O‘zbekiston | 14:17 / 23.12.2017
20104
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zining faoliyatiga o‘zi baho berishi to‘g‘rimi?» 

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi simpoziumlar saroyida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasiga murojaat qildi. Davlat rahbari hokimlarning vakolatlari haqida ham gapirdi.

“Yana bir muhim vazifa – hokimlarning ijro va vakillik hokimiyati rahbari sifatidagi vakolatlarini alohida-alohida ajratib qo‘yish bilan bog‘liq. Keyingi paytda yurtimizda xalq deputatlari Kengashlarining roli, xalq noiblarining vakolatlari tubdan oshirildi. Siyosiy partiyalarning mahalliy hokimiyat idoralarini shakllantirish borasidagi vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, deputatlik nazorati esa mustahkamlandi. Biroq, ochiq tan olishimiz lozim, hokimlarning ham mahalliy Kengashlarga, ham ijro hokimiyatiga rahbarlik qilishi demokratik prinsiplarga mos keladi, deb bo‘lmaydi. Hech qayerda bunaqa yo‘q. Yo‘q, agar biz haqiqiy ertaga talab qilayotgan bo‘lsak. 

Hammaga ma'lum, hokimlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan mahalliy Kengashlarga hisobotlar taqdim etadi. Kengashlar esa o‘z o‘rnida tegishli qarorlar qabul qiladi. Endi, aytinglar, hisobotini o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan mahalliy Kengashga taqdim qilishi va tasdiqlatishi, o‘zining faoliyatiga o‘zi baho berishi to‘g‘rimi? Sizlar shunga qo‘l qo‘yasizlar-ku 25 yildan beri. Bizda tizim zo‘r, demokratik tizim, deymiz. Men hokim bo‘lib ishlaganman, qaysi birlaring men bilan turib gaplashgansan, hech qaysi demokratiyada yo‘q bu. Hokimni, ijro organni agar deputat talab qilsa, uning raisi deputatlarning ichidan bo‘lishi kerak. Chiq bu yerga tumanni hokimi, nega buni qilmayapsan, deyishi kerak. Unaqasi yo‘q. Hokimni o‘zi chiqib, o‘zining muovinidan so‘raydi hozir. Kim bu qonunni yozgan o‘zi? 

Bu tizim hokimlar va mahalliy Kengashlar vazifalarini samarali bajarishiga salbiy ta'sir etayotganini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Biz kelgusida bu masala bo‘yicha qonunga asoslangan to‘g‘ri yechim topamiz. Hokimlarning hududlarni rivojlantirish, mahalliy byudjyetni ijro etish, kommunal muammolarni hal qilish kabi dolzarb faoliyati ustidan xalqimiz o‘z vakillari orqali tegishli nazoratni amalga oshirishiga imkoniyat yaratib berish bizning eng muhim vazifamiz bo‘lib qolishi zarur. 

Bugungi sharoitda aynan ochiqlik va hisob berish mas'uliyati davlat apparatini samarali shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi. Yaqin kelajakda barcha davlat xaridlarini amalga oshirish va davlat mulkini sotish uchun Internet tarmog‘ida yagona maydon tashkil etish lozim. Bu byudjyet xarajatlarini qisqartirish, davlat mulkini samarali boshqarish va katta moliyaviy mablag‘larni iqtisod qilish imkonini beradi”, - dedi davlat rahbari.  

Mavzuga oid