O‘zbekiston | 19:00 / 31.12.2017
60516
3 daqiqa o‘qiladi

2017 yil O‘zbekistonda: yilning antiqa sarhisobi

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida mashhur bo‘lgan Troll.uz jamoasi o‘z yo‘nalishida 2017 yil sarhisobini tayyorladi. Unga ko‘ra, qiziqarli va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan hodisalar birma-bir eslab o‘tilgan.

«Yil rekordi va muvaffaqiyatsizligi» nominatsiyasida «O‘zbegim» milliy qadriyatlar festivali yodga olingan. Festival doirasida tayyorlangan megapalov Ginnesning rekordlar kitobiga kirgandi, ammo tadbir davomida tekin tarqatilgan osh va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tashlangan ommaning harakatlari barchani lol qoldirgani ham sir emas. Shuning uchundir, u yilning muvaffaqiyatsizligi sifatida ham tanishtirildi.

22 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 50000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqargandi. Troll.uz​ ushbu hodisani «Yil qulayligi», deb nomlagan. Aslida, shu yilning o‘zida 10000 so‘mlik banknot ham muomalaga chiqarilgandi. 

«Yildagi qayta ko‘rib chiqish» nomiga Toshkent shahridagi to‘siqlarning olib tashlash tashabbusi loyiq, deb topilgan.

«Asr «​Va nihoyat»​i» etib o‘zbek so‘mining xorijiy valyutaga nisbatan qiymati bozor iqtisodiyoti asosida belgilangani e'tirof etilmoqda. Eslatib o‘tamiz, erkin valyuta konvertatsiyasi amaliyotga joriy qilinishi bilan, «parallel olam»dagi narx-navo rasman tan olingandi.

«Yil teatri» esa san'atkorlarning paxta terim mavsumida ishtirok etgani bo‘ldi. Suratda ularning paxta mavsumida tushlik qilishi tasvirlangan.

Barcha ijtimoiy tarmoqlarda Pushkinbozlikni boshlab bergan Navalniyning so‘zlaridan so‘ng, «Yil shoiri» aynan Pushkin, deb topilgan.

«Yil takabburligi» nominatsiyasi GM Uzbekistan kompaniyasiga nasib etdi. Qiziqarlisi, ushbu nom benzin narxini o‘zgartirilganida ham ishlatilgan. Gap shundaki, har ikki holatda ham mutasaddilar mahsulot narxi yaqin kelajakda o‘zgarmay qolishini ta'kidlab, keskin ravishda o‘sishni yashirib kelgandi.

«Yilning eng omadlilari» esa hukumat tarkibidagi eng yosh vazir o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev hamda Fan va texnologiyalar agentligi Bosh direktori o‘rinbosari To‘ychiyev Olimjon e'tirof etilgan. Yodingizda bo‘lsa, 2017 yil 30 iyun kuni aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ushbu kadrlarni lavozimga tayinlagandi.

«Yilning ko‘z qisishi»! O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Dilfuza Jalilovaning televideniye orqali jonli efirda uzatilayotgan «Munosabat» ko‘rsatuvida ko‘z qisishi barchani hayratga solgandi.

Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi «Yil nutqi» bo‘ldi. Nutq deyarli to‘rt soat davom etgan.

Mavzuga oid