O‘zbekiston | 11:56 / 06.01.2018
26566
4 daqiqa o‘qiladi

Haj safariga talabgorlarni saralash bo‘yicha suhbatlar boshlandi

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

2018 yilda hajga boruvchilarni saralash bo‘yicha suhbatlar bo‘lib o‘tmoqda. Toshkent shahri “Shayx Zayniddin” (Ko‘kcha) masjidida maxsus hay'at talabgorlarni birma-bir suhbatdan o‘tkazmoqda. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari rahbarlari tomonidan har bir arizachining oilasi o‘rganilmoqda, mahalladagi jamoat ishlarida faolligi tekshirilmoqda. Shuningdek, talabgorning islom arkonlarini bajarganligi, haj amallarini bilishi, ushbu muqaddas ibodatga borishdan maqsadi so‘ralmoqda.

Qayd etish kerakki, hajga boruvchilarni suhbatdan o‘tkazish haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng fuqarolar orasida haj amallarini o‘rganish, mahallada jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha komissiyalarga a'zo bo‘lish harakatlari boshlanib ketgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Chorsu bozori yaqinidagi kitob do‘konlarida boshlang‘ich diniy ma'lumot beruvchi kitoblarni sotib olish ayniqsa kuchaygan.

“O‘rnimga boshqa odam boraqolsin”...

“Suhbatga kelganlar kitob varaqlab o‘tirishibdi. Imom berayotgan savollarga tayyorgarlik ko‘rishyapti. Asosan diniy amallarni bilishi, mahallaga qanday foydasi tekkani, oilasida farzandlari nima natijalarga erishgani haqida so‘rashmoqda. O‘zim guvohi bo‘ldim. 40 ga kirgan bir yigit savol-javobdan o‘tolmayman, o‘rnimga boshqa odam boraqolsin, deb ketib qoldi”, - deydi suhbatda qatnashgan fuqarolardan biri.

Bu yilgi haj tadbirlari avvalgi yillarnikidan keskin farq qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017 yil 1 sentabr kuni Xastimom majmuasida ulamolar bilan muloqot chog‘ida hajga har tomonlama munosib insonlarni yuborish bo‘yicha aytgan fikrlaridan so‘ng har bir hududda islomning beshinchi rukni bo‘lgan ibodatni amalga oshirmoqchi bo‘lgan fuqarolar bilan maxsus suhbatlar tashkil qilinmoqda.

“Nochor oilaga 3 xonali uy sovg‘a qildi”

Yoshi keksa otaxon-onaxonlar bilan yengil suhbat qilinmoqda. Ularni ortiqcha savol-javob qilishayotgani yo‘q. Suhbatlar katta majlislar zallarida bo‘lib o‘tmoqda. Hamma savol-javobni o‘zi ko‘rib, bilib turibdi. Har bir talabgor o‘z mahallasining raisi bilan birga qatnashmoqda. Mahalla raisi hajga boruvchining oilasi haqida, mahalladagi faolligi bo‘yicha ma'lumot bermoqda.

“Juda ibratli bir holat bo‘ldi. 50 yoshlar chamasi bir fuqaro bilan suhbat qilishdi. Onasi bilan hajga bormoqchi ekan. Mahallaga qanday foydangiz tekkan, degan savol berishganida: “Qo‘ldan kelgancha harakat qilyapmiz”, deb javob berib qo‘ya qoldi. Shunda mahalla raisi o‘sha fuqaroning mahalladagi nochor oilaga 3 xonali uy sovg‘a qilganini aytib berdi”, - dedi suhbatda qatnashgan fuqaro.

Eng asosiysi, suhbat barchaning ko‘z o‘ngida, shaffof o‘tkazilmoqda. Suhbat natijalari mahalla fuqarolari yig‘ini binosi va masjidlarga osib qo‘yiladi.

Mavzuga oid