ko‘ring

80 yoshli Benni Styuart 7 yoshidanoq ishlashni boshlagan. U qo‘shnilarning topshiriqlarini bajargan, to‘lovni esa tovuq tuxumi shaklida olgan. Keyinroq paxta tergan, farroshlik qilgan, sug‘urta sotgan, oxir-oqibat o‘zini ijtimoiy sohada topgan, keyinchalik esa ruhoniy bo‘lgan.

Bunday xilma-xil ishlarga uni nima undagani haqidagi savolga Benni shunday javob bergan: "Men odamlar bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘raman. Menga yaxshi muloqot qilish qobiliyatiga ega ekanim haqida ko‘p aytishardi. Men ko‘p gapiraman va boshqalar nima demoqchi ekanini tez ilg‘ay olaman. Men doim ko‘rsatmalarga quloq tutish va ularni tez anglay olishimdan faxrlanganman. Ishim meni oilamni ta'minlay olish va avval egalik qila olmagan narsalarni qo‘lga kiritish imkonini berdi".

59 yoshli Evelin Trauzerning tarixi ham shunga o‘xshaydi. U avtomobil zavodlarida ishlagan, dastlab konveyerda, keyin esa payvandlovchi bo‘lib. "Men oilada barchaga maslahat beraman - o‘zingizni ta'minlashni o‘rganing. Hech kimga qaram bo‘lmang, - deydi Evelin. - Men ishga borishni doim yaxshi ko‘rganman. U qiziq bo‘ladimi yoki yo‘q, bu birga ishlaydigan odamlarga ham bog‘liq bo‘ladi".

Foto: Fotolia

4. Sizni to‘g‘ri yo‘naltiruvchi va ilhom baxsh etuvchi ustozlarni toping

73 yoshli Allen Ebert shifokorlik tajribasi haqida so‘zlayotib, "eng asosiy omil munosib ustozga ega bo‘lishda" deb aytgan. "Maktabda bizdan ko‘proq narsa biladigan odamlardan o‘qib-o‘rganamiz. Butun umringiz davomida shunday qilishda davom eting. Doim nimadir o‘rganishingiz mumkin bo‘lgan odamlar bilan muloqot qiling yoki ularning qanday ishlayotgani va maqsadlariga erishayotganini kuzating, - deya maslahat beradi Allen. - Menimcha, biz 95 foiz yaxshi va 5 foiz yomon qarorlar qabul qilamiz. Keyin esa, ulg‘aygan davrimizning aksariyat qismi ana shu 5 foizning asoratlari bilan kurashishga ketadi. Biroq agar sizda to‘g‘ri yo‘naltira oluvchi va ikki karra o‘ylashga majbur qiluvchi odamlaringiz bo‘lsa, kamroq xatoga yo‘l qo‘yasiz".

Mavzuga oid