O‘zbekiston | 14:00 / 09.01.2018
20616
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi daraja: mehmonxonalar uchun davlat standarti ishlab chiqildi

Sifatga bo‘lgan talab davlat soha standartlari va korxonalar standartlari kabi me'yoriy-huquqiy hujjatlar va me'yoriy-texnik hujjatlarda belgilanadi va qayd etiladi. Bunday standartlarning joriy qilinishi korxonalarning muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishiga xizmat qiladi, deb yozadi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmi sayti.

Turizm faoliyatiga oid obektlarni baholashda ko‘pincha bir qancha nomutanosibliklar aniqlanadi. Ayrim mehmonxonalarda davlat tilini bilmaydigan xodimlar uchraydi, boshqasida — choyshablar risoladagidek taxlanmagan yoki ularning ko‘rinishi talabga javob bermaydi. Ko‘pincha kadrlar xalqaro talablarga javob bermaydi, aqalli birorta xorijiy tilni bilmaydi, mehmonni madaniyat va xushmuomalalik bilan kutib olish ko‘nikmasiga ega emas. Mehmonxonaga berilgan klass ko‘pincha uning asliyatiga mos kelmaydi va hech qanday asosga ega bo‘lmaydi.

Shu sababli standartlar ishlab chiqish turizmni rivojlantirishda ulkan rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi» DUK Oʻz DSt3220:2017 «Turistik xizmatlar. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar» O‘zbekiston Respublikasi davlat standartini ishlab chiqdi. Standart GOST 28681.3–95 va GOST 28681.4-95 kabi eski standartlar bilan mushtaraklashtirilgan va 2018 yil 1 yanvaridan amal qila boshladi. Markaz ushbu standartni qo‘llash bo‘yicha barcha savollarga javob berish va ko‘mak ko‘rsatish uchun tayyor.

Markaz ishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyundagi №355-sonli «Turoperator va mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori muhim rol o‘ynadi. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining «Turizm haqida» va «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish haqida»gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi PF–4861 sonli «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, Prezidentning 2016 yil 2 dekabrdagi PQ–2666 sonli «O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish va inspeksiya nazorati tartibini belgilab beradi.

Markaz ham amaliy, ham nazariy xarakterdagi yordamni ko‘rsata oladi. Davlat turizmni rivojlantirish qo‘mitasi ish uslubini to‘liq o‘zgartirmoqda hamda turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini sertifkatlashtirish tartibi, shuningdek, turistik firmalar faoliyati bo‘yicha taklif va istaklarni joriy etishga tayyor.

Markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat standarti — «Turistik xizmatlar. Mehmonxonalar va shunga o‘xshash joylashtirish vositalari. Sinflashtirish tizimi» davlat standarti loyihasi ishlab chiqilgan va u «O‘zstandart» agentligida tasdiqlanishni kutmoqda. Ushbu standartga binoan ro‘yxati allaqachon shakllantirilgan barcha mehmonxonalar va joylashtirish vositalarining klassifikatsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi.

Xizmat ko‘rsatuvchi personalning kasb mahorati va lavozim yo‘riqnomalaridan xabardorligini baholash alohida ahamiyatga ega. Mutaxassislarning yuqori mahoratisiz ko‘rsatilayotgan turistik xizmatlarning birortasida zarur darajani ta'minlash imkonsiz. Bu borada biz Ispaniya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Koreya, Misr kabi davlatlarning tajribasini o‘zlashtirish kerak. Muhim masala — yangi turdagi mutaxassislar: menejyer, xorijiy tilni biluvchi tadbirkorlarni tayyorlash oldingi planga chiqib kelmoqda. Ko‘rsatilayotgan servis xizmatlarining sifatini yanada yaxshilash, turistlarni jalb qilishning zamonaviy va samarali vositalaridan foydalanish, milliy turistik industriyaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish talab etilmoqda.

Markaz ta'lim, ilmiy, ekologik, sport-sog‘lomlashtirish turizmi kabi turizm yo‘nalishlarini yaratish va ularni rivojlantirish uchun ko‘mak berishga tayyor.

Ayni paytda juda ko‘p savol va masalalar to‘planib qolgan, «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi» DUK ularni yechish uchun seminar tashkillashtirishni rejalashtirmoqda. Seminarning o‘tkazilish sanasi keyinroq ma'lum qilinadi.

Mavzuga oid