Jahon | 08:03 / 29.12.2017
12525
2 daqiqa o‘qiladi

Zimbabvening sobiq prezidentiga qanday imtiyozlar berilishi ma'lum qilindi

Foto: AP

Zimbabve hukumati mamlakatni 37 yildan ko‘proq boshqargandan keyin iste'foga chiqqan sobiq prezident Robert Mugabega taqdim qilinadigan imtiyozlar haqida rasman ma'lumot berdi. Bu haqda Herald nashri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, sobiq prezidentga kamida 6 nafar tansoqchi, 2 nafardan haydovchi, shaxsiy kotib, yordamchi va ofis xodimi taqdim qilinadi. Mugabe ixtiyoriga Zimbabve poytaxti Xararening istalgan joyida to‘liq jihozlangan idora topshiriladi.

Agar Mugabega shaxsiy qarorgoh kerak bo‘lsa, buning uchun ajratiladigan yer maydoni 5 ming kvadrat metrdan oshmasligi kerak. Uy 5 ta yotoqxona, yana 3 ta yotoqxonaga ega mehmonlar uchun qism, suv havzasi, qorovullar uchun 2 ta xona va 2 ta garajga ega bo‘lishi lozim. Qarorgohda xizmat qiluvchi xodimlar kamida 3 nafar uy xizmatkori, 2 nafardan bog‘bon, oshpaz, ofitsiant va kir yuvuvchidan iborat  bo‘lishi lozim.

Bundan avvalroq, sobiq prezidentga 150 ming dollarlik pensiya tayinlanishi, shuningdek, yana 10 mln dollar bo‘lib-bo‘lib taqdim qilinishi ma'lum qilingandi.

93 yoshli Mugabe harbiylar va mamlakatdagi yetakchi partiya rahbariyati bosimi ostida noyabr oxirida iste'foga ketdi. Uning o‘rnini sobiq vitse-prezident Emmerson Mnangagva egalladi.

Mavzuga oid