Jahon | 13:45 / 22.12.2017
3762
2 daqiqa o‘qiladi

Peru parlamenti prezident impichmentini tasdiqlamadi

Foto: Pablo Martinez Monsivais

Bir palatali Peru parlamenti - kongress - payshanba kuni qizg‘in muhokamalardan so‘ng mamlakat prezidenti Pedro Kuchinskining korrupsiya mojarosi bilan bog‘liq impichmentini e'lon qila olmadi. Kuchinskining iste'fosi uchun 78 deputat ovoz berdi, impichment uchun esa 87 nafar deputatning ovozi kerak bo‘ladi. 

Kuchinskining chetlashtirishga doir taklif biryo‘la bir necha parlament guruhlari tomonidan parlamentga kiritilgan edi. Hujjat mualliflarining fikricha, davlat rahbari o‘z bayonotlarida haqiqatning buzilishiga yo‘l qo‘ygan. Bu Braziliyaning Odebrecht qurilish kompaniyasining go‘yoki konsultatsion xizmatlar uchun  prezidentga taalluqli firmalar foydasiga 4,8 million dollarlik to‘lovlari bilan bog‘liq vaziyatga tegishli. 

Impichment muhokamasi deyarli 14 soat davom etdi. Dastlab prezidentning o‘zi so‘zga chiqdi va o‘zining aybsizligini ta'kidladi, shundan so‘ng uning advokati bayonot berdi, bundan tashqari, kongressmenlar – Kuchinskining tarafdorlari va unga qarshilar chiqish qilishdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari kongress binosini kunduzi - muhokamalar boshlanishidan avval tark etgan.

Peru prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u 1992 yilda o‘zi tomonidan asos solingan, moliyaviy konsultatsion xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Westfield Capital kompaniyasining hozirgi faoliyatiga aloqador emas. Keyinchalik kompaniya faoliyati uchun Xerardo Sepulveda javob bergan, Braziliyaning Odebrecht kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalarning bari u tomonidan imzolangan.

Kuchinski Peruning Odebrecht bilan aloqadorlik tufayli noqulay vaziyatda qolgan ikkinchi prezidenti hisoblanadi. Undan avvalgi prezident - Olyanta Umala ham shunga o‘xshash vaziyatda qolgan edi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid