Light | 21:40 / 04.01.2018
29312
2 daqiqa o‘qiladi

Uyqusizlikning xavfli asorati haqida ma'lum qilindi

Foto: Amoils

Sent-Luis (AQSh)da joylashgan Vashington Universiteti qoshidagi Tibbiyot maktabi olimlari uyqusiz tunlarning xavfli asoratlari haqida so‘zlab berishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, uyqu yetishmovchiligi Altsgeymer kasalligining rivojlanishiga sabab bo‘lar ekan. Tadqiqot haqidagi ma'lumotlar universitet saytiga joylashtirildi.

Tibbiyot fanlari doktori Rendall Beytmen rahbarligi ostidagi nevrologlar guruhi surunkali uyqusizlikda bosh miyada beta-amiloid oqsili (Altsgeymer kasalligi triggerlaridan biri) konsentratsiyasi keskin ko‘tarilishini aniqladi, bu esa dementsiya rivojiga olib keladi. 

Tajriba davomida ma'lum bo‘lishicha, uyqusiz tundan keyin beta-amiloid darajasi 25-30 foizga me'yordan yuqori bo‘lar ekan. Shuningdek, olimlar bunday ko‘rsatkichlar, qoidaga ko‘ra, genetik jihatdan neyrodegenerativ kasalliklarga moyil kishilarda qayd etilishini qayd etishgan.

"Bu tadqiqot uyquning buzilishi Altsgeymer kasalligining paydo bo‘lish xavfini oshirishini aniq ko‘rsatib beradi, - deydi Beytmen". Ta'kidlash joizki, oqsil ishlab chiqarishni rag‘batlantiruvchi aniq mexanzm hanuz olimlarga noma'lum. Fiziologning so‘zlariga ko‘ra, birgina tungi ziyofat insonning bu kasallikka duchor bo‘lishga olib kelmaydi, albatta. "Biz ko‘proq uyqu bilan bog‘liq surunkali muammolarga ega kishilardan xavotirdamiz", - deya izohlaydi u.

Mavzuga oid