Fan-texnika | 17:30 / 24.12.2017
18395
2 daqiqa o‘qiladi

Snouden kuzatuvdan himoyalovchi ilovani namoyish etdi (video)

Foto: Reuters

Amerika maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden yangi Haven mobil ilovasini namoyish qildi. Ushbu ilova foydalanuvchilarga uy-joy va mol-mulk dahlsizligini kuzatish imkonini beradi. Bu haqida Freedom of the Press Foundation loyihasi hammuallifi hisoblangan tashkilot saytida xabar berildi.

Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik tizimi jurnalistlar va huquq himoyachilari uchun foydali bo‘lishi mumkin. Ilova qo‘riqlanayotgan maydonga - masalan, mehmonxona nomeriga egasi yo‘qligida begonalar kirishga urinsa, foydalanuvchi tashvish signalini olishiga imkon beradi. 

Ilova qo‘riqlanuvchi uyda mavjud oddiy smartfondagi datchiklar — fotokamera, mikrofon, giroskop, akselerometr, yorug‘lik sensoridan foydalanib, atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni kuzatadi, shuningdek tizimga ulanish harakatini qayd qiladi.  

Shubhali faollik qayd etilgan holatlarda smartfon egasining telefoniga shifrlangan xabar yo‘llanadi; shu vaqtdan boshlab kuzatuv tizimiga ulangan kishi Tor Onion xizmati orqali masofadan kuzatuvni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. 

Ta'kidlanishicha, ilova mutlaqo bepul va ochiq chiqish kodiga ega. Hozirda u beta-test jarayonidan o‘tmoqda. Ishlab chiqaruvchilar sinovchilar, dasturchilar va hamkorlarni loyihaga qo‘shilishga chaqirishmoqda. 

Mavzuga oid